
Foto: Global Look Press
Telegram asoschisi Pavel Durov 40 yoshga toʻlishi munosabati bilan ilk bor Rossiyadan ketgunga qadar «VKontakte» ijtimoiy tarmogʻini qanday yaratgani va akasi Nikolayning undagi roli haqida gapirdi.
Uning soʻzlariga koʻra, ijtimoiy tarmoq yaratish gʻoyasi universiteti bitirgan zahoti kelgan. «Sobiq kursdoshlarim bilan aloqani saqlab qolishni istardim, ammo bir-birimizni topishimiz mumkin boʻlgan veb-saytsiz buni amalga oshirish qiyinligini bilardim. Shu bois 2006 yilning avgust oxirlarida oʻzimga maqsad qoʻydim — toʻrt hafta ichida universitet talabalari va bitiruvchilari uchun ijtimoiy tarmoq yaratish», — deb yozadi Durov oʻzining Telegram kanaliga.
Ta'kidlanishicha, bu vaqtga kelib u dasturlardan yaxshigina xabardor boʻlcada, ammo baribir Germaniyada yashagan akasi Nikolayning yordami kerak boʻlgan: «Nikolay — ajoyib matematik va algoritm dasturchisi, biroq u doim veb-dasturlash bilan shugʻullanishni oʻziga ep koʻrmasdi. Nikolay Bonndagi Maks Plank universitetida matematika dissertatsiyasiga bor e'tiborini qaratgan edi. U kod borasida yordam berishdan bosh tortdi, ammo maslahat berdi: «Avvaliga foydalanuvchilarni roʻyxatga olish kodini yoz. Sen buni uddalaysan», dedi».
Durovning aytishicha, akasining maslahati foyda bergan. U tizimdagi kirish sahifasi orqali saytni yaratishni boshlagan: dastlabki foydalanuvchilarning ma'lumotlari ma'lumotlar bazasiga qoʻlda kiritilgan. Durovning soʻzlariga koʻra, 2006 yil sentyabrda u «VKontakte» uchun 20 soatdan vaqt sarflab kod yozgan, keyin esa ovqatlangan va 10 soat uxlagan.
«Ish kunidan keyin oʻzimga bir qozon makaron pishirardim va unga koʻp pishloq qoʻshib erdim. Menga boshqa ovqat kerak emasdi. Tashqarida tunmi yoki kun — farqi yoʻq edi. Ijtimoiy munosabatlar yoʻqolib ketdi. Faqat kod muhim edi. Men loyihaning har bir qismini benuqson yaratishga harakat qilardim», — deydi tadbirkor.
Shunday qilib, loyiha toʻrt emas, balki olti haftadan keyin ishga tushirilgan — unga 2003 yildan beri talabalar uchun yaratib kelingan boshqa bir loyihadan minglab foydalanuvchilar taklif etilgan. Durov «VKontakte»ning birinchi versiyasi yaratilishini karerasining keyingi yoʻllarini belgilab bergan qimmatli mustaqil tajriba deb hisoblaydi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!