Shamsuddin Jabbor AQSh armiyasi faxriysi boʻlgan, IShIDga moyillik bildirgan va oʻz oilasini oʻldirish niyati haqida gapirgan. Rasmiylar Yangi Orleandagi hujumning Las-Vegasda Tesla Cybertruck portlashi bilan aloqdorligini tekshirmoqda.
Nima boʻlgandi?
2025 yil 1 yanvarga oʻtar kechasi Yangi Orleanda Ford F-150 Lightning rusumli elektr pikap haydovchisi frantsuz kvartalidagi Burbon-stritda yangi yilni nishonlayotgan odamlarni bosib ketdi — bu shahardagi doimo odamlar bilan gavjum boʻladigan va sayyohlar orasida mashhur markazlardan hisoblanadi. Shundan keyin haydovchi mashinadan chiqib, atrofdagilarni oʻqqa tuta boshlagan. Politsiya javoban oʻq uzgan, otishma vaqtida ushbu shaxs oʻldirilgan.
Soʻnggi ma'lumotlarga koʻra, Jabborning oʻzi bilan birga jami 15 kishi halok boʻlgan, kamida 35 kishi yaralangan.
Politsiya haydovchi harakatini qasddan amalga oshirgani va maksimal darajada zarar etkazishga uringanini qayd etgan. Federal qidiruv byurosi Yangi Orleandagi ommaviy qotillikni terrorchilik akti sifatida tekshirmoqda — mashinadan IShID bayrogʻi topilgan — va uning ehtimoliy sheriklarini qidirmoqda.
Burbon-strit hududidan qoʻlbola portlovchi qurilma ham topilgan va zararsizlantirilgan. Ammo hozircha IShID ham, boshqa tashkilot ham ushbu hujum uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olmagan.
Hujum qilgan shaxs haqida nimalar ma'lum?
FQB haydovchining shaxsiga aniqlik kiritgan: bu 42 yoshli Shamsuddin Jabbor boʻlib, u Texas shtati Bomont shahrida tugʻilib oʻsgan. 2004 yil avgustida Jabbor AQSh harbiy-dengiz kuchlarini tayyorlash markaziga oʻqishga kirgan, ammo bir oy oʻtib dasturni tark etgan.
2007 yil martidan 2015 yil yanvariga qadar Jabbor AQSh armiyasida kadrlar tayyorlash boʻyicha mutaxassis va axborot texnologiyalari sohasi mutaxassisi sifatida xizmat qilgan. 2009 yil fevralidan 2010 yil yanvariga qadar Jabbor Afgʻonistonda komandirovkada boʻlgan.
Uning ukasi, 24 yoshli Abdur New York Times gazetasi muxbiriga Shamsuddin nima ish qilishini bilmasdan, armiyaga ketganini aytadi.
2015 yildan 2017 yilgacha Jabbor Jorjiya shtati universitetida oʻqib, kompyuter axborot tizimlarida biznes boshqaruvi boʻyicha diplom oladi.
Talabalar gazetasiga bergan intervyusida u fuqarolik hayotiga moslashish qiyinchiliklari haqida gapirgan. Xususan, oʻqishga toʻlov qilish uchun faxriylar stipendiyasini olish yoʻlidagi byurokratiyadan hamda armiya jargonlaridan qutula olmayotganidan noligan.
Faol xizmatdan boʻshaganidan keyin ham, 2015 yildan 2020 yilga qadar armiya zaxirasida qolgan. Times nashri yozishicha, Jabbor 82-havo-desant diviziyasining 1-brigada jangovar guruhida axborot texnologiyalari guruhini boshqargan. Bu boʻlinma «Iblis brigadasi» deb atalgan.
Jabbor armiyadagi karerasini katta serjant maqomida yakunlagan. Unda ov va baliqchilik uchun litsenziya boʻlgan, shuningdek koʻchmas mulk agenti uchun berilgan litsenziyaga egalik qilgan, uning muddati 2023 yilda tugagan.
Jabbor ikki bor uylangan. Birinchi rafiqasi bilan 2012 yilda ajrashgan; ularning ikki qizi bor. U 2017 yilda yana uylanib, ikkinchi oilasi bilan 2022 yilgacha yashagan, uning bu nikohidan bir oʻgʻil tugʻilgan.
Abdurning soʻzlariga koʻra, aka-ukalar xristian oilada oʻsgan, ammo Shamsuddin ancha yillar islom dinini qabul qilgan. «Bilishimcha, u hayotining koʻproq qismini musulmon sifatida oʻtkazdi. Uning oʻzini tutishi esa islomni ifodalamasdi. Bu dindorlik emas, qandaydir radikallashuv edi», — degan u New York Times nashriga.
Jabborning boshqa tanishlari ham New York Times bilan suhbatda unda islom diniga qiziqish oʻsib borganini qayd etishgan. Bir yilcha oldin Jabbor Texas shtatining Hyuston shahridagi musulmonlar mahallasidagi uyni ijaraga olib, koʻchib oʻtgan.
Uning birinchi rafiqasining hozirgi turmush oʻrtogʻi nashrga ular Jabborga qizlari bilan koʻrishishni taqiqlashgani haqida aytib bergan, chunki u soʻnggi vaqtlarda oʻzini tushunarsiz, «aqldan ozgandek tutgan, oʻz sochlarini kesib tashlagan».
Jabborning taniganlarning yana bir qanchasi u tinch hayot kechirganini aytadi. U bir necha bor qonunbuzarlik qilgan, ammo bular zoʻravonlik bilan bogʻliq emasdi: CNN ma'lumotiga koʻra, 2002 yilda oʻgʻirlik qilganida qoʻlga tushgan, 2005 yilda — haydovchilik guvohnomasisiz avtomobil boshqargan, 2015 yilda esa alkogol ta'sirida rulga oʻtirgan.
2020 yilda ajrashish jarayoni vaqtida Jabborning ikkinchi rafiqasi uning oʻziga yaqinlashishini taqiqlashni soʻragan va sud uning iltimosini qanoatlantirgan. U ajrashish sababi sifatida ularning nikohi «ixtiloflar yoki shaxsiy mojarolar tufayli ortiq chidab boʻlmas holatga kelgani»ni keltirgan.
Yutuyubdagi rolikda Jabbor oʻzini hyustonlik koʻchmas mulk boʻyicha professional agent deb tanishtiradi. Sud hujjatlariga koʻra, soʻnggi yillarda u moliyaviy muammolarga uchragan. U Deloitte auditorlik kompaniyasida ishlagan va yiliga 120 ming dollar atrofida maosh olgan, ammo uning oʻz rieltorlik kompaniyasi Blue Meadow Properties — 28 ming dollar zarar koʻrgan, shuningdek, Jabborning kredit kartalar orqali 16 ming dollar qarzi bor edi.
CNN jinoyatni tergov qilish jarayonidan xabardor boʻlgan manbaga asoslanib, 1 yanvarga oʻtar kechasi, mashinada Texasdan Luizianaga ketayotganida, Jabbor qator videoroliklar yozgani haqida xabar bergan. Videolardan birida u oʻz oilasini oʻldirish rejasi haqida gapiradi, boshqasida IShIDga qoʻshilishga ilhomlantirgan tushlarini aytib beradi.
Ijaraga olingan avtomobil va Las-Vegasdagi portlash bilan bogʻliqlik ehtimoli
Jabbor Burbon-stritdagi hujumda foydalanilgan Ford F-150 Lightning elektr yoʻltanlamasini Turo sayti orqali ijaraga olgan — bu servis mashinalar egalariga ularni ijaraga berish imkonini beradi.
Las-Vegas sherifi Kevin Makmahill (chapda) portlagan Cybertruck rulida armiya maxsus boʻlinmasi razvedka serjanti Metyu Alan Livelsberger (oʻngda) boʻlganini ma'lum qilmoqda.
1 yanvar tongida Las-Vegasdagi Trump Hotel holdida portlab ketgan Tesla Cybertruck ham xuddi shu sayt orqali ijaraga olingan. Portlash oqibatida faqat haydovchining oʻzi halok boʻlib, yana etti kishi engil tan jarohatlari olishgan. Elektrmobilda yonilgʻi kanistrlari va detonatorga ulangan feyerverklar boʻlgan.
Amerika hukumati ikki hodisaning oʻzaro aloqadorligi ehtimolini tekshirmoqda.
Payshanba kuni politsiya va harbiylar portlagan avtomobilda amerikalik harbiy xizmatchi, armiyadagi maxsus topshiriqli boʻlinmada xizmat qilgan 37 yoshli serjant Mettyu Livelsberger boʻlganini tasdiqladi.
Tergovchilar uning biografiyasi va iste'fodagi harbiy Shamsuddin Jabbor biografiyasida bir necha parallellarni uchratishgan. Ammo Livelsberger va Jabbor oʻzaro tanish boʻlgani toʻgʻrisida hozircha ma'lumot yoʻq.
Las-Vegas sherifi Kevin Makmahill payshanba kuni jurnalistlarga yonib ketgan pikapda Livelsbergerning harbiy guvohnomasi va pasporti, shuningdek uning nomiga olingan bir necha kredit kartalari, ikkita toʻpponcha, ayfon va soatlar topilganini ma'lum qildi.
Yonib ketgan pikapda boshqa narsalar qatori Metyu Livelsbergerning pasporti ham topilgan
Sherif yakuniy rasmiy identifikatsiya uchun DNK tekshiruvi ham zarurligini, chunki Livelsbergerning tanasi tanib boʻlmas darajada kuyib ketganini ta'kidlagan. Lekin uning jasadi qoldiqlarida ikki tatuirovka saqlanib qolgan — serjant Livelsbergerda ham aynan shunaqasi boʻlgan.
Mahalli koroner (oʻlim sababini aniqlaydigan sudya) payshanba kuni Livelsberger oʻzini otib oʻldirgan. Tergov u portlashdan bir necha soni oldin oʻz joniga qasd qilganini aniqlagan.
«Men ishonch bilan aytishim mumkinki, bu oʻz joniga qasd qilish, shundan keyin darhol bomba portlagan», — degan matbuot anjumanida sherif Makmahill.
Pentagon vakili Livelsberger maxsus topshiriqli boʻlinma razvedkachisi boʻlganini tasdiqlab, u ta'tilda boʻlganini bildirgan.
FQB portlashda gumonlanuvchining motivlari hozircha aniq emasligini bildirgan. U Cybertruck’ni oʻzi tugʻilgan Kolorado shtatining Denver shahrida ijaraga olgan, bu shahar Las-Vegasdan ming kilometr masofada joylashgan.
Pikap portlashi oqibatida haydovchidan boshqa hech kim halok boʻlmagan. Tergovchilar Cybertruck kuzovi portlash kuchi va alangani atrofga tarqatmay, yuqoriga koʻtargani tufayli shunday boʻlganini taxmin qilmoqda.
1 yanvar kuni Las-Vegasda portlagan Tesla Cybertruck ham Yangi Orleandagi hujumda foydalanilgan yoʻltanlamas bilan bitta saytda ijaraga olingan. Foto: Reuters
Yangi Orleandagi ommaviy qotillik va Las-Vegasdagi portlashdan keyingi soatlarda politsiya va FQB Jabbor va Livelsbergerni umumlashtiruvchi faqat bitta jihat haqida aytayotgandi: ularning ikkisi ham pikaplarni Turo sayti orqali ijaraga olishgan. Endi tergovchilar yana bir necha parallellar topishgan.
Ularning ikkisi ham Shimoliy Karolinadagi Fort Bragg bazasida (hozirgi Fort Liberty) xizmat qilishgan. Shu bilan bir vaqtda, tergovchilarda ular bir vaqtda bitta qismda boʻlishgani yoki xizmat qilishgani haqida ma'lumot yoʻq.
Fort Liberty — ulkan harbiy baza boʻlib, u erda 50 mingdan ortiq kishi xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Jabbor va Livelsberger 2009 yilda Afgʻonistonda boʻlishgan. Ammo bu mamlakatda ularning yoʻllari kesishgani ma'lum emas.
FQB hozircha Yangi Orlean va Las-Vegasdagi hodisalar oʻzaro bogʻliq boʻlmagan, Jabbor yolgʻiz harakatlangan deb hisoblamoqda. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Barselona” yulduzlari shokda: Bizni aldashdi!
Vasiylik yoki homiylik qanday hollarda belgilanadi?
AQShda temiryoʻl koʻprigi poyezd harakati vaqtida qulab tushdi
Xorazmda "Qizil kitob"ga kiritilgan qushni sotayotgan shaxs qoʻlga tushdi
Jo Bayden Lionel Messini Ozodlik medali bilan mukofotladi
Yaponiyada yer yuzidagi eng keksa ayol vafot etdi
Rossiya va Ukraina tinchlik shartnomasini qachon imzolashi ma'lum qilindi
Andijonda mashina tomini teshib, unga isitish pechi oʻrnatgan shaxsga chora koʻrildi