Sun'iy idrok sohasida inqilob: AQSh fond bozorini bir kechada "qulatgan" xitoycha ChatGPT
2025 yil 27 yanvar sanasi sun'iy idrok sohasida inqilobiy qadam tashlangani bilan tarixda qoldi. Xitoy kompaniyasi DeepSeek tomonidan taqdim etilgan yangi chatbot sabab AQSh fond bozori qizilga burkandi. Texnologik gigantlar aktsiyalari 1 trillion dollarga qadrsizlandi.
Investorlar bu voqeani 1957 yili Sovet ittifoqi birinchi boʻlib sun'iy yoʻldosh uchirganiga qiyoslab, sun'iy idrok uchun “Sputnik lahzasi” deb atadi. Oʻshanda AQSh texnologik poygada oʻzining ashaddiy raqibidan ortda qolayotgani haqida xavotirlar paydo boʻlgandi.
DeepSeek maydonga ChatGPT uchun raqobatchi sifatida chiqib, kamroq resurslar bilan oʻxshash natijalarni taqdim eta oldi. Bu AQSh sun'iy intellekt texnologiyalari bozoriga boʻlgan ishonchni susaytirib, global texnologiya aktsiyalarining qulashiga olib keldi.
Xususan, texnologiya sohasidagi Nasdaq Composite indeksi 3,1 foizga pasayib, uning umumiy qiymatidan 1 trillion dollar yoʻqoldi. DeepSeek tomonidan ishlab chiqilgan yangi modelning oqibatlari investorlarga jiddiy ta'sir koʻrsatdi.
Sun'iy intellekt modellarini yaratishda qoʻllaniladigan kompyuter chiplarining etakchi ishlab chiqaruvchisi Nvidia aktsiyalari qariyb 17% ga pasayib, 600 milliard dollar yoʻqotdi. Google kompaniyasi boʻysunuvchi Alphabet 100 milliard, Microsoft esa 7 milliard zarar koʻrdi.
DeepSeek AQSh va Buyuk Britaniyada Apple ilovalar doʻkonining eng yuqori oʻrniga koʻtarilib, OpenAI’ning ChatGPT ilovasini ortda qoldirdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp DeepSeek'ning muvaffaqiyatini AQSh texnologiya sanoati uchun ogohlantirish deb atadi. U Xitoy kompaniyasi “tezkor va arzonroq AI usulini” yaratgani haqida gapirib, buni “qimmatli ustunlik” sifatida baholadi.
DeepSeek AQSh sun'iy idrok bozorini ostin-ustun qilib yubordi
Foto: Getty Images
DeepSeek’ning asosiy yutugʻi sun'iy intellekt modellarini kam resurslar bilan yaratishga erishganidir. Kompaniya Nvidia’ning AQSh tomonidan Xitoy bozoriga kiritilgan cheklovlar sabab salohiyati kamaytirilgan H800 chiplaridan foydalanib, oʻz algoritmlarini ishlab chiqdi. Bu esa AQSh kompaniyalari ustida ishlayotgan koʻp milliardlik sun'iy idrok loyihalarining samarasini shubha ostiga qoʻydi.
DeepSeek: arzon va qulay
DeepSeek Xitoyning Xanchjou shahrida joylashgan tadqiqot kompaniyasi hisoblanadi. U tijorat mahsulotlarini ishlab chiqarmaydi. DeepSeek yordamchi dasturi va dasturiy ta'minoti bepul yuklab olish uchun ochiq. Kompaniyaning asoschisi Liang Venfeng boʻlib, oʻz ishini 2021 yili Nvidia chiplarini sotib olishdan boshlagan.
DeepSeek asoschisi Liang Venfeng
Foto: Businessday NG
Liangning fikricha, sun'iy intellekt “barcha uchun qulay va arzon boʻlishi kerak”. U AQSh va Xitoy oʻrtasidagi SI texnologiyalari farqi bir-ikki yilni tashkil etishini ta'kidlagan.
Tahlilchilar xavotiri va SI bozorining baholashlari
Goldman Sachs investitsiya banki SI sohasidagi haddan tashqari sarf-xarajatlar haqida ogohlantirgan edi. DeepSeek’ning yutugʻi bu xavotirlarni kuchaytirib, AQSh texnologiya sektoridagi baholarni pasaytirishi mumkin.
DeepSeek’ning R1 modeli 5,6 million dollarga ishlab chiqilgani aytiladi, bu esa AQSh modellarining narxidan ancha past. Ekspertlarga koʻra, Xitoy startapi amerikalik raqiblaridan ancha arzon. Boisi AQShda shu kabi modellarni tayyorlash uchun 100 million dollardan 1 milliardgacha sarflanadi.
Sun'iy intellektning kelajagi haqida
DeepSeek’ning muvaffaqiyati kichik resurslar bilan innovatsiyalar yaratish mumkinligini isbotladi. Bu, shuningdek, sun'iy intellektni ommalashtirish va ilm-fan hamda xususiy sektor uchun yangi imkoniyatlar yaratish yoʻlida muhim qadamdir.
Oʻzining ochiq manbali yondashuvi bilan DeepSeek AI texnologiyalarining rivojlanishi va ommaviy foydalanish sohasiga katta ta'sir koʻrsatishi kutilmoqda.