19:52 / 11.09.2022
3 018

Rossiya Xarkivda yirik mag‘lubiyatga uchradi — bu urush boshidan buyon eng og‘riqli zarba

Rossiya Xarkivda yirik mag‘lubiyatga uchradi — bu urush boshidan buyon eng og‘riqli zarba
Balakliyada yakson bo‘lgan rus texnikalari. Juan Bareto / AFP / Scanpix / LETA
Ukrainaning Xarkiv oblasti janubi va sharqidagi qarshi hujumi besh kun ichida barcha maqsadlariga erishdi. Rossiyaliklar shimoldagi hududlarni ham tashlab ketgan — ukrain harbiylari Rossiya bilan chegaradagi shahar va qishloqlarni ham ozod etmoqda.

Rossiya qo‘shini qurshovga tushib qolmaslik uchun 8 sentabr kuni Balakliya shahrini tashlab chiqishdi, 10 sentabr kuni esa — RF mudofaa vazirligining ushbu mintaqadagi asosiy ta’minot bazasi hisoblangan Kupyansk shahrining g‘arbiy qismidan chekindi. 10 sentabr kuni Rossiya qurolli kuchlari ushbu hududdagi eng yirik guruhi shtabi joylashgan Izyum shahridan ham keta boshladi. Bu hududlar bilan birga janglar vaqtida boy berilgan boshqa o‘nlab qishloq va posyolkalar, o‘nlab butun yoki shikastlangan texnikalar, shuningdek tonnalab o‘q-dorilar qoldirib ketilgan. Bundan tashqari — Rossiya armiyasi 2022 yil martidan buyon katta kuch va qurbonlar bilan erishilgan barcha narsa boy berildi. Endi rossiyalik harbiylarda shimoldan turib Donbassga yangi hujum boshlash imkoniyati qolmadi. Quyida bu voqealarning qisqacha tadriji keltiriladi.

Bu qanday ro‘y berdi?

Ukraina qo‘shini Balakliya va Chuguyivdan yorib o‘tib, 9 sentabr kuni Kupyanskning g‘arbiy chekkasiga yetib kelishdi. Ular raketa zarbalari bilan Oskol daryosi (daryo Kupyansni g‘arbiy va sharqiy qismga ajratadi) orqali o‘tgan avtomobil ko‘prigini yakson etdi va bu orqali Ukraina armiyasining shaharga kirishiga qarshilik ko‘rsatishga uringan Rossiya armiyasi ta’minotini murakkablashtirdi. 10 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya kuchlari Oskol daryosining sharqiy sohiliga chekindi va bu yerda kun davomida yangi mudofaa liniyasi tashkil etishga urindi. Shuningdek, RF qurolli kuchlari ukrainlarning shahardan shimolga, Ukraina-Rossiya chegarasi (Xarkiv Rossiyaning Belgorod oblasti bilan chegaradosh) tomon hujum qilishini to‘xtatishga urindi.

Ukraina qo‘shinlarining Balakliya hududida hujumga o‘tgan yana bir guruhi 9 sentabr kuni Kupyanskdan janubda Oskol daryosi bo‘yiga (Oskol suv omboriga) yetib kelib, Kupyansk va Rossiyaning Izyum hududidagi yirik guruhi o‘rtasidagi barcha aloqa yo‘llarini uzib qo‘ydi. Izyumdagi guruh yoz bo‘yi Donbassdagi Slovyanskka hujum qilishga uringandi.

Kupyanskdan 50 kilometr janubda joylashgan Izyum shahrini «katta yer» blilan bog‘laydigan yagona yo‘l ham (u Oskol daryosi ustidan shu nomdagi shahar hududida o‘tadigan ko‘prik yo‘lidir) ukrain qo‘shinlari to‘xtovsiz olg‘a yurishidan keyin xavf ostida qolgan: janubdagi ukrain qo‘shini Oskol daryosi kelib quyiladigan Shimoliy Donni kechib o‘tdi va Limanga yaqinlashdi. Liman egallangan taqdirda ular shimol tomon biroz yurib Izyumning ta’minoti amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan so‘nggi yo‘lni ham to‘sib qo‘yishi mumkin edi (endi bunga hojat qolmadi, RF mudofaa vazirligi Izyumni tashlab chekinishga qaror qildi).

Shu tahdid tufayli 10 sentabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘mondonligi bu guruhni qurshovga tushishdan saqlash maqsadida evakuatsiya qilishga kirishdi. Shu kuni ukrain qo‘shinlari Izyumning shimoliy chekkasiga yaqinlashib keldi, ammo shahar ozod etilgani hozircha rasman e’lon qilinmagan.

11 sentabr kuni ukrain harbiylari shimoldagi Volchansk shahri markaziga kirib borgani va u yerda ham Ukraina bayrog‘i o‘rnatilgani aks etgan video va fotolar tarqaldi. Ukraina prezidenti ofisi rahbari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bo‘ri boshi aks etgan emodzi qoldirdi. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni mamlakat armiyasi nafaqat janub va sharqqa tomon, balki shimolga ham muvaffaqiyatli yurish qilayotganini ma’lum qildi.

RF mudofaa vazirligi shu kuni e’lon qilgan xaritada Rossiya harbiylari Xarkiv shimolidan ham chekingani va endi mudofaa chizig‘i Oskol daryosi bo‘ylab o‘tishi aks etgan. Ya’ni rossiyalik harbiylar Xarkiv oblasti shimolida, Rossiya bilan chegaralarga yaqin joylashgan Volchansk, Kozacha Lopan, Varvarivka va Velikiy Burluk shaharlari hamda chegaradagi boshqa aholi punktlarini ham tashlab ketgan, Ukraina harbiylari davlat chegaralariga chiqqan.

RF mudofaa vazirligi 11 sentabr kuni namoyish etgan xaritada yangi mudofaa liniyasi ko‘rsatilgan.

11 sentabr kungi brifingda ko‘rsatilgan xaritada Xarkiv shimoli va sharqidagi katta hududlar RF armiyasi nazoratida ekani ko‘rsatilgandi
Buyog‘iga yana nimalar bo‘lishi mumkin?

Liman yaqinidagi platsdarmdan Ukraina armiyasi (hozir yoki yaqin kelajakda) yanada ambitsiyali maqsadlarga erishish uchun foydalanishi mumkin: Luhansk oblastining iyul oyida boy berilgan hududlariga kirib borilib — Svatovo va Starobelsk yoki Rubejnoye va Severodonetsk hujum qilinishi mumkin.

Ukraina qurolli kuchlari uchun yana bir g‘oya — Rossiya qo‘shinini Kupyanskning sharqiy hududidan ham siqib chiqarib, chegaragacha yetib borishdir.

Rossiya qo‘mondonligining yagona umidi — ukrainlar qarshi hujum boshlangan Chuguyivdagi bazadan yetarlicha uzoqlashilgani tufayli tin olishidir, shunda RF mudofaa vazirligi — Izyum atrofidan olib chiqilgan qo‘shinlar va zaxira kuchlar yordamida Oskol va Shimoliy Don bo‘ylarida mustahkam mudofaa chizig‘i tashkil etishi mumkin. Buning uchun Rossiya qanday qilib bo‘lmasin ukrainlarning Liman atrofidagi platsdarmi kengayishiga to‘sqinlik qilishi (va yangi platsdarm hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik) kerak bo‘ladi.

Shu bilan birga, frontda hali Balakliyadagi kabi ko‘plab zaif nuqtalar borligi tayin (Rossiya ming kilometrlik front chizig‘ini tutib turish uchun yetarli kuchga ega emas), Ukraina yoz bo‘yi to‘plagan zaxiralar esa hali tugamaydi.

Ukrainaning besh kunlik qarshi hujumida ozod etilgan hududlar ko‘k rangda. RF armiyasi bu hududni uch oydan ortiq vaqt davomida katta yo‘qotishlar evaziga egallagandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo