17:01 / 19.11.2024
29

Ukraina ilk bor AQSH raketasi bilan Rossiyaga zarba berdi

Ukraina ilk bor AQSH raketasi bilan Rossiyaga zarba berdi
Foto: Getty Images
Ukraina harbiylari Rossiyaning Bryansk viloyati Karachev shahridagi obyektga ilk bor AQSHning ATACMS raketalari bilan zarba berdi. Bu haqda Ukraina mudofaa kuchlaridagi manbalarga tayanib, “RBK-Ukraina” xabar berdi.

“Senzor.net” nashrining bosh muharriri Yuriy Butusov ham noma’lum manbaga asoslanib ma’lumotni tasdiqlagan. Ukraina armiyasi 19 noyabr kuni ertalab Bryansk viloyatidagi qurol-yarog‘ omboriga hujum qilgan. Bunda qanday quroldan foydalanilgani haqida rasmiy ma’lumot mavjud emas.

Karachev yaqinida Bosh raketa-artilleriya boshqarmasining 67-arsenali joylashgan. “Astra” nashrining yozishicha, mahalliy aholi “tun bo‘yi mahalliy chatlar va ijtimoiy tarmoqlarda portlashlar, detonatsiyalar va harbiy bazaga hujum haqida to‘xtovsiz xabar bergan”.

Bryansk viloyati gubernatori Aleksandr Bogomaz tunda va ertalab faqatgina 13 ta dron urib tushirilgani haqida rasman xabar bergan.

Ukraina AQSH qurollari bilan Rossiyaga zarba bera oladi

17 noyabr kuni The New York Times gazetasi va Reuters agentligi manbalarga tayanib, AQSH prezidenti Jo Bayden Ukrainaga AQSH tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofali ATACMS raketalaridan Rossiya hududiga zarba berish uchun foydalanishga ruxsat bergani haqida xabar berdi. Davlat departamenti 18 noyabr kuni kechqurun bu ma’lumotni “hozircha tasdiqlay olmasliklarini” ma’lum qildi.

19 noyabr kuni AQSH davlat departamenti vakili Brayan Nikols Vashington Ukrainaga ATACMS raketalari yordamida Rossiya hududiga hujum qilishga ruxsat berganini rasman tasdiqladi. Bayden maslahatchilarining ATACMS’dan foydalanish bo‘yicha fikrlari turlicha. Ular hozircha gap faqat Kursk viloyatidagi nishonlarga zarba berish haqida ketayotganini aytgandi. Donald Tramp prezidentlik lavozimini egallaganidan keyin Baydenning bu qarorini bekor qiladimi yoki yo‘q, hozircha noma’lum.

ATACMS — uzoq masofaga zarba beruvchi boshqariladigan raketa bo‘lib, u qo‘mondonlarga jangovar maydonni shakllantirish uchun zudlik bilan o‘t ochish imkonini beradi. U og‘irligi 500 funt bo‘lgan WDU18 toifasidagi fragmentar-fugasli jangovar kallak bilan jihozlangan. Maksimal uchish masofasi 300 kilometrni tashkil qiladi. ATACMS 1980 yillarda ishlab chiqilgan va birinchi marta 1991 yilda Fors ko‘rfazi urushi paytida ishlatilgan. O‘shandan beri u turli qurolli mojarolarda, jumladan, Iroq urushi va Rossiya—Ukraina urushida faol ishlatilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina ilk bor AQSH raketasi bilan Rossiyaga zarba berdi