00:52 / 21.07.2022
1 988

Jonsonni «ag‘dargan» hindga qarshi «ikkinchi Tetcher» yoxud bosh vazirlik uchun ikki nomzod qoldi

Jonsonni «ag‘dargan» hindga qarshi «ikkinchi Tetcher» yoxud bosh vazirlik uchun ikki nomzod qoldi
Foto: JONATHAN HORDLE/ITV
Buyuk Britaniya Konservativ partiyasi yetakchiligi uchun poyga finaliga partiyaning parlamentdagi vakillari o‘rtasida ovoz berish jarayonining oxirgi turidan keyin sobiq moliya vaziri Rishi Sunak va amaldagi tashqi ishlar vaziri Liz Trass chiqdi.

Boris Jonsonning iste’fosidan keyin Konservativlar partiyasida yetakchilik uchun kurash davom etmoqda — partiyaning yangi rahbari Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziriga aylanadi. Ayni vaqtda kurash hal qiluvchi bosqichga kirmoqda.

7 iyul kuni Boris Jonson o‘z iste’fosini e’lon qilgach (u bosh vazirlikdagi o‘rinbosari aniqlanguniga qadar lavozimda qoladi), Buyuk Britaniya Konservativ partiyasida partiya rahbarligi uchun kurash boshlandi. G‘olib nafaqat partiyani, balki mamlakatni ham boshqaradi — kamida keyingi umummilliy saylovlargacha. Partiya raisligi uchun amaldagi bosh vazir tarafdorlari ham, Jonsonning tarafdorlari sotqin deb biladiganlar ham kurash olib borishdi. Poyga boshidan buyon endi qirollikning sobiq moliya vaziriga aylangan Rishi Sunak yetakchilik qilib keldi: uning iyun oyidagi iste’fosi hukumat inqirozini yuzaga keltirgan, yakunda bu Jonsonning iste’fosiga olib kelgandi. Sunakka oxirgi turda ikki ayol nomzod raqobat qildi — sobiq mudofaa vaziri Penni Mordont va amaldagi tashqi ishlar vaziri Liz Trass.

So‘nggi turda Rishi Sunak 137 ovoz oldi, Liz Trass - 113. Shu bilan birga, Sunakning natijasi o‘tgan turdagiga qaraganda 19 punktga, Trass xonimniki esa 27 punktga yaxshilangan. Tereza Mey hukumatida Birlashgan qirollik tarixida ilk mudofaa vaziri bo‘lgan Penni Mordont 105 ovoz bilan uchinchi o‘rinda qolib ketdi - u oxirgi turda Trassdan 8 ta kam ovoz oldi (uning ovozlari soni oxirgi turda 13 taga oshgan). Holbuki, to‘rtinchi turdan keyin Sunak 118 ovoz bilan birinchi, Mordont 92 ovoz bilan ikkinchi, Trass 86 ovoz bilan uchinchi bo‘lib turgandi.

Liz Trass partiyadoshlariga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirgan va «birinchi kundanoq ishga kirishga tayyorligi»ni ta’kidladi.

Penni Mordont «biz birgalikda olg‘a harakatlanamiz» dedi. «G‘alaba yaqin edi, afsuski, Penni yutqazib qo‘ydi. Endi Liz Trass uchun ovoz beraman. U oxirigacha Boris Jonsonga sadoqatli bo‘lib qoldi va uning oyog‘idan chalishga harakat qilmadi», deya yozdi Mordontni qo‘llab-quvvatlab kelgan Maykl Fabrikant.

Britaniya hukumatining keyingi rahbari nomi hukmron Konservativ partiyaning barcha a’zolari o‘rtasida o‘tkaziladigan ovoz berish jarayonidan keyin ma’lum bo‘ladi, natijalar 5 sentabr kuni e’lon qilinadi.

Yelizabet Trass boshqa nomzodlarga qaraganda katta siyosiy tajribaga ega deb qaralardi, u boshqa vazirlik lavozimlarida ham ishlagan. O‘z navbatida, Penni Mordont hukumatda Rishi Sunakdan ko‘ra ko‘p vaqt davomida bo‘lgan.

Chorshanba tongida, parlamentda ovoz berish jarayonining so‘nggi turi arafasida bukmekerlar Trassning imkoniyatini yuqoriroq baholashayotgandi.

Endilikda, nomzodlar atigi ikki nafar qolganida ular endi parlamentdagi hamkasblarini emas, Konservativ partiyaning barcha a’zolarini o‘zi eng munosib nomzod ekaniga ishontirishi talab etiladi.

Nomzodlarning saralanishi

Jonathan Hordle / ITV / EPA / Scanpix / LETA
Avvaliga o‘z dasturiga va hatto o‘z targ‘ibot saytlariga ega bo‘lgan o‘n nomzod paydo bo‘lgandi - bu vaqtda hali Jonson iste’fosi haqida e’lon qilmagandi. Bu 2019 yildagidan bittaga ko‘p, o‘shanda konservatorlar Tereza Meyga o‘rinbosar qidirishayotgandi — o‘shanda torilarning sobiq yetakchisi Ien Dunkan-Smit nomzodlar soni haddan ziyod ko‘pligi jamoatchilikda hukmron partiyada bo‘linish yuz bergani haqida tasavvur hosil qilishini aytgandi. O‘shanda poyga boshidan yetakchilik qilgan Jonson g‘olib chiqqandi. Bu safar esa «Qo‘mita 1922» eng istiqbolsiz nomzodlarni ovoz berish boshlanishidan oldin tushirib qoldirishga qaror qildi — nomzodini qo‘yishni istaganlar partiyadoshlaridan kamida 20 ta imzo to‘plashi talab etildi (parlamentdagi jami torilar soni 358 nafar, ular saralashda va har bir turda faqat bir kishiga ovoz berishi mumkin edi).

Keyin esa nomzodlar seriyali ovoz berish jarayonidan o‘tishdi, birinchi turda 30 ovoz ololmaganlar poygani tark etishi kerak edi. Ikkinchi va keyingi turlarda esa — ro‘yxatda oxirgi o‘rinda qolgan nomzodlar.

13 iyul kuni bo‘lib o‘tgan birinchi turda Jeremi Hant (Tereza Mey davrida tashqi ishlar vaziri, u Jonsonning o‘rniga bu lavozimga kelgandi) va Nadim Zahaviy (sobiq ta’lim vaziri, endi esa Sunak o‘rniga moliya vaziri, Jonson uni o‘zining iste’fosini e’lon qilishidan bir kun oldin bu lavozimga tayinlagandi). Transport vaziri Grant Shapps va sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid hatto birinchi tur boshlanishini kutmasdan ixtiyoriy ravishda o‘z nomzodlarini qaytarib olishdi. Ikkinchi raundda esa qirollik bosh prokurori Syuyella Brauerman ro‘yxatdan tushib qoldi, 18 iyul kuni, uchinchi raundda navbatdagi autsayder, parlamentda xorijiy masalalar bo‘yicha komissiya raisi hisoblangan Tom Tugendhat poygadan chiqib ketdi, to‘rtinchi raundda esa — Kemi Badenox oxirgi o‘rinni oldi.

Finalda esa g‘olibni konservatorlar partiyasining oddiy a’zolari aniqlashadi: partiyaning a’zolik bileti bor britaniyaliklarga byulletenlar jo‘natiladi, uni to‘ldirib, ma’lum muddat ichida qaytarish kerak bo‘ladi.

5 sentabr kuni g‘olib nomi e’lon qilingach, Jonson qirolichaga iste’fosi haqida ma’lum qilib, o‘z vorisini tanishtirishi kerak. Qirolichaning rasmiy qabulidan keyin partiyaning yangi rahbari Britaniyaning keyingi bosh vaziri sifatida ish boshlaydi.

Finalchilar haqida nimalar ma’lum?

Rishi Sunak televizion debat chog‘ida. London, 2022 yil 17 iyul
Jonathan Hordle / ITV / EPA / Scanpix / LETA

Rishi Sunak. 2015 yilda parlament deputatiga aylangan, 2019 yilga kelib u moliya vaziri lavozimini egallagan va bu lavozimda shu yilning 5 iyuliga qadar ishlagan, o‘shanda u o‘z hamkasbi, sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid ortidan iste’fo bergan. Ularning ikkisi ham Boris Jonsonning siyosatiga qo‘shilmasliklarini keskin ohangda bildirishgan.

Jonsonning tarafdorlari Sunakni ochiqchasiga yoqtirishmaydi va uni «yuqori soliqlar bosh vaziri» va «sotqin-ilon» deb atashadi — aynan Sunakning moliya vazirligidan iste’foga chiqishi Jonsonni iste’foga chiqishga majbur qilgandi. Sunak debatlar chog‘ida soliqlarni oshirishi va bu aholi farovonligini ta’minlashi haqida gapirib keldi.

Liz Trass. Tashqi ishlar vaziri Elizabet Trass Rishi Sunak va Sajid Javid o‘z lavozimlarini tark etishi ortidan Boris Jonsonni qo‘llab-quvvatlab chiqdi va bu amaldagi hukumat tarafdorlari orasidagi mavqeyini mustahkamladi. Tashqi ishlar vazirligini boshqargan ikkinchi ayol bo‘lgan Trass xonim allaqachon o‘z hisobiga ikkita ko‘zga ko‘rinarli harakatni yozib qo‘ygan - Eron qamoqxonasidan jurnalist Nazanin Zagari-Retkliffni ozod qilish hamda Rossiya va uning oligarxlariga qarshi sanksiyalar qo‘llash. U Ukrainadagi urush tufayli Rossiya rahbariyatini keskin tanqid qilib kelishi bilan tilga tushgan.

Qat’iy tashqi siyosat yuritish tarafdori bo‘lgan Liz Trassni «ikkinchi Tetcher» deyishmoqda. U debatlarda ham 1980-yillar uslubini va Tetcherni eslatuvchi libosda ishtirok etdi. Yorqin britan millatchiligini ifodalovchi ushbu nomzodni Jonson jamoasidagi yirik siyosatchilar Nadin Dorris va Jeykob Ris-Mogg faol qo‘llab-quvvatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Jonsonni «ag‘dargan» hindga qarshi «ikkinchi Tetcher» yoxud bosh vazirlik uchun ikki nomzod qoldi