Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati
Ukrainaning quruqlikdagi kuchlari soni hozirda 600 ming kishini tashkil qiladi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram kanalida xabar berdi.
Zelenskiy 12 dekabr kuni Ukrainada nishonlanadigan Quruqlikdagi qo‘shinlar kuni munosabati bilan yozgan tabrigida bu bo‘yicha ma’lumot keltirgan. Quruqlikdagi kuchlar Ukraina armiyasining eng yirik turi hisoblanadi. Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan keyin qo‘shinlarning umumiy soni oshkor etilmagan, biroq 2023 yilning noyabrida Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi Ukraina armiyasida jami 1,3 million kishi xizmat qilishini bildirgan.
6 sentyabr kuni Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov 2022 yil fevralidan buyon Ukraina armiyasi soni uch barobardan oshib, 800 ming nafar harbiy xizmatchiga yetganini aytgandi. Mudofaa va xavfsizlik sohasida yana 1 millionga yaqin odam ishlaydi, degan u.
Dekabr oyi boshida Ukrainada deputatlar va amaldorlarni safarbar qilish to‘g‘risidagi petitsiya boshlangani ma’lum bo‘ldi, unga 26 mingdan ortiq odam ovoz bergan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring