22:53 / 24.05.2022
2 714

Shoygu Ukrainaga hujum ataydan sekin olib borilayotganini aytdi

Shoygu Ukrainaga hujum ataydan sekin olib borilayotganini aytdi
Foto: «TASS»
Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga hujumi tinch aholining evakuatsiyasiga imkon berish uchun ataylab sekin olib borilmoqda. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rahbari Sergey Shoygu ma’lum qildi.

«O‘rab olingan aholi punktlaridan odamlarning chiqib ketishi uchun sukunat rejimi e’lon qilinib, gumanitar yo‘laklar yaratilmoqda. Albatta, bu hujum sur’atini sekinlashtiradi, lekin bu tinch aholi qurbon bo‘lmasligi uchun ataylab qilinmoqda», — dedi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va G‘arb davlatlarining Kiyevga harbiy-texnik yordami Moskvaning Ukrainadagi vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qila olmaydi. Shu bilan birga, u Rossiya «maxsus operatsiya»ni Donbass aholisini «genotsid»dan himoya qilish hamda Ukrainaning yadrosiz va neytral maqomini ta’minlash uchun o‘tkazishga majbur bo‘lganini yana bir bor ta’kidladi.

Bundan tashqari, Shoygu Rossiyaning ittifoqchilariga G‘arbdan bosim bo‘layotganini aytdi va Moskva ularga barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. «Rossiya o‘z ittifoqchilariga yuzaga kelayotgan tahdidlarni bartaraf etish va suverenitetni qo‘llab-quvvatlashda zarur yordamni ko‘rsatishda davom etadi», — dedi u.

Rossiya 24 fevraldan beri Ukrainada «harbiy maxsus operatsiya» o‘tkazmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin buni Donbass aholisini «genotsid» dan himoya qilish, shuningdek, qo‘shni davlatni «demilitarizatsiya va denasifikatsiya qilish» zarurati bilan izohlagan. Shu bilan birga, u Moskvaning Ukraina hududlarini bosib olish rejasi yo‘qligini ta’kidlagan. Bosqin boshlanganidan keyin Ukraina Rossiya bilan diplomatik aloqalarini uzdi, mamlakatda harbiy holat va safarbarlik e’lon qildi.

Kreml «maxsus operatsiyasi»ning maqsadlari qatorida Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini «qutqarish»ni sanagan. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainada «millatchilik g‘oyalari namoyon bo‘lishini» taqiqlashga erishish niyati haqida gapirgan. Aprel oyi boshida u Rossiya operatsiyaning tezroq yakunlanishiga umid qilayotganini aytgandi.

Ammo 24 may kuni Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev Rossiya Ukrainadagi harbiy amaliyot topshiriqlarini bajarishda «muddat ortidan quvmayotganini» aytdi. «Natsizmni yo 100 foiz yo‘q qilish kerak, yoki u bir necha yil ichida yanada xunuk shaklda tiklanadi», — dedi u. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov «maxsus operatsiya»ning maqsadlariga erishilganda jangovar harakatlar tugashini bir necha bor aytgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shoygu Ukrainaga hujum ataydan sekin olib borilayotganini aytdi