1 449
Rossiya: O‘tish punktlarida ko‘p kilometrlik navbatlar yuzaga keldi, yoshlar mamlakatni tark etishmoqda

21–22 sentyabr kunlari ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya chegara punktlarida, asosan Gruziya, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston va Finlandiya bilan chegarada avtomobil tirbandliklari yuzaga kelgani aks etgan ko‘plab videoyozuvlar hamda suratlar tarqaldi. OAV va telegram-kanallar buni RF prezidenti Vladimir Putin tomonidan 21 sentyabr kuni e’lon qilingan safarbarlik bilan bog‘lamoqda. Chegarada avval ham ko‘p kilometrlik navbatlar kuzatilgan, ammo so‘nggi kunlarda bu muammoli holatga aylandi.
Gruziya
Rossiya va Gruziya o‘rtasidagi «Verxniy Lars» nazorat-o‘tkazish punktidan Shimoliy Osetiyaga 22 sentyabr kuni soat 12:00 holatiga 10 soatda o‘tish mumkin bo‘lgan, gruziyalik bloger Nikolay Levshitsning aytishicha, 21 sentyabr kuni bu muddat uch soatni tashkil etayotgandi. «Exo Kavkaza» («Ozodlik radiosi» loyihasi) «Verxniy Lars»da avtomobillar tirbandligi aks etgan videolarni tarqatdi.
— Шухрат Раззаков (@ShuhratRazzakov) September 23, 2022
Chegarani avtomobilda kesib o‘tish ko‘p vaqt oladi, piyoda kesib o‘tish esa mumkin emas, shu tufayli rossiyaliklar bu ish uchun samokatlar sotib olishmoqda.
— Шухрат Раззаков (@ShuhratRazzakov) September 23, 2022
Shimoliy Osetiya FVV 22 sentyabr kuni «nazorat-o‘tkazish punktlari shtat rejimida ishlayotgani»ni ma’lum qildi.
Qozog‘iston
Guvohlarning suratlariga ko‘ra, Orenburg oblastidagi «Mashtakovo» punktida ham (Samaradan 190 kilometr masofada) ko‘p kilometrlarga cho‘zilgan navbatlar yuzaga kelgan. Ko‘plab odamlar chegaragacha taksida yetib olishmoqda va chegaradan piyoda o‘tishmoqda. Tolyattida yashovchi rossiyalik Qozog‘istonning «Moy gorod» nashriga bergan intervyusida «safarbarlik e’lon qilinishi bilanoq» mamlakatdan ketishga qaror qilgani haqida aytgan. Chelyabinsk oblastidagi «Bugristoye» punktida ham navbatlar yuzaga kelgan, bu haqda BBC rus xizmatiga chegaradan o‘tib kelgan rossiyaliklardan biri aytib bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosan yosh yigitlar o‘tirgan 100 dan ortiq avtomobilni ko‘rganini aytgan.
23 sentyabr kuni Qozog‘iston chegara xizmati Rossiya bilan chegarada respublika hududida kirib keluvchi xorijliklar soni keskin oshgani va qator nazorat-o‘tkazish punktlarida transport va yo‘lovchilar oqimi oshganini ma’lum qildi.
Mo‘g‘uliston
Videoyozuvlarga ko‘ra Buryatiyadagi «Kyaxta» chegara punktida ham navbatlar hosil bo‘lgan. «Kyaxta» Irkutskdan 520 kilometr, Ulan-Udedan 230 kilometr masofada joylashgan. 21 sentyabr kuni kunduzi «Kyaxta» telegram-kanali Rossiya-Mo‘g‘uliston chegarasida «katta ajiotaj kuzatilayotgani» to‘g‘risida xabar berdi. 22 sentyabr kuni Mo‘g‘uliston TIV bu chegara o‘tish joyida navbatlar yo‘qligi, nazorat-o‘tkazish punkti odatiy rejimda ishlayotganini ma’lum qildi.
— Шухрат Раззаков (@ShuhratRazzakov) September 23, 2022
Finlandiya
21 sentyabr kuni kechqurun, Peterburgning «Fontanka» nashri yozishicha, Leningrad oblastidagi chegara punktlarida navbatlar yuzaga kelgan, tunda tirbandlik bir necha kilometrga cho‘zilgan. Finlandiyaga o‘tayotgan odamlarning so‘zlariga ko‘ra, bungacha kechasi chegarada navbatlar kuzatilmasdi, endi ular chegaradan o‘tish uchun besh soatgacha vaqt sarflashiga to‘g‘ri kelmoqda. Finlandiya chegara xizmati 21 sentyabr kuni kechqurun chegaradagi vaziyat deyarli o‘zgarmaganini aytgandi, ammo ko‘p o‘tmasdan, 22 sentyabrga o‘tar kechasi trafik keskin oshgani ma’lum qilindi. Chorshanba kuni ushbu qo‘shni mamlakatga Rossiyadan 4824 avtomobil o‘tgan, o‘tgan haftada — bu miqdor kuniga 3 mingga ham bormayotgandi.

Rossiyadan chiqib ketayotgan erkaklarning bir qismidan armiyada xizmat qilgan-qilmagani so‘ralmoqda. 21 sentyabr kuni, «Pogranichniy kontrol» telegram-kanali o‘quvchilariga ko‘ra chegaradan erkaklarni ortiqcha savollarsiz qo‘yib yuborishayotgandi. Shu kuni kechga borib Moskva aeroportlarida xorijga chiqayotgan ko‘plab erkaklardan qo‘shimcha ma’lumotlar so‘rash boshlandi va bu o‘rtacha besh-o‘n daqiqa vaqt olardi. 22 sentyabrga o‘tar kechasi boshqa chegara punktlarida ham shunday savollar berila boshlagan.
Xabarlarga ko‘ra, erkaklardan safardan maqsadi, armiyada xizmat qilgani, harbiy mutaxassisligi, xizmat qilgan joyi (yoki xizmat qilmagani sababi), harbiy bileti bor-yo‘qligi, shuningdek Rossiyaga qaytish chiptasi olgan-olmagani so‘ralmoqda. «Pogranichniy kontrol» kanali o‘quvchilariga ko‘ra, ayrim chegarachilar «hozir chaqiruv kuni ekani», odamlar esa «safarbarlikdan qochayotgani» haqida aytgan.
Harbiy kafedrani bitirgan va armiyada xizmat qilmagan 33 yoshli rossiyalik «Meduza» bilan suhbatda 22 sentyabr kuni Sheremetevodan qanday uchib ketgani haqida aytib bergan: «Pasport nazoratida avvaliga pasportni qaytarishmadi, xodim uni ko‘tarib bir xonaga yo‘l oldi. 10 daqiqa o‘tib ma’lumotlarni aniqlashtira boshladi. Chiptani qachon sotib olganimni so‘radi. Men unga aytdim: „Nega?“ U aytdi: „Aytaylik, 21 sentyabrga qadar bo‘lsa, muammo yo‘q, agar keyin bo‘lsa, muammo chiqishi mumkin». Shundan keyin xodim pasportni qaytargan, yo‘lovchi esa chegaradan o‘tgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar