17:55 / 14.07.2022
1 442

Vinnitsa raketa hujumiga uchradi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda (foto)

Vinnitsa raketa hujumiga uchradi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda (foto)
Foto: Ukraina FVDX
14 iyul kuni Vinnitsa shahri markaziga berilgan raketa zarbalari qurbonlari soni kamida 20 kishini tashkil etmoqda, Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenko qurbonlarning uch nafari bolalar ekanini ma’lum qilgan. Shuningdek, 90 kishi yaralangani ma’lum, 15 kishi bedarak yo‘qolgan.

Raketa zarbasi mahalliy vaqt bilan soat 10:45 da amalga oshirildi, uchta raketa ofislar binosi, Ofitserlar uyi, turar joy binolari va «Yubileyniy» maishiy xizmat ko‘rsatish uyi oldidagi avtoturargohga kelib tushgan.

Foto: Ukraina FVDX
«Zarbaga uchragan joylarda yong‘in yuzaga kelgan, olov avtoturargoh bo‘ylab tarqalgan. Ayni vaqtda 50 ga yaqin avtomobil yonmoqda. Qutqaruvchilar olovni o‘chirishga urinmoqda», deyiladi shahar kengashi ma’lumotida.

Ukraina havo kuchlari qo‘mondonligi vakili Yuriy Ignatning so‘zlariga ko‘ra, Vinnitsaga uchta «Kalibr» rusumli qanotli raketalar bilan zarba berilgan. Uning aytishicha, raketalar Qora dengiz akvatoriyasidagi suvosti kemasidan uchirilgan, ikkita raketani Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi to‘xtatib qolgan.

Prezident Zelenskiy Vinnitsaning o‘qqa tutilishini «ochiq terrorchilik akti» deb atadi.

«Rossiya har kuni tinch aholini yakson etmoqda, ukrain bolalarini o‘ldirmoqda, raketalarini hech qanday harbiy bo‘lmagan fuqarolik ob’ektlariga yo‘naltirmoqda. Bu ochiqchasiga terrorchilik hujumi bo‘lmasdan yana nima? Yovvoyilar. Qotil-mamlakat. Terrorchi-mamlakat», - deya yozdi u o‘z rasmiy telegram-kanalida.

Vinnitsaga hujum Haagadagi konferensiya vaqtida amalga oshirildi, Ukraina TIV rahbari Dmitro Kulebaning ma’lum qilishicha, bu konferensiya Ukraina hududidagi harbiy jinoyatlar uchun RFning javobgarligiga bag‘ishlangan.

«Ukrainaning har bir tomchi qoni va har bir tomchi ko‘z yoshi uchun rossiyalik harbiy jinoyatchilarni javobgarlikka tortamiz», deya yozdi u.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak shaharlardagi tinch aholi vakillariga zarba berish - xatolik emas, «Rossiyaning tasdiqlangan harbiy strategiyasi» ekanini aytdi.

«Rossiya Ukraina qurolli kuchlarini jang maydonida yenga olmayapti, shuning uchun varvarlikka qo‘l urmoqda: teraktlar, infratuzilmalar yo‘q qilinishi, tinch fuqarolar qirg‘in qilinishi», deya yozdi u tvitterida.

Vinnitsa Ukrainaning markaziy qismida joylashgan.

Rossiya hukumati va mamlakat qurolli kuchlari muntazam ravishda fuqarolik ob’ektlariga hujum qilinayotgani bo‘yicha ayblovlarni rad etib keladi va raketa zarbalari faqat harbiy infratuzilmalarni nishonga olishini ta’kidlaydi.

Ukraina favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati Vinnitsadagi vayrongarchiliklar aks etgan suratlarni namoyish etdi.





Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Vinnitsa raketa hujumiga uchradi. Kamida 20 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda (foto)