22:11 / 29.12.2024
78

Frontdagi vaziyat: Rossiya Donbassda yurish qilmoqda, Ukraina bor e'tiborini Kurskdagi plasdarmni ushlab qolmoqchi

Frontdagi vaziyat: Rossiya Donbassda yurish qilmoqda, Ukraina bor e'tiborini Kurskdagi plasdarmni ushlab qolmoqchi
Foto: Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA
Ukraina qurolli kuchlari mudofaasidagi inqiroz butun 2024 yil davomida choʻzildi. Rossiya va Ukraina armiyalari yil oxiriga qanday holatda etib keldi? Va ular keyingi katta jang — Pokrovsk uchun jangga qanday tayyorlanmoqda?

Donald Tramp vositachiligida (u 20 yanvarda AQSh prezidenti lavozimiga rasman kirishadi) muzokaralar jarayoniga kirishishdlan oldin Kreml Donbassdagi nazorat hududini kengaytirishga urinmoqda. RF qurolli kuchlari ushbu region janubi va markazida birdaniga uchta yirik amaliyotni yakunlash bosqichida — ular Velika Novosilka va Kuraxovoni qurshab olish arafasida. Shu bilan bir vaqtda, Rossiya qoʻshinlari keyingi jang uchun qulayroq boshlangʻich sharoitlarni tayyorlamoqda: kelgusida Pokrovskni ham qurshab olish uchun uni janub va gʻarbdan aylanib oʻtmoqda. Kursk oblastida, shimoliy koreyalik harbiylar jangga tashlanganiga qaramay, RF qurolli kuchlari hali Ukraina qurolli kuchlarining mazkur hududdagi plasdarmini bartaraf etishga yaqinlashmayapti, Kiyev mazkur hududdan muzokaralarda «savdo aktivi» sifatida foydalanishni rejalashtirgan.

Velika Novosilka

Rossiya armiyaci Donesk va Zaporijjya oblastlari chegarasidagi Velika Novosilka rayon markazi atrofidagi halqani qismoqda. Amaliyot gʻoyasi ukrain qoʻshinini mazkur rayon markazida, Mokriye Yali daryosining sharqiy sohilida (shaharning asosiy qismi aynan daryoning sharqiy sohilida joylashgan) qamab qoʻyishni nazarda tutadi. Buning uchun shimolga, Pokrovsk tomon ketuvchi yoʻlni toʻsib qoʻyish talab etiladi. Bundan tashqari, posyolka qurshab olinishi va shturm qilinishi RF qurolli kuchlari daryoning gʻarbiy sohilidagi tepaliklarga chiqishi hamda janubdan Mokriye Yali boʻylab hujum qilishini osonlashtirishi kerak.

Muammolarga duch kelgan boʻlsa-da, Rossiya qoʻshini bu vazifalarni hal qilishni uddaladi. Dekabr oyi boshida RF qurolli kuchlari Ukraina qurolli kuchlari uchun oʻta muhim boʻlgan, shimolga olib boruvchi yoʻlni Noviy Komar qishlogʻi yaqinida toʻsib qoʻyishdi, ammo ukrain qoʻmondonligi bu erga zaxira kuchlarini yubordi hamda qishloq va yoʻl ustidan nazoratni qaytarib oldi. Ammo bir necha kun oldin Rossiya boʻlinmalari navbatdagi yurishni amalga oshirib, yana yoʻlni toʻsib qoʻyishdi.

Shu bilan bir vaqtda, RF qurolli kuchlari Mokriye Yali janubidagi vodiyga ham hujum qilmoqda. Natijada, Makarovka va Storojevoye qishloqlarini mudofaa qilayotgan ukrain boʻlinmalari qurshovga tushib qolgan. Qurshovdagilarning katta qismi shimolga chekinishga muvaffaq boʻlgan.

Rossiya qoʻshini ularni ta'qib qilib, Neskuchnoye va Vremevkaga yaqinlashib kelishgan, bu qishloqlar butun daryo vodiysi va Velika Novosilkadan teparoqda joylashgan. Endi rayon markazi amalda qurshov holatida: shimolga olib boruvchi yoʻl kesib qoʻyilgan, Rossiya aviatsiyasi muntazam ravishda Mokriye Yalidagi oʻtish yoʻllarini bombalamoqda va Ukraina garnizoniga ta'minot etkazib berilishiga toʻsqinlik qilmoqda.

Kuraxovo

Kuraxovoni egallash rejasi shimol (Selidovo va Gornyakni egallagan guruhlar bilan) va janubdan (yil boshida Vuhledarni egallagan qoʻshinlar) yaqinlashuvchi yoʻnalishlarda hujum qilib shaharni oʻrab olishni koʻzda tutgan. Bir-biriga qarab harakatlangan guruhlar yok Kuraxovo suv omborining gʻarbiy chekkasida yoki yanada gʻarbda, Konstantinopol qishlogʻida uchrashishi kerak.

Hozircha shaharni qurshab olish roʻy bergani yoʻq. Ukraina qurolli kuchlari hamon Kuraxovodan gʻarbdagi Donesk — Zaporijjya yoʻlini nazorat qilmoqda, bu yoʻl orqali shaharning gʻarbiy qismidagi sanoat zonasida joylashgan garnizonga ta'minot etkazib berilmoqda.

Ammo Ukraina qurolli kuchlarining holati yomonlashishda davom etmoqda. RF qurolli kuchlari ukrainlarning Kuraxovodan janubi-sharqdan oʻtuvchi Suxiye Yali daryosi boʻyidagi tayanch punktlarini qurshovga olib, egallaganidan keyin tezlik bilan daryo boʻylab gʻarbga, Konstantinopol tomon harakatlandi: endi bu hududda Ukraina qurolli kuchlari mudofaasida «teshik» yuzaga kelgan. Hozirda Rossiya qoʻshini Konstantinopoldan va Donesk — Zaporijjya yoʻlidan toʻrt kilometr masofada turibdi, qolaversa, yurishni davom ettirish uchun tabiiy suv toʻsiqlarini kechib oʻtish talab etilmaydi.

Rossiya qoʻshini shimoldan Volyach daryosidagi Kuraxovo suv ombori toʻgʻoniga etib kelgan va gʻarb tomon — Suxiya Yali daryosi Volchyaga quyilishida joylashgan Konstantinopolga qarab harakatlanishda davom etmoqda. Rossiya aviatsiyasi Konstantinopol atrofida Suxiye Yali va Volchya orqali oʻtgan koʻpriklarni bombalamoqda va bu Ukraina qurolli kuchlari zaxira kuchlarni olib kelishini qiyinlashtirmoqda.

Bularning barchasi Ukraina qurolli kuchlariga yangi (va yanada keng koʻlamli) qurshov bilan tahdid solmoqda — bu safar Kuraxovoning oʻzida. Bu vaqtda Rossiya armiyasining shturmchi guruhlari Ukraina boʻlinmalarini shahar gʻarbidagi sanoat zonasiga surib tashlab, Kuraxovo markazi, ma'muriyat va koʻp qavatli uylar joylashgan hududni egallab olgan.

Endi sanoat zonasini mudofaa qilishdan ma'no qolmagan: ukrain qoʻmondonligi Rossiya qoʻshinining navbatdagi katta yurishiga yoʻl qoʻyishni istamasa, zudlik bilan shahardan gʻarbdagi Donesk — Zaporijjya yoʻli boʻylab yangi mudofaa chizigʻini tashkil etishi kerak boʻladi.

Pokrovsk

Rossiya qoʻshini kuzda Selidovo shahrini egallagach, Pokrovsk va Kuraxovo oʻrtasida Ukraina qurolli kuchlari mudofaasida boʻshliq paydo boʻldi. Qoʻshinlarning keyingi harakatlariga qaraganda, Rossiya qoʻmondonligi bu boʻshliqqa yirik kuchlarni olib kirish gʻoyasiga ega boʻlgandi.

Dekabrda Rossiya qoʻshini Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi boʻylab 10 kilometr masofaga ichkariladi hamda Pokrovsk shahridan besh kilometr masofada Pokrovsk — Konstantinopol — Velika Novosilka yoʻliga chiqdi. Bu erda Shevchenko qishlogʻi uchun Pokrovskdan etib kelgan ukrain kuchlariga qarshi ogʻir janglar boʻlib oʻtdi. Rossiya qoʻshini yakunda qishloqni egalladi, ammo Ukraina qurolli kuchlarining zirhlangan guruhlari bir necha bor ularning qishloq atrofidagi pozitsiyalariga hujumlar uyushtirdi.

Ukraina zaxira kuchlari Rossiya armiyasi Shevchenkodan gʻarbda oldinroq egallab olgan Novotroiskoye qishlogʻi yoʻnalishida ham hujumlar uyushtirdi. Ammo bu hujumlar qaytarildi, shundan keyin Rossiya boʻlinmalari gʻarb tomon harakatlanishda davom etdi. Koʻrinib turibdiki, Rossiya qoʻmondonligi zudlik bilan Pokrovskdek yirik shaharni toʻgʻridan toʻgʻri shturm qilishni reja qilmagan: qoʻshin 2025 yilda Pokrovskni qurshov holatiga tushirish uchun gʻarb tomon yurmoqda.

RF qurolli kuchlari Pokrovskdan gʻarbda, yonida mamlakatdagi eng yirik koks koʻmir koni joylashgan Udachnoye qishlogʻigacha etib borishi uchun besh kilometr masofa qolgan. Ammo Rossiya armiyasini Udachnoyedan Solenaya daryosi ajratib turibdi, Ukraina qurolli kuchlari ushbu daryo ortida yangi mudofaa chizigʻi qurishga urinib koʻrishi mumkin.

Bundan tashqari, Rossiya qoʻshini Solenaya vodiysida Shevchenkodan sharqda hamda janubdan Pushkino orqali Pokrovskning janubiy chekkalari tomon yurish qilmoqda.

Pokrovskka zaxira kuchlari olib kelinayotganiga qaramay, Ukraina qurolli kuchlari bu tahdidlarning barchasini qaytarish uchun etarli kuchga ega emas.

Kursk oblasti

Vladimir Putin Tramp bilan muzokaralar boshlanguniga qadar ukrain qoʻshinini Kursk oblastidan surib chiqarishga buyruq bergan. Ammo Rossiyaning kuzdagi yurishining dastlabki muvaffaqiyatlaridan keyin Ukraina qurolli kuchlari Sudja atrofida mustahkam himoya oʻrnata oldi.

Rossiyaning rejasi chegara boʻylab gʻarbdan va sharqdan zarbalar berib, ukrain qoʻshinini qurshovvga tushib qolmaslik uchun Sumi oblastiga chekinishga majbur qilishni nazarda tutardi. Ammo gʻarbiy yoʻnalishdagi yurish Novoivanovkada toʻxtab qoldi, bu erga Ukraina qurolli kuchlari yirik zaxira kuchlarini olib oʻtdi. Noyabr oyida Ukraina qurolli kuchlarining Novoivanovkadagi bazalariga shimoldan Malaya Loknya orqali hujum qilish muvaffaqiyatsizlikka uchradi: Rossiya qoʻshini katta yoʻqotishlarga uchradi, ammo Malaya Loknyaga kirib kelolmadi.

Sharqda esa Rossiya boʻlinmalari uzoq vaqtdan buyon Psel daryosi boʻyidagi Plexovo qishlogʻini qoʻlga kirita olmadi.

Dekabr oyida Shimoliy Koreya qoʻshini Rossiya armiyasi tomonda turib jangga kirdi — Kurskdagi butun front chizigʻi boʻylab. Rossiyalik «harbiy muxbirlar» xabar qilishicha, aynan ular Plexovoni egallagan va Kurilovka yaqinida Pselni kechib oʻtgan.

Sudjadan shimolda Rossiya qoʻshini shimoliy koreyaliklar koʻmagida Malaya Loknyaga yaqinlashmoqda.

Ammo Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi mudofaasi toʻlaqonli inqirozdan yiroq: hozircha ukrain qoʻshini Sudjadan va unga qoʻshni Sverdlikovodan Sumi oblastiga olib oʻtuvchi yoʻllarni nazorat qilar ekan, ular oʻz plasdarmini ham ushlab turadi — kamida yaqin oylar davomida. Toʻgʻri, Kreml, aftidan, Ukraina qurolli kuchlari Rossiya regioni hududida qolarkan, muzokaralar stoliga oʻtirmoqchi emas.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo