20:18 / 04.12.2024
21

Ekspert: isyonchilarning yurishi ta’sirli, ammo Asadni hisobdan chiqarishga erta

Ekspert: isyonchilarning yurishi ta’sirli, ammo Asadni hisobdan chiqarishga erta
Foto: Getty Images
Suriyada urush qaytadan boshlanishi o‘tgan yilning 7 oktyabridan keyin Yaqin Sharqni qamrab olgan notinchlik to‘lqinining navbatdagi ko‘rinishi bo‘ldi.

O‘sha hujum va Isroilning javobi status-kvoni buzgandi. So‘nggi kunlarda Suriyada ro‘y bergan voqealar shuni ko‘rsatmoqdaki, Yaqin Sharqdagi urush kengayib bormoqda. BBC sharhlovchisi Jeremi Bouen Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealarni tahlil qildi.

2011 yilda boshlangan o‘n yillik urush davomida Bashar Asad otasidan meros bo‘lib qolgan hokimiyatni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi, chunki u hokimiyat uchun Suriyani parchalashga tayyor edi, qolaversa, unga kuchli ittifoqchilar yordam berdi: Rossiya, Eron va Livandagi «Hizbulloh».

Bu ittifoqchilar ISHID ekstremist-jihodchilaridan tortib AQSH hamda Fors ko‘rfazining badavlat monarxiyalari tomonidan qo‘llanadigan ayirmachi kuchlarga qadar bo‘lgan turli guruhlarga qarshi uning tomonida turib urush olib borishdi.

Endi Eron Isroil AQSH yordamida unga yo‘llagan zarbalardan o‘nglanishga harakat qilmoqda, o‘zining eng yaxshi jangchilarini Asad uchun jang qilishga yuborgan ittifoqchisi «Hizbulloh» esa isroilliklarning zarbalaridan falaj holatga tushgan.

Rossiya samolyotlari so‘nggi kunlarda hujum qilayotgan suriyalik isyonchilar ustiga zarbalar yo‘lladi, ammo Rossiya hozirda asosiy e’tiborini Ukrainadagi urushga qaratishga majbur.

Halab va Idlibdan janubga, Hama tomon harakatlanayotgan isyonchilar
Suriyadagi urush amalda yakunlanmagandi. U shunchaki qisman Yaqin Sharqdagi turg‘unlik holati va qisman jurnalistlar Suriyaga kira olmay qolgani tufayli jahon nashrlari sarlavhalaridan g‘oyib bo‘lgandi.

Joylarda harbiy harakatlar to‘xtatilgan yoki muzlatilgandi, ammo Suriyada hali ko‘plab nizolar ochiq qolayotgandi.

Asad rejimi baribir arab bahori boshlangan 2011 yilga qadar bo‘lgan davrdagi butun mamlakat ustidan nazoratni o‘ziga qaytara olmadi. Ammo, shunga qaramay, u asosiy shaharlar hamda ularni o‘zaro bog‘lovchi yoki atrofidan o‘tgan asosiy yo‘llar ustidan nazoratni tikladi.

Endi esa «Hay’at Tahrir ash-Shom» boshchiligidagi isyonchilar koalitsiyasi Idlibdan tashqariga chiqdi (Turkiya bilan chegaradosh bu viloyat ushbu guruh nazorati ostida qolgandi) va «hayratomuz» tezlikda harakatlanib, bir necha kun ichida Suriya armiyasi garnizonlarini katta hududlardan surib chiqardi.

Yurish 27 noyabr kuni boshlangandi. Ikki kun o‘tib isyonchilar Halabning qadimiy qal’asi oldida suratga tushishdi, bu joy 2012–2015 yillarda, shahar isyonchilar va rejim kuchlari o‘rtasida bo‘lingan chog‘da Asad qo‘shinlarining yetib bo‘lmas bazasiga aylangandi.

Hukumat qo‘shinlari quvib yuborilganidan keyin Halabdagi vaziyat, aftidan, sokinlashgan. Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan fotosuratlardan birida isyonchilar otryadi jangchilari mahalliy oshxonada qovurilgan tovuq uchun navbatda turgani aks etgan.

Isyonchilar Halabni jiddiy qarshiliksiz egalladi
HTSH «Al-Qoida»ning Suriyadagi bo‘limining sobiq jangarilari tomonidan tuzilgandi, guruh undan 2016 yilda ajralib chiqqan va keyin uning radikal kayfiyatdagi izdoshlari bilan kurash boshlagan. HTSH 2018 yildan buyon AQSH, Turkiya, Buyuk Britaniya, Yevroittifoq, Rossiya va boshqa mamlakatlarda terrorchilik tashkiloti deb topilgan.

HTSH yetakchisi Abu Muhammad al-Javloniy ko‘p yillar mobaynida Iroq va Suriyadagi jihodchilar yetakchilaridan biri bo‘lgan. Ammo keyingi yillarda u guruh tarafdorlari bazasini kengaytirishga urinib, jihodchilarning qat’iy mafkurasidan uzoqlashgan.

Shu rebrending tufayli HTSH «tajovuzni qaytarish bo‘yicha amaliyot» deb nomlangan yurishi uchun keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlanishiga umid qilmoqda. Guruh rasmiy nomida ham, o‘z bayonotlarida ham fundamental diniy frazeologiyalardan qochadi.

BBC Monitoring ning jihodchilar mediasi bo‘yicha mutaxassisi Mina al-Lamiyning so‘zlariga ko‘ra, HTSH neytral tildan foydalanib, auditoriya idrokida hozirgi voqealarni guruhning jihodchi qismidan ajratib ko‘rsatishga harakat qilmoqda va bu yurishni isyonchilarning hukmron rejimga qarshi qo‘shma harakatlari sifatida ko‘rsatmoqda.

Suriyaliklar ommasi diniy ekstremizmdan qattiq cho‘chib qolgan. Urushning ilk yilida demokratik chiqishlar bostirilganidan keyin isyonga jihodchi guruhlar boshchilik qila boshlagan, ko‘plab suriyaliklar yoki betaraf qolishni ma’qul ko‘rgan, yoki ISHID va uning odamxo‘r mavfkurasidan qo‘rqqani uchun istar-istamay Asad rejimini qo‘llashga o‘tgan.

Suriya shimolidagi siyosiy landshaft quroq (yamoq tushgan) ko‘rpaga o‘xshaydi. Shimoli-sharqdagi hududlarning katta qismini Suriya demokratik kuchlari nazorat qiladi — bu kurdlarning AQSH qo‘llovidagi guruhidir.

Mintaqada Turkiya muhim o‘yinchi hisoblanadi. Ushbu davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan mahalliy ayirmachilar chegara hududlar ustidan nazorat o‘rnatgan va o‘z muntazam armiyasiga ega.

Suriya sharqidagi sahrolardagi yo‘llarda esa vaqti-vaqti bilan ISHID qoldiqlari hisoblangan jihodchi guruhlar pistirmalar qo‘yadi.

Suriyadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, isyonchilar yurish davomida katta miqdordagi qurol va texnikalarni, jumladan, vertolyotlarni o‘lja qilib olgan va Halab hamda Damashq o‘rtasidagi yirik shahar bo‘lmish Hama tomon harakatlanmoqda.

Asad rejimi va uning ittifoqchilari, shubhasiz, vaziyatni tenglashtirishga harakat qiladi va birinchi navbatda havo orqali javob zarbalarini kuchaytiradi. Isyonchilarda esa aviatsiya yo‘q. Ammo dronlar bor. Harbiy ishlarda ular amalga oshirayotgan inqilobning yana bir dalili: isyonchilar dron orqali Suriya razvedkasining yuqori martabali zobitini o‘ldirgani haqida xabarlar bor.

Asad rejimini hisobdan chiqarishga hali juda erta. Unda chin tarafdorlar yadrosi mavjud. Suriyaliklarning bir qismi uning yomonligi isyonchilarning asosiy kuchiga aylangan jihodchilarning yomonligidan kamroq deb biladi.

Ammo Asadga qarshi boshqa guruhlar ham bor — ular esa juda ko‘pchilik — ular ham ko‘tariladigan bo‘lsa, unda rejim chindan ham yana ajalvor xavf ostida qoladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ekspert: isyonchilarning yurishi ta’sirli, ammo Asadni hisobdan chiqarishga erta