Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Mudofaa vazirligi bilan 36 oydan so‘ng ma’lum shartlar ostida demobilizatsiyani amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan. Bu haqda u Kiyevda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
«Men bir narsani aniq bilamanki, askarlarimiz hozir juda va juda og‘ir sharoitda o‘z majburiyatini bajarmoqda. Ularning sharofati bilan tinch muloqot qilishimiz mumkin. Hozir ular uchun juda va juda qiyin. Albatta, armiyaga kelganlar, ayniqsa, armiyada xizmat qilayotganlar qancha vaqt jang qilishi kerakligini aniq tushunishlarini istardim», dedi u.
Shu bilan birga, Zalujniy Mudofaa vazirligi bilan 36 oydan so‘ng demobilizatsiya qilishga kelishilganini aytdi, ammo ikkita omilni hisobga olgan holda.
«Birinchisi, frontda keskinlik bo‘lmaydi, ikkinchisi va eng muhimi, 36 oydan keyin bu odamlarning o‘rnini bosadigan boshqa odamlar topiladi... Umid qilamanki, 36 oy ichida bu vazifalarni hal qilamiz», deb ta’kidladi Zalujniy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, demobilizatsiyadan keyin harbiy xizmatchilarga dam olish uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi.
Qayd qilinishicha, Zalujniy 2025 yilga borib, keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri xizmat qilayotgan askarlarni almashtirish uchun yetarli vaqt bo‘lishiga umid bildirmoqda.
«Ammo hukumat ham tushunishi kerakki, bu jarayon kelgusi yilda boshlanishi kerak», deb ta’kidladi Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring