10:51 / 24.07.2024
53

Harris Bayden poygadan chiqqanidan keyingi birinchi so‘rovda Trampdan o‘zib ketdi

Harris Bayden poygadan chiqqanidan keyingi birinchi so‘rovda Trampdan o‘zib ketdi
Foto: Tom Brenner/Reuters
AQSH vitse-prezidenti Kamala Harris Reuters agentligi va Ipsos kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan milliy so‘rovnomada sobiq prezident Donald Trampni ortda qoldirdi. Harrisni respondentlarning 44 foizi, Trampni esa 42 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Tadqiqot amaldagi davlat rahbari Jo Bayden qayta saylanish uchun kurashdan voz kechganini e’lon qilganidan keyin o‘tkazildi. So‘rov natijalari 23 iyul, seshanba kuni e’lon qilindi.

So‘rovda qatnashganlarning 56 foizi 59 yoshli Harrisning «o‘tkir aqli» va «qiyinchiliklarga dosh bera olishini» e’tirof etishdi. 78 yoshli Tramp haqida faqat 49 foiz respondent shunday fikrda. 81 yoshli Baydenning natijasi 22 foizni tashkil etdi.

Bayden bayonot berishidan oldin, 15-16 iyul kunlari o‘tkazilgan avvalgi so‘rovda Tramp va Harrisning har biri 44 foizdan to‘plagan. Iyul oyi boshida esa sobiq prezident noyabrdagi saylovlarda o‘zining potensial raqibidan bir foizga o‘zib ketdi.

Baydenning poygadan chiqishi va Harris nomzodi

Jo Bayden 21 iyul kuni AQSH prezidentligi saylovidan o‘z nomzodini qaytarib olishini e’lon qilgan edi. Amaldagi davlat rahbari bu qarorni Demokratik partiya va butun mamlakat manfaatlarini ko‘zlab qabul qilganini alohida ta’kidladi. Bayden o‘z o‘rniga Kamala Harrisni taklif qilib, uni «to‘liq qo‘llab-quvvatlashini» bildirdi. Keyinchalik Kamala Harris AQSH prezidentligiga nomzodini qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. U respublikachi Donald Trampni mag‘lub etish uchun «Demokratik partiya va xalqni birlashtirish» maqsadida «hamma narsani qilishini» qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, AQSH prezidenti Jo Bayden poygadan chiqqanidan so‘ng, vitse-prezident Kamala Harris bo‘lajak saylovlarda nomzod bo‘lish uchun Demokratik partiya delegatlarining ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini e’lon qildi. «Bugun kechasi partiya nomzodi uchun zarur bo‘lgan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlashga erishganimdan faxrlanaman», dedi u 22 iyul kuni.

Bundan tashqari, Harris Bayden kurashni davom ettirishdan bosh tortganini e’lon qilganidan keyin 24 soat ichida rekord miqdorda – 81 million dollar mablag‘ yig‘di.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Harris Bayden poygadan chiqqanidan keyingi birinchi so‘rovda Trampdan o‘zib ketdi