date
views 93

Rossiyada mamlakatni tark etgan fuqarolarning mol-mulkini xatlashga ruxsat berilishi mumkin

Rossiyada mamlakatni tark etgan fuqarolarning mol-mulkini xatlashga ruxsat berilishi mumkin
Foto: TASS
Tatariston Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulkini xatlash huquqini beradigan qonun loyihasini Davlat dumasiga kiritadi. Bu haqda Tatariston Davlat kengashi qoʻmitasi raisi Aleksandr Chubarov ma'lum qildi.

«Biz mazkur qonun loyihasini ishlab chiqdik. Tatariston Respublikasi Davlat kengashi Qonunchilik va tartib boʻyicha qoʻmitasi tomonidan bugungi sessiyada uni Davlat dumasiga yuborish ma'qullandi», — deydi Chubarov.

Uning qoʻshimcha qilishicha, kodeksga kiritiladigan oʻzgartirish orqali mamlakatni tark etgan shaxslarga nisbatan ma'muriy ish qoʻzgʻatilgan taqdirda, ularning Rossiya hududidagi mol-mulkini xatlash imkoni beriladi.

Tatariston deputatlari Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻtgan yili oʻzgartirish kiritishni taklif qilgandi. Avgust oyida Rossiya hukumati chet elda yashab, u erda huquqbuzarlik sodir etadigan rossiyaliklarga ma'muriy bayonnomalar tuzish imkonini beradigan tashabbusni qoʻllab-quvvatlagan edi.

Chubarovning aytishicha, qonun loyihasiga koʻra, «Rossiya Federatsiyasi manfaatlariga qarshi» har qanday harakatlar uchun emigrantlarga nisbatan ma'muriy bayonnomalar tuzilishi mumkin. Xususan, bu ekstremizm, soʻz erkinligini suiiste'mol qilish va «Rossiya armiyasini obroʻsizlantirish» bilan bogʻliq moddalarga ham taalluqli.

Ta'kidlanishicha, xorijiy davlatlar hududlarida «turli jamoat etakchilari va faollari Rossiya Federatsiyasi manfaatlariga qarshi qaratilgan faoliyatni amalga oshirib keladi», ammo ularni javobgarlikka tortish imkonsiz.

Qonun loyihasi bilan RF Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirish kiritish taklif etilmoqda, bu esa qonunbuzarlarni sirtdan ma'muriy javobgarlikka tortish imkonini beradi.

RTVI’ning yozishicha, Rossiya hukumati jinoiy moddalar sonini oshirishni rejalashtirmoqda — uning doirasida «Rosfinmonitoring» tomonidan gumonlanayotgan va ayblanayotganlar ekstremizm yoki terrorizmga aloqador shaxslar roʻyxatiga kiritilishi hamda ularning bank hisobraqamlari bloklanishi mumkin.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan soʻng keyingi 100 yil ichida Rossiyada roʻy bergan eng yirik siyosiy immigratsiya harbiy safarbarlik e'lon qilinganidan soʻng yanada kuchaygan, Evropa davlatlari, Turkiya va sobiq ittifoq davlatlarini Rossiya pasporti sohiblari bilan toʻldirgan. The Bell nashrining jahonning 70 ta davlati migratsiya xizmatiga asoslanib hisoblashicha, 2024 yilning iyul oyi holatiga 700 mingdan ortiq relokantlar Rossiyaga qaytmagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada mamlakatni tark etgan fuqarolarning mol-mulkini xatlashga ruxsat berilishi mumkin