11:32 / 14.12.2023
238

Isroil G‘azo sektoridagi HAMAS tunnellarini suvga to‘ldirishni boshladi

Isroil G‘azo sektoridagi HAMAS tunnellarini suvga to‘ldirishni boshladi

Foto: AP

Isroil harbiylari HAMAS harakatining G‘azo sektoridagi tunnellar tizimiga dengiz suvini yuborishni boshladi. Bu hamaschilarning yer osti infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratilgan sa’y-harakatlardir, deb yozdi The Wall Street Journal.

Isroil tunnellarni O‘rta yer dengizi suvi bilan to‘ldirishga urinmoqda, bu tunnellar tizimini bartaraf qilishga qaratilgan usullardan biri ekani aytilmoqda.

Isroil rasmiylariga ko‘ra, HAMAS yer osti tunnellar tizimidan jang maydonidagi amaliyotlarda faol foydalanyapti. U jangchilarga manyovr qilish, raketa va o‘q-dorilarini saqlash, shu bilan birga guruh rahbarlariga o‘z jangchilarini boshqarish imkonini bermoqda. Shuningdek, Isroil tunnellarda ba’zi garovga olinganlar saqlanayotganiga ishonadi.

AQSH rasmiylariga ko‘ra, tunnellarni suv bilan to‘ldirish uchun bir necha hafta muddat kerak bo‘ladi. Isroil buning uchun 7 ta katta nasosni o‘rnatgan. Avvalroq, 5 ta nasos yordamida sinov tariqasida suv yuborib ko‘rgan edi.

Bayden ma’muriyatining ba’zi rasmiylari dengiz suvidan foydalanish samarasiz bo‘lishi va G‘azoning toza suv ta’minotiga tahdid solishi mumkinligidan xavotirda edi. Ammo boshqa rasmiylariga ko‘ra, bu usul tunnellar tarmog‘ining bir qismini yo‘q qilishga yordam beradi.

Harbiy tahlilchilarga ko‘ra, Isroil tunnellar tarmog‘ining aksariyat qismini yo‘q qila olmaydi va yer osti tizimini bartaraf qilish yoki shikastlash uchun turli usullar kerak bo‘ladi. Dengiz suvidan tashqari, Isroil harbiylari tunnellarni havodan zarbalar, suyuq portlovchi moddalar, shuningdek, robotlar, itlar va dronlarni yuborish orqali yo‘q qilishga uringan.

Avvalroq, Isroil armiyasi G‘azoda quruqlik harbiy operatsiyasi boshlanganidan beri 400 ga yaqin tunnel shaxtalari topilgani va yo‘q qilingani haqida xabar bergan edi.

Ta’kidlanishicha, HAMAS tunnellarini qurish uchun fuqarolik infratuzilmasidan baza sifatida foydalangan. Yer osti infratuzilmasi fuqarolar yashaydigan mahallalar, turar-joy binolari, maktablar, shifoxonalar va qabristonlar yaqinida topilgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo