Aris Messinis / AFP / Scanpix / LETA
Rossiya uch yo‘nalish bo‘ylab hujum qilmoqda va Ukrainaning 10 minglik qo‘shinini o‘rab olishi mumkin. Kiyev qanday javob qaytaradi?
Imkonsiz rejalardan voz kechilgach, Donbassda to‘plangan rus qo‘shinlari tashabbusni qo‘lga olishgan. Ukraina mudofaasi bir necha joyda yorib o‘tilgach, ular Severodonetskdagi yirik guruhni qurshovga olishga intilmoqda. Bu shahar ta’minoti amalda bitta yo‘lga (bu trassa doimiy ravishda o‘qqa tutilmoqda) bog‘liq. Ukraina armiyasi bu hududni topshirishi yoki «Mariupol qismati» takrorlanishi xavfi ostida shaharni himoya qilishda davom etishi kerak.
Rossiya armiyasi Donbass uchun janglar rasman boshlanganidan ikki oy o‘tib, urushning mazkur asosiy yo‘nalishida dastlabki jiddiy natijalarga erishdi. «LXR» va «DXR» kuchlari, «Vagner» yollanma kuchlari hamda RF armiyasi harbiylarining turli yo‘nalishlardagi ko‘plab muvaffaqiyatsiz urinishlaridan keyin nihoyat Lugansk oblastidagi Popasnaya shahri atrofida ukrainlar mudofaasi yorib o‘tildi. Endilikda rossiyalik harbiylar Lugansk oblasti ma’muriy markazi hisoblangan Severodonetsk va Lisichanskda (har birida 100 mingdan oshiq kishi yashaydigan bu ikki shaharni Shimoliy Don daryosi ajratib turadi) joylashgan ukrainlarning 10 ming harbiysidan iborat yirik guruhi ortiga o‘tishgan.
Bu yerda Ukraina armiyasi mudofaasi bir necha o‘choqlardan iborat, butun guruhni Ukrainaning asosiy hududi bilan atigi bitta kichik yo‘l bog‘laydi. Ukrainlar qurshovda qolishi mumkin — bu Mariupoldagidan kattaroq guruh.
Rossiya Donbassda bir necha yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishmoqda. Ukraina qator muhim shaharlarni boy berishi mumkin. RF harbiylari Slovyanskka ham tahdid solmoqda
Liman ostonasida navbatdagi hujumni kutayotgan ukrain harbiylari. Foto: AFP
Ukraina qo‘mondonligi uchun vaziyatni og‘irlashtiradigan holat — Severodonetsk rossiyaliklarning Donbassdagi yagona ilgarilayotgan yo‘nalishi emas (lekin eng xavflisi). Rossiyalik harbiylar shimolda Limanga kirmoqda, ukrainlarning asosiy kuchlari joylashgan Slovyanskka sharqdan hujum qilmoqda. Slovyansk ikki tomon uchun ham muhim g‘oyaviy ahamiyatga ega: ko‘pchilik 2014 yilda ushbu shahar Igor Strelkov otryadi tomonidan egallab olinganida «rus bahori» boshlangan deb hisoblaydi.
Bundan tashqari, ukrainlar qo‘shini qurshovga tushib qolmaslik uchun Svetlodarskni tashlab ketishga majbur bo‘ldi, bu shahardan o‘tgan rossiyaliklar bo‘linmalari ukrainlar mudofaasidagi yana bir muhim nuqta — Bahmutga yaqinlashmoqda. Agar ukrain armiyasi bu yurishlar yo‘lini to‘sib, rossiyalik harbiylarni to‘xtatmasa, asosiy urushning hozirgi bosqichida yirik mag‘lubiyatga uchraydi va katta miqdordagi harbiylaridan ayriladi.
Batafsilroq
- Popasnaya rossiyalik harbiylar va «Vagner» yollanma jangchilari tomonidan 8 may kuni egallandi. Bir necha kun o‘tib shaharga yirik bo‘linmalar, jumladan Pskov havo-desant qo‘shinlari diviziyasi tashlandi (ular avvalroq Kiyev atrofidagi janglarda qatnashgan, keyin Izyum platsdarmida — Popasnaya shimolida paydo bo‘lgan). Ushbu qo‘shimcha kuchlar Popasnayadan surib chiqilgan va katta yo‘qotishlarga uchragan 24-ukrain mexanizatsiyalashgan brigadasi qoldiqlariga hujum qilgan. Brigadaga yordam uchun Lvov mudofaa qismlari otryadlari yuborilishi rossiyaliklar hujumini to‘xtata olmagan.
- Ukraina qismlari chekinishidan foydalangan rus harbiylari Popasnayadan turib turli yo‘nalishlarda yurishlar boshladi: Ukraina qurolli kuchlarining 17-tank brigadasi bo‘linmalarini Gorskoye va Zolotoyeda (u Lisichanskka janubdan kelish yo‘lida) qurshab olish uchun shimoli-sharqqa (Kamishevaxa rayoni); Bahmut — Soledar — Lisichansk trassasi bo‘ylab asosiy ta’minot liniyasini to‘sib qo‘yish uchun shimoli-g‘arbga; va Svetlodarskdagi ukrain guruhiga hujum qilish uchun janubi-g‘arbga.
- Uch yo‘nalishdagi yurishlar ham rossiyaliklar uchun muvaffaqiyatli rivojlandi. Rossiya qo‘shinlari Kamishevaxaning bir qismini egallab, Gorskoye qurshovda qolishi xavfi yuzaga keldi. Bahmutdan trassa Soledar atrofida to‘sib qo‘yildi; Rossiya armiyasi qismlari yo‘lning o‘ziga chiqqani aniq emas, ammo artilleriya zarbalari tufayli u bo‘ylab harakatlanish imkonsiz holatga kelgan. Nihoyat, ukrain harbiylari Svetlodarskni tashlab ketishga majbur bo‘ldi, rus qo‘shini Bahmut atrofiga yetib keldi. Bu shahar — Donbassdagi butun ukrain guruhi uchun muhim logistik markaz hisoblanadi. Uning qulashi Lisichansk va Severodonetskdagi qismlar ta’minoti uzilishini anglatadi.
- Soledar atrofida trassa ustidan nazorat boy berilgach, Lisichansk va Severodonetskdagi ukrain qo‘shini (to‘rt brigada va bir necha alohida qismlar — yuqorida tilga olingan 10 ming kishilik guruh) ta’minoti uchun faqat bir yo‘l, Bahmut — Seversk yo‘nalishi qoldi. Katta ehtimol bilan, rossiyaliklar rejasiga ko‘ra, bu yo‘l operatsiyaning shu davriga kelib allaqachon to‘liq nazoratga o‘tishi kerak bo‘lgan. Buning uchun Shimoliy Donni kechib o‘tish orqali shimoldan Severskdan Lisichanskkacha bo‘lgan front chizig‘i bo‘ylab zarba berish rejalashtirilgan. Ammo daryoni kechib o‘tish uchun bo‘lgan barcha urinishlar rossiyalik harbiylar uchun halokatli yakunlandi. Shimoliy Donning o‘ng sohiliga o‘tgan jangovar guruhlar ukrain artilleriyasi tomonidan yakson etildi va qolgan-qutgan qismlar ortiga qaytib ketdi.
- Endi Rossiya qo‘mondonligi janubdan hujum qilib, Seversk orqali Severodonetskka eltuvchi yo‘lni kesib qo‘yishga urinadi. Nagornoyeda bo‘lib turgan rossiyalik harbiylar bu yo‘lga yetishi uchun 13 kilometr masofa qolgan. Geografik sharoit bunday hujum uchun qulay: rossiyalik harbiylar endilikda Severskdan teparoqda joylashgan va atrofni nazorat qila oladi. Bundan tashqari, ukrain harbiylari bu yerda ikki frontda himoyalanishi talab etiladi: ular rossiyalik harbiylar shimoldan Shimoliy Donni yana kechib o‘tishi mumkinligini hisobga olishi kerak.
- Severodonetsk va Lisichanskdagi vaziyat yomonlashishi davom etmoqda. Severodonetsk (Lugansk oblastining Ukraina nazoratida qolgan qismining vaqtincha ma’muriy markazi va yirik sanoat markazi) Shimoliy Donning so‘l sohilida joylashgan; daryodagi Severodonetsk va Lisichanskni o‘zaro bog‘lovchi asosiy ko‘priklar rossiyaliklarning artilleriya zarbalari bilan majaqlangan, bu qo‘shinlarni ta’minlashni murakkablashtiradi. Lisichanskdagi harbiylarning ham o‘z muammolari bor: ular rossiyaliklar qo‘shini janubdan — Gorskoye va Toshkovki tomondan (rossiyalik kuchlar tomonidan egallab bo‘lingan) bostirib kelishi xavfini hisobga olishi kerak.
- Hozirda Lisichanskdagi, ayniqsa Severodonetskdagi harbiylarni uyushgan holatda Seversk orqali olib ketish imkoni bor-yo‘qligi aniq emas: front ortidagi nazorat ostida qolayotgan yagona yo‘lning o‘tkazish qobiliyati yuqori emas, uni Shimoliy Donning narigi tarafidan turib artilleriyadan o‘qqa tutish mumkin. Katta ehtimol bilan, uyushgan holda chekinishning imkoni yo‘q, shu tufayli ukrain qo‘mondonligi Lichisansk va Severodonetskdagi harbiylarini saqlab qolish uchun Soledar, Bahmut va Seversk mudofaasini zaxira kuchlari bilan mustahkamlashi talab etiladi.
- Muammo shundaki, bu rossiyalik harbiylar hujumini to‘xtatib turish talab etiladigan yagona yo‘nalish emas. Rossiya qo‘shinlari janubroqda Svetlodarskni egallab, Bahmutga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid solmoqda, shimolda esa 79-desant shturm brigadasi himoya qilayotgan Liman qurshovda qolgan, qolaversa (nazariy jihatdan) ruslar Shimoliy Donni kechib o‘tishi hamda Donbassdagi ukrain guruhi bosh shtabi joylashgan Slovyansk hamda Kramatorskka hujum qilishi mumkin.
- Natijada ukrain zaxira kuchlari bir necha yuz kilometrlik front bo‘ylab sochilib ketgan. Ukraina qo‘mondonligi bu regionning hech bir nuqtasida tashabbusga ega emas — hatto Xarkov hududida ham, bu yerda aprel oyi oxiri va may oyi boshlarida Rossiya chegarasi tomon qarshi hujum uyushtirilgandi, endi esa rossiyaliklarning qarshi hujumlarini qaytarishga to‘g‘ri kelmoqda. Ukrainlar guruhi rejalari haqida ishonch bilan faqat shuni aytish mumkinki, qo‘mondonlik Bahmut hududida zaxiralarni to‘plamoqda (ammo bu yerda ham barchasi aniq emas — bu shaharni himoya qilish uchunmi yoki Popasnaya yaqinida qarshi hujumga o‘tish uchun?)
Ukraina Donbassda mag‘lubiyatga uchrashi aniq bo‘lib ulgurdimi?
Unday emas. Rossiya armiyasida ham katta muammolar bor, ruslar ham katta yo‘qotishlarga uchramoqda. Katta maqsadlar bilan yurish qilish (masalan, bir vaqtning o‘zida Ukrainaning sharqdagi butun armiyasini qurshab olish) amalga oshmadi. Lokal muvaffaqiyatlarga frontning boshqa nuqtalari zaiflashuvi evaziga erishildi: masalan, Popasnaya atrofida g‘olib kelish uchun, Rossiya qo‘mondonligi Izyumdan janubdagi zarbdor guruhni qismlarga ajratishga to‘g‘ri keldi (Popasnayaga pskovlik desantchilar aynan shu yerdan ko‘chirib o‘tkazildi).
Ta’minot bo‘yicha muammolar saqlanib qolmoqda: Popasnaya va Bahmut atrofidagi harbiylar (Izyumdagi guruhdan farqli o‘laroq) «DXR» va «LXR» hududi orqali nisbatan xavfsiz ta’minotga tayanishi mumkin, ammo bu yonilg‘i, o‘q-dori va oziq-ovqat osonlik bilan cheksiz miqdorda oldingi chiziqlarga yetkazib beriladi degani emas. Popasnaya atrofida bir necha ta’minot kolonnalari va omborxonalar ukrain artilleriyasi qurboniga aylangan.
Bundan tashqari, rossiyaliklar armiyasiga katta guruhlarni ta’minlash uchun transport yetishmayotgani ko‘rinib qolmoqda. Katta ehtimol bilan, yurishlarning bir qismi shu tufayli to‘xtab qolgan: jumladan, so‘nggi kunlarda rossiyalik harbiylar Kamishevaxada ham, Bahmut — Soledar — Lisichansk trassasida ham ilgarilay olishmadi.
Ukraina nimaga ishonishi mumkin?
Hozirda — zaxira kuchlarni jalb qilish orqali rossiyaliklarning qurshab olish operatsiyasini to‘xtatish yoki Lisichansk va Severodonetskdagi qo‘shinlarni minimal yo‘qotishlar bilan olib ketish mumkin bo‘ladi. Umuman olganda, kurash kuchlarni sarflash shaklida kechishi mumkin, bu borada esa Ukraina muhim ustunliklarga ega: ichki mobilizatsiya va G‘arbdan qurol yetkazib berilishi hajmi ko‘payishi (asosan AQSH hisobiga).
Bu yerda oddiy hisob-kitob:
- Hatto Ukrainaning Severodonetskdagi mag‘lubiyati ham butun urushdagi mag‘lubiyatni anglatmaydi.
- Rossiya qo‘mondonligining rejasi, aftidan, turli yo‘nalishlarda ketma-ket hujum qilishdan iborat bo‘lib, bu orqali ukrain frontini qismlarga ajratib tashlash ko‘zda tutilgan; bunday strategiya qo‘shinlarni yangi yo‘nalishlarga o‘tkazish, ularning ta’minoti uchun logistika tarmoqlari tashkil etish va boshqalarga operativ tanaffuslarni talab etadi. Rossiya armiyasi bu yurish davomida resurslarni sarflar ekan, ukrainlar qo‘mondonligi yangi birlashmalar tuzishga harakat qilmoqda, ular orqali bir necha oydan keyin hujumga o‘tish mumkin bo‘ladi.
Ammo bu reja Kiyevning g‘alabasini kafolatlamaydi. Birinchidan, G‘arb yetkazib berayotgan qurol-yarog‘ hozirga qadar kuchlar muvozanatini sezilarli darajada o‘zgartira olmadi: qurollar hali yetarli emas. Qurol yetkazib berish hajmini keskin oshirish ham (Amerikaning lend-liz qonuni bo‘yicha) bunga imkon berishi fakt emas.
Hozirda ukrain qo‘mondonligi G‘arbdagi hamkorlar bilan birgalikda asosiy muammoga yechim izlamoqda — Rossiya artilleriyasining son jihatdan ustunligi, bu ularga Popasnaya yaqinida yorib kirish va Liman atrofini egallashga imkon berdi. Shu vaqtga qadar, frontga G‘arb mamlakatlarida ishlab chiqarilgan gaubitsalar o‘tkazilishi (bu qurollar o‘q otish masofasi bo‘yicha Rossiya tizimlarining ko‘p qismidan ustunlikka ega) stvollar sonidagi farqni yo‘qqa chiqarishiga umid qilinmoqda. Uzoq masofaga otuvchi gaubitsalar (va boshqariluvchi, nishonga aniq boruvchi snaryadlar) ukrain qo‘shinlariga rossiyaliklar artilleriyasini yakson etishiga yordam berishi mumkinligiga ishonilgan — ammo hozircha bunday bo‘lmayapti.
Nazariy jihatdan vaziyatni MLRS/HIMARS baravar o‘t ochish tizimlari yetkazib berilishi tubdan o‘zgartirishi mumkin, bu qurol 100 va hatto 300 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonni yo‘q qilishga qodir (snaryadlarga bog‘liq). G‘arb razvedkasi va nishonni belgilash vositalari bilan birgalikda ular rossiyaliklar artilleriyasini yakson etishi hamda boshqaruv va ta’minotni izdan chiqarishi mumkin. Ammo bu o‘rinda hajm muhim: Ukraina armiyasi sanoqli vositalar bilan, garchi ular mukammallashgan tizimlar bo‘lsa-da, urushda g‘olib chiqa olmaydi (Rossiya armiyasida ham bunga muqobil qurollar bor). Hujumga o‘tish uchun ularga yuzlab tanklar va artilleriya tizimlari, yuz minglab zamonaviy o‘q-dorilar — va albatta, aviatsiya kerak bo‘ladi.
Bu vaqtda Rossiya qo‘mondonligi yo‘qotishlar o‘rnini zudlik bilan to‘ldirib, safarbarlik tempida ukrainlardan qolishmaslikka harakat qilmoqda: aftidan, «ko‘ngillilar» va Donbassdagi tan olinmagan respublikalardagi zaxira kuchlaridan yangi bo‘linmalar tashkil etilmoqda. Katta ehtimol bilan, ularga eskirgan qurollar berilmoqda (masalan, Melitopolda T-62 tanklari yuklangan eshelonni ko‘rishgan, Rossiya bunday tanklardan avvalgi yillarda Suriyada Bashar Asad armiyasini qurollantirishda foydalangandi). Shu bilan birga, Rossiyada nisbatan keng ko‘lamli safarbarlikka tayyorlanishmoqda: 2022 yil oxiriga qadar 100 mingdan ortiq harbiy xizmatchilarni o‘z ichiga oluvchi yigirmadan ortiq tuzilmalarni tashkil etish — bu bilan ukrainlar mobilizatsiyasiga javob qaytarish rejalashtirilgan. Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...