11:13 / 08.08.2024
137

Kursk viloyatiga Ukraina askarlari bostirib kirishi oqibatida hududda favqulodda holat e’lon qilindi

Kursk viloyatiga Ukraina askarlari bostirib kirishi oqibatida hududda favqulodda holat e’lon qilindi
Foto: rbc.ru
Rossiyaning Kursk viloyatiga Ukraina askarlari kirib kelishi oqibatida viloyat hududida favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda Rossiya mahalliy manbalariga tayanib, BBC nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, Rossiya hududiga transchegaraviy hujumlar davom etishi rasmiylarni jiddiy choralar ko‘rishga majbur qilgan. Chegara nazorati barbod bo‘lishi esa viloyat hududida umumiy favqulodda tartib joriy etishga olib kelgan.

Viloyat gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov bu harakat dushman kuchlarining mintaqaga kirib kelishi oqibatlarini bartaraf etish uchun nihoyatda zarurligini aytgan. Viloyat hududida harbiy harakatlar yakunlangach, favqulodda tartib bekor qilinishi hamda kuchaytirilgan nazorat tartibi yana chegaraga qaytishi ma’lum qilingan.

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, hujum boshlanganidan beri kamida besh nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan. 31 nafar fuqaro yaralangan. Jarohatlanganlardan 6 nafari voyaga yetmagan bolalar hisoblanadi.

Ukraina maxsus kontingentining Rossiyaga hujumi 6 avgust kuni kechki payt boshlangan edi. O‘shanda 1000 nafarga yaqin ukrain askari, 11 ta tank va 20 dan ortiq zirhli mashina Kursk chegarasini kesib o‘tgan. Viloyat hududiga kirgan askarlar Sudja shahriga hujumlar tashkil eta boshlagan.

Hujum oqibatida chekka qishloqlar aholisini umumiy ko‘chirish boshlangan. Mahalliy hukumat aholini yashash hududlaridan uzoqlashmaslikka va barcha ommaviy tadbirlarni bekor qilishga chaqirgan.

Kursk bo‘ylab bir qator hududlarda havo signallari ishga tushirilgan. Minglab odamlar chegara hududlaridan evakuatsiya qilingan. Viloyatga qo‘shni hududlardan yuzlab shifokorlar chaqirilgan. Havo eskadriliyasi ukrain bo‘linmalariga qarshi operatsiyaga kirishgan.

7 avgust kuni kechqurun Ukraina parlamenti deputati Aleksey Goncharenko Ukraina armiyasi Rossiyadan Ukraina orqali Yevropa Ittifoqiga tabiiy gaz tranziti bilan shug‘ullanuvchi yirik gaz inshooti bo‘lmish Sudja kombinati ustidan nazorat o‘rnatganini aytgan. Rossiya faol qarshilikka qaramay hali ham gaz inshooti nazoratini o‘ziga qaytara olmagan.

Tahlilchilar Sudjaga hujum Rossiya uchun strategik zarba ekanini bildirishgan. Chunki bu hududdagi gaz inshootlari Yevropaga ochiladigan yagona darvoza hisoblanadi. 2 yillik urushda Rossiyaning asosiy daromadi gaz eksportidan kelmoqda. Sudjadagi ukrain qo‘shinlari surib chiqarilgan taqdirda ham ularning butun boshli gaz tuzilmasini yo‘q qilmasligiga kafolat yo‘q. Agar bu sodir bo‘lsa, Moskva yagona mo‘may daromadidan ma’lum muddat ayrilishi mumkin.

Biz butun dunyoga keskinlashuvdan yoki Putinning munosabatidan qo‘rqmaslik kerakligini ko‘rsatmoqdamiz. Rossiyadan hozircha hech qanday reaksiya yo‘q. Ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta Rossiyaning xalqaro tan olingan hududi bosib olindi va Putin hech qanday yadroviy zarba berish bilan tahdid qilolmadi”, degan Aleksey Goncharenko vaziyatga munosabat bildirib.

Rossiya tomoni hozirda Sudjada og‘ir janglar ketayotganini bildirgan. Kursk viloyatiga bostirib kirgan 1000 kishilik bo‘linmaning 100 dan ortiq askari allaqachon yo‘q qilingan. 215 nafar ukrain askari yaralangan va ular Rossiya hududida bo‘lgani uchun tibbiy yordam olish imkoniyatiga ega emas. Moskva hukumati Kursk hududida tezkor ravishda harbiy texnika joylashtirish to‘g‘risida buyruq bergan.

AQSH va G‘arb Ukrainaning Kurskka hujumi haqida oldindan hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmaganini bildirgan. Bu borada Kiyevning rejalarini bilish uchun AQSH Davlat departamenti rasmiylari zudlik bilan Ukraina rahbariyatiga bog‘langan. Hozirda o‘rganishlar davom etayotgani xabar qilingan.

Tasdiqlanmagan manbalarga ko‘ra, Kreml “Vagner” bo‘linmalarini zudlik bilan Kurskka tashlash borasida buyruq bergan. Harbiy guruhning butun dunyodagi bo‘limlariga favqulodda signal yuborilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kursk viloyatiga Ukraina askarlari bostirib kirishi oqibatida hududda favqulodda holat e’lon qilindi