22:40 / 15.11.2024
10

Isroil Erondagi maxfiy yadro laboratoriyasini yo‘q qildi

Isroil Erondagi maxfiy yadro laboratoriyasini yo‘q qildi
Foto: Maxar Technologies
Oktyabr oyida Isroilning Eron harbiy obyektlariga bergan zarbalari oqibatida Tehron yaqinidagi yadroviy qurol tadqiqot markazi vayron bo‘ldi. Bu haqda Axios nashri Isroil va AQSH rasmiylariga tayanib xabar berdi.

Gap Eron poytaxtidan taxminan 30 kilometr janubi-sharqda Parchin harbiy majmuasi hududidagi Telegan-2 inshooti haqida ketmoqda. 2003 yilda «muzlatib» qo‘yilgunga qadar u Eronning yadro quroli dasturining bir qismi edi.

Taxminlarga ko‘ra, ushbu obyektda yadroviy qurilmani harakatga tushiruvchi portlovchi moddalar sinovdan o‘tkazilgan. Zarba oqibatida bunday tadqiqotlar uchun mo‘ljallangan murakkab uskunalar yo‘q qilingani ta’kidlanmoqda.

AQSH va Isroil razvedka xizmatlari obyektdagi faollikni yil boshida payqagan. Nashr manbalarining da’vo qilishicha, Eron yadro qurolini yaratishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan, biroq ayni paytda fuqarolik yadroviy dasturi doirasida taqdim etilgan joyda tadqiqot ishlarini qayta boshlagan.

«Ular yadroviy qurol ishlab chiqarishga asos soladigan ilmiy izlanishlar olib borgan. Bu sir edi. Bu haqda Eron hukumatining oz qismigina bilardi», dedi manbalardan biri.

Nashr eslatishicha, AQSH prezidenti Jo Bayden oktyabr oyidagi Isroil zarbasidan oldin bosh vazir Binyamin Netanyahudan Eron bilan urush qo‘zg‘atmaslik uchun yadro obektlariga hujum qilmaslikni so‘ragan edi.

Axios manbalarining ta’kidlashicha, obyektning vayron bo‘lishi Eronning yadroviy qurol bo‘yicha tadqiqotlarni qayta boshlash harakatlariga «sezilarli» putur yetkazgan.

26 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil mudofaa kuchlari Erondagi harbiy obyektlarga bir qator havo zarbalarini berdi. Eron Isroil hujumiga «muvozanatli va puxta» javob berish bilan tahdid qildi.

Eron yadroviy qurol yaratish rejasini rad etib keladi. Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) boshqaruvchilar kengashi yaqinda Eronni tashkilot bilan hamkorlik qilmayotganligi uchun qoralovchi rezolyutsiyani ovozga qo‘yishi kutilmoqda. Eron bunga javoban AEXA bilan hamkorlikni yanada cheklashi mumkinligini aytdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil Erondagi maxfiy yadro laboratoriyasini yo‘q qildi