Foto: KACPER PEMPEL/AP/SCANPIX/LETA
Polshada 1 oktyabr, yakshanba kuni, parlament saylovlariga ikki hafta qolganda, yuz minglab odamlar Varshavada hukmron o‘ng qanot «Qonun va adolat» (PiS) partiyasiga qarshi namoyishga chiqdi.
Marsh tashabbuskori eng yirik muxolifat partiyasi – «Fuqarolik platformasi» (FP) rahbari, YEI kengashi sobiq raisi va Polsha muxolifatining amaldagi yetakchisi Donald Tusk bo‘ldi. «Bu yuz minglab tabassumli chehralarga qaraganimda, vatanimiz tarixida burilish davri yaqinlashayotganini his qilaman», dedi u. Namoyishchilar «Bizga yetarli, o‘zgarishlarni xohlaymiz» va «Birgalikda kuchimiz bor» degan plakatlarni ko‘tarib olgan.
Xuddi shunday aksiya iyun oyi boshida Varshavada bo‘lib o‘tdi. O‘shanda, tashkilotchilarga ko‘ra, shahar ma’muriyati ishtirokchilar sonini yarim million kishi deb hisoblagan va bu namoyish 1989 yilda kommunizm qulaganidan beri eng yirik aksiyaga aylangan.
Muxolifat reytingda hukmron partiyaga yaqinlashib qolgan
«Million yuraklar marshi» deb nom olgan namoyish bilan muxolifat 15 oktyabrda bo‘ladigan parlament saylovlari oldidan o‘z tarafdorlarini safarbar qilmoqchi. «Katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. Butun Polsha endi ulardan hech kim qo‘rqmasligini ko‘rishi muhim», - dedi Tusk «Qonun va adolat» (PiS) partiyasiga ishora qilib. Aksiyada Polsha sobiq prezidenti, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Lex Valensa ham ishtirok etdi.
Hukmron partiya demokratik institutlar va ayniqsa, sud tizimiga putur yetkazish, ayollar huquqlarini poymol qilishda ayblanmoqda.
So‘rov natijalariga ko‘ra, PiS saylovlarda 35 foiz ovoz bilan yetakchilik qiladi, Tuskning muxolifat alyansi esa 27 foiz ovoz olishi mumkin, deb yozadi AFP. Ammo Tuskning aytishicha, o‘z partiyasi tomonidan o‘tkazilgan ichki so‘rovlar PiS yetakchiligi atigi ikki foizga qisqarganini ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!