Foto: Getty Images
6 fevral kuni Qutb doirasidan janubda, Alyaskadagi Norton Saund koʻrfazi ustidan uchib oʻtayotgan, bortida oʻn kishi boʻlgan samolyot radarlardan gʻoyib boʻldi. Qutqaruvchilar tun yarmigacha qidiruv ishlarini davom ettirgan, deb yozadi Daryo nashri.
Alyaska jamoat xavfsizligi departamentining ma'lum qilishicha, Bering Air aviakompaniyasiga tegishli samolyot Unalaklitdan Nomga yoʻl olgan. Bortda toʻqqiz nafar yoʻlovchi va uchuvchi boʻlgan. Hozirda mas'ul idoralar samolyotning soʻnggi ma'lum koordinatalarini aniqlashga urinmoqda.
Unalaklit — Alyaskaning gʻarbiy qismidagi aholi punkti boʻlib, u Nomdan 240 kilometr janubi-sharqda va Ankorijdan 640 kilometr shimoli-gʻarbda joylashgan. Bu erda taxminan 690 kishi istiqomat qiladi.
Bering Air aviakompaniyasining ekspluatatsiya boʻyicha direktori Devid Olsonning aytishicha, Cessna Caravan samolyoti Unalaklitdan soat 14:37 da uchgan va bir soatdan kamroq vaqt oʻtgach u bilan aloqa uzilgan. AQSh qirgʻoq qoʻriqlash xizmati ma'lumotlariga koʻra, samolyot qirgʻoqdan 19 kilometr uzoqlikda boʻlgan.
Bering Air Alyaskaning gʻarbiy qismidagi 32 ta aholi punktiga Nom, Kozebu va Unalaklitdagi markazlaridan xizmat koʻrsatadi. Koʻpchilik yoʻnalishlarga dushanbadan shanbagacha kuniga ikki marta muntazam reyslar amalga oshiriladi.
Nomning oʻt oʻchirish xizmati ijtimoiy tarmoqlarda xabar berishicha, quruqlikdagi guruhlar Nom shahridan Topkokkacha boʻlgan qirgʻoq boʻylab qidiruv ishlarini olib bormoqda.
Ob-havo sharoiti va koʻrishning yomonligi sababli havodan qidiruv ishlarini olib borish imkoniyati cheklangan, deyiladi xabarda.
Aholiga ob-havo sharoiti juda xavfli boʻlgani uchun mustaqil qidiruv guruhlari tuzmaslik tavsiya etildi. AQSh qirgʻoq qoʻriqlash xizmati samolyoti ekipaji yoʻqolgan kemaning soʻnggi ma'lum koordinatalari atrofida qidiruv ishlarini olib borishi kutilmoqda.
Milliy meteorologiya xizmati ma'lumotlariga koʻra, uchish vaqtida Unalaklitda harorat -8,3 daraja sovuq boʻlgan. Kuchsiz qor yogʻib, tuman kuzatilgan. Samolyot bortida boʻlganlarning ismlari hozircha oshkor etilmayapti.
Bu AQShda soʻnggi kunlarda sodir boʻlgan uchinchi yirik aviahalokat hisoblanadi. Joriy yilning 29 yanvar kuni mamlakat poytaxti yaqinida yoʻlovchi samolyoti va harbiy vertolyot havoda toʻqnashishi oqibatida 67 kishi halok boʻldi. Ikki kundan soʻng, 31 yanvar kuni Filadelfiyada tibbiy transport samolyoti halokatga uchradi, oqibatda bortdagi olti kishi va erdagi bir kishi halok boʻldi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar