17:42 / 02.02.2025
45

Xitoy savdo urushi boshlanishidan AQShni ogohlantirdi

Xitoy savdo urushi boshlanishidan AQShni ogohlantirdi
Foto: Reuters
AQSh Kanada, Xitoy va Meksikadan keltirilayotgan tovarlarga bojxona toʻlovlarini joriy etadi. Prezident Donald Tramp tegishli farmonni 1 fevral kuni imzoladi. Bunga javoban Xitoy AQShni savdo urushi boshlanishidan ogohlantirdi.

AQShga qoʻshni boʻlgan Kanada va Meksika mahsulotlari uchun boj 25 foizgacha, Kanadadan olib kelinadigan xom neft uchun esa 10 foiz miqdorida belgilandi. Xuddi shunday — oʻn foizlik stavka Xitoydan keltirilayotgan tovarlarga ham qoʻllaniladi.

Tramp oʻz qarorini noqonuniy migrantlar va giyohvand moddalar kontrabandasi tahdidi bilan izohladi.

“Biz amerikaliklarni himoya qilishimiz kerak, mening prezident sifatidagi vazifam esa — hammaning xavfsizligini ta'minlash”, deb yozdi u Truth Social ijtimoiy tarmogʻida.
Shu paytgacha AQSh, Kanada va Meksika oʻrtasidagi tovar savdosida deyarli hech qanday qoʻshimcha bojlar mavjud emasdi. Chunki Vashington, Ottava va Meksika USMCA erkin savdo bitimini imzolagandi. Trampning oʻzi bu hujjatga Oq uydagi birinchi muddati davomida imzo chekkan.

Ehtimoliy savdo urushi

AQSh Xitoydan import bojlarini yana bir bor oshirgach, Pekin Vashingtonni savdo urushi xavfi haqida ogohlantirdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonotida “savdo yoki bojxona urushida” gʻoliblar boʻlmasligi ta'kidlangan.

“Qoʻshimcha 10 foiz miqdoridagi bojlar mamlakatlar oʻrtasidagi narkotrafikka qarshi kurashda ikki tomonlama hamkorlikka ta'sir qilishi va unga zarar etkazishi muqarrar”, deyiladi vazirlik xabarida.

Xitoy “yangi bojlarni qat'iyan rad etishi” va “oʻz huquq va manfaatlarini qat'iy himoya qilishi uchun “tegishli javob choralarini koʻrishi”ni ta'kidladi.

AQSh ustidan JSTga shikoyat

Bundan tashqari, Xitoy Jahon savdo tashkilotiga (JST) AQShga qarshi shikoyat qilish niyatida. Pekinning fikricha, AQSh tomonidan bojlarning bir tomonlama kiritilishi JST qoidalarini qoʻpol ravishda buzish hisoblanadi.

Xitoy bayonotida bunday choralar “AQShga nafaqat ichki muammolarini hal qilishga yordam bermasligi, balki normal iqtisodiy va savdo hamkorligiga putur etkazishi” ta'kidlangan. Xitoy hukumati Vashingtonni “oʻz siyosatini qayta koʻrib chiqishga“ chaqirgan.

Trampning ayblovi

Prezident Kanada, Meksika va Xitoyni oʻlimga olib keluvchi fentanil giyohvand moddasini AQShga kontrabanda yoʻli bilan etkazib berishga qarshi etarlicha kurashmayotganlikda aybladi. Qoʻshma Shtatlarda har yili 75 000 ga yaqin odam fentanil dozasi oshib ketishidan vafot etadi. Ushbu opioid moddasi koʻpincha Meksikada Xitoydan keltirilgan kimyoviy komponentlardan ishlab chiqariladi va keyin noqonuniy ravishda AQShga olib kiriladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo