21:57 / 24.01.2025
283

Tramp: «Zelenskiy farishta emas, u bu urushga yoʻl qoʻymasligi kerak edi»

Tramp: «Zelenskiy farishta emas, u bu urushga yoʻl qoʻymasligi kerak edi»
Foto: Videodan kadr
AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 2022 yil fevralida RF qoʻshinlarining Ukrainaga keng koʻlamli bosqiniga yoʻl qoʻymasligi kerak boʻlgani haqida gapirdi.

«Bilasizmi, u ham farishta emas, u bu urushga yoʻl qoʻymasligi kerak edi», — degan Tramp 23 yanvar kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

Tramp Zelenskiy Rossiya bilan kelishmoqchi ekanini ta'kidlagan: «Uning joniga tekkan». AQSh prezidenti soʻzlariga koʻra, ukrain armiyasi «yanada kattaroq, yanada qudratliroq kuch» bilan kurashishga toʻgʻri kelmoqda.

«U [Zelenskiy] bunday qilmasligi kerak edi, chunki kelishuvga erishish mumkin edi», — degan Tramp va buning oʻrniga Zelenskiy „men jang qilishni xohlayman“ deganini qoʻshimcha qilgan.

AQSh prezidenti urush boshlanganida Rossiyada «30 ming tank boʻlgani», «Zelenskiyda esa ular deyarli boʻlmagani»ni aytgan. «Bunday jang qilmaydilar. Shunda biz [Ukraina]ni texnikalar bilan sugʻora boshladik, sugʻordik, sugʻordik va sugʻordik. Va ular bu texnikalardan foydalanish uchun jasorat topishdi, ammo endi bu urushni tugatish kerak», — degan Tramp.

Intervyu vaqtida AQSh prezidenti yana bir bor agar Moskva urushni toʻxtatish boʻyicha kelishmaydigan boʻlsa, Rossiya bilan munosabatlarda «katta sanktsiyalar qoʻllash» bilan tahdid qilgan. Shu bilan birga, Tramp sanktsiya qoʻllashni istamasligini aytgan: «Men ruslarni yoqtiraman, ular buyuk xalq».

U avvalroq jahon bozorida neft narxini tushirishni Rossiyaga ta'sir koʻrsatish vositasi sifatida keltirgandi. 23 yanvar kuni AQSh prezidenti Davosdagi iqtisodiy forumda videoaloqa orqali ishtirok etib, Saudiya Arabistoni va OPEK davlatlaridan neft narxini tushirishni soʻrashini aytgandi. «Ular bu ishni nima uchun saylovgacha qilishmaganiga hayronman. Agar narxlar tushganida, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tez yakunlangan boʻlardi», — degan Tramp.

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning bu boradagi bayonotiga munosabat bildirib, 24 yanvar kuni «bu mojaro neft narxiga bogʻliq emasligi»ni aytdi. «Ushbu mojaro Rossiyaning milliy xavfsizligiga tahdid, ma'lum hududlarda yashovchi ruslarga tahdid, shuningdek, amerikaliklar va yevropaliklarning Rossiya xavotirlarini tinglashni istamasligi va toʻliq rad etishi tufayli sodir boʻlmoqda va bu neft narxiga aloqador emas», — degan u.

Donald Tramp Rossiya-Ukraina urushini tezroq yakunlash tarafdori. U Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara oʻtkazishni rejalashirmoqda va allaqachon muzokaralarga tayyorgarlik jarayoni olib borilayotganini aytgan. Kremldagilar Moskva Vashington bilan «teng huquqlik va hurmat asosidagi muloqot»ga tayyorligi, ammo «hozircha bunday signal kelmagani»ni aytishgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo