21:33 / 21.01.2025
765

Tramp prezidentlik lavozimiga kirishgan kuniyoq sudga berildi

Tramp prezidentlik lavozimiga kirishgan kuniyoq sudga berildi
Inson huquqlari tashkilotlari Nyu-Hempshir federal sudiga AQSh prezidenti Donald Tramp ustidan da'vo arizasi bilan murojaat qilishdi.

Arizada noqonuniy migrantlarning AQSh hududida tugʻilgan bolalariga fuqarolik berishni rad qilish qarori Konstitutsiya va boshqa qonunlarga zid ekani ta'kidlangan. Ariza 20 yanvarda, Tramp prezidentlik lavozimiga kirishgan kuniyoq berilgan. Da'vo Tramp ma'muriyatini Konstitutsiya va boshqa qonunlarni buzganlikda ayblaydi.

«Tugʻilish huquqi asosida fuqarolik berish Amerikaning eng asosiy va'dasini oʻzida mujassam etadi: bizning zaminimizda tugʻilgan barcha bolalar ota-onalari kelib chiqishi, mavqei va sharoitlaridan qat'i nazar, jamiyatning toʻlaqonli va teng huquqli a'zolari sifatida hayotni boshlaydi. 14-tuzatishni ishlab chiquvchilar Konstitutsiyada ushbu tamoyilni hech kim, hatto prezident ham Amerikada tugʻilgan bolalarni fuqarolik huquqidan mahrum qila olmasligini ta'minlash uchun maxsus belgilab qoʻygan. Ular buni immigrant bolalarni, shu jumladan kamsitish va ta'qibga duchor boʻlganlarni himoya etishini bilgan holda qildilar», deyiladi hujjatda.

Da'voda javobgar sifatida Donald Tramp, Ichki xavfsizlik vazirligi, Davlat departamenti va boshqalar bor. Endi Tramp farmoni taqdiri katta ehtimol bilan Oliy sudda hal qilinadi.

Tugʻilish huquqi asosida fuqarolik berish - bu Qoʻshma Shtatlarda tugʻilgan har bir bolaning ota-onasidan qat'i nazar, AQSh fuqarosi boʻlishi (xorijiy diplomatlarning farzandlaridan tashqari) tamoyilidir. 14-tuzatish 1868 yilda ratifikatsiya qilingan. 30 yil oʻtib, 1898 yilda Oliy sud AQShda tugʻilgan muhojirlarning farzandlari fuqarolik huquqiga ega ekanligini tasdiqladi. Shundan beri bu tamoyil hech qachon shubha ostiga olinmagan.

20 yanvarda lavozimga kirishgan Donald Tramp bir necha oʻnlab buyruqlarni, jumladan «Amerika fuqaroligining ahamiyati va qadrini himoya qilish» nomli hujjatni imzoladi. Buyruqda aytilishicha, 14-tuzatish Qoʻshma Shtatlarda tugʻilgan, ammo «uning yurisdiktsiyasiga boʻysunmagan» shaxslarga taalluqli emas.

Hujjatdan kelib chiqqan holda, tugʻilish orqali avtomatik ravishda fuqarolikni olish huquqi quyidagilarga taalluqli emas:
  • - bolaning tugʻilishi vaqtida onasi AQShda noqonuniy boʻlgan va otasi mamlakat fuqarosi yoki qonuniy doimiy rezidenti boʻlmagan;
  • - onasi Qoʻshma Shtatlarda qonuniy, lekin vaqtinchalik (turizm, talaba yoki ish vizasi bilan) boʻlgan va otasi fuqaro yoki qonuniy doimiy rezident boʻlmagan.

Farmon davlat idoralariga bunday kishilarning farzandlariga guvohnoma berishni taqiqlaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo