19:11 / 12.02.2025
110

Ukrain armiyasi yangi bosh qoʻmondon bilan qanday jang qilmoqda?

Ukrain armiyasi yangi bosh qoʻmondon bilan qanday jang qilmoqda?
Foto: Getty Images
Bir yil oldin, 2024 yil 8 fevralida, ukrain armiyasi boshqaruviga yangi bosh qoʻmondon kelgandi — prezident Zelenskiy bu lavozimga Valeriy Zalujniy oʻrniga Quruqlik kuchlari qoʻmondoni Oleksandr Sirskiyni tayinlagandi.

U keng koʻlamli urush boshlanganida Kiyev mudofaasini boshqargan, shuningdek 2022 yil sentyabrida Xarkiv oblastida muvaffaqiyatli qarshi hujum tashkillashtirgandi.

2024 yilda frontdagi vaziyat Ukraina qurolli kuchlari uchun sezilarli darajada murakkablashdi va Sirskiy boshqaruvida oʻtgan yil ukrainlar mudofaasi uchun juda qiyin kechgani bilan yodda qoldi.

Shu bilan birga, armiya faqat chekinish bilan mashgʻul boʻlmasdan dushman uchun kutilmagan uchastkada yurish amalga oshirishga ham muvaffaq boʻldi.

BBC Ukraina xizmati sharhlovchisi Sergey Morfinov Ukraina qurolli kuchlari Sirskiy boshqaruvidagi bir yilni qanday oʻtkazganini koʻrib chiqdi.

Zalujniy — Sirskiy rotatsiyasi

Volodimir Zelenskiy bosh qoʻmondonni almashtirish sababi sifatida «Ukraina qurolli kuchlari rahbariyatini yangilash» zaruratini keltirgandi.

Ammo Zalujniy — Sirskiy rotatsiyasining norasmiy sababi sifatida prezident ofisi va oldingi bosh qoʻmondon oʻrtasida ikkinchisining ehtimoliy siyosiy ambitsiyalari tufayli yuzaga kelgan ziddiyat ham aytiladi. Zalujniy gʻarb matbuotida urushning borishini baholab borishi ham rahbariyatga ma'qul emasdi.

Oleksandr Sirskiy esa jamoat joylarida koʻp koʻrinish bermas va gʻarb matbuoti bilan tanish emasdi.

Shu bilan birga, u oliy bosh qoʻmondonga sodiqligi hamda hech qanday siyosiy ambitsiyalari yoʻqligi aytilardi.

Bir yil davomida Oleksandr Sirskiy prezident va uning jamoasiga tanqid sifatida baholanishi mumkin boʻlgan birorta e'tiroz bildirmadi.

Frontda nimalar boʻlayotgandi?

Frontda Sirskiyga ogʻir meros qoldirilgandi — bir yil oldin rossiyaliklarning 2023 yil oktyabrida boshlangan keng koʻlamli yurishi avj pallasiga kirgandi va hozirda ham davom etmoqda.

Avdiyivka xarobalari Rossiya nazoratiga oʻtgan
Ukraina mudofaasida birinchi navbatda Rossiya armiyasi shaxsiy tarkib, oʻq-dori, texnika va KABdan foydalanuvchi (boshqariluvchi aviabombalar) aviatsiya evaziga erishgan ustunlik tufayli yuzaga kelgan inqiroz Zalujniy qoʻmondonligi davridayoq boshlangandi.

2024 yil fevralda esa, Sirskiy bu lavozimga kelgan kunlarda ukrain qoʻshini Avdiyivkani — Donesk yaqinidagi 2014 yildan buyon ushlab turilgan muhim istehkomni tashlab chiqqandi.

Avdiyivkadan chekingan mudofaa kuchlari, Oleksandr Sirskiy buni «nisbatan foydali marralarga oʻtish» deb izohlaganiga qaramay, shundan keyin Donesk yoʻnalishida boshqa pozitsiyalarda mustahkam oʻrnasha olmadi.

Rossiyaliklarning Donbassdagi juda sekin, ammo toʻxtovsiz ilgarilashi yangi bosh qoʻmondon rahbarligining bir yilida davom etdi.

Bu vaqt mobaynida ukrain armiyasi Krasnohorivka, Vuhledar, Selidove, Kuraxovo, Velika Novosilka kabi muhim aholi yashash punktlarini boy berdi.

Shu bilan birga, bu vaqt ichida — katta muammolar bilan boʻlsa ham — Rossiya qoʻshinining Xarkiv oblasti shimolidagi katta yurishi toʻxtatib qolindi.

Sirskiy qoʻmondonlikka kelganiga bir yil toʻlgan kunlarda Pokrovsk va Chasiv Yar shaharlari uchun, Toresk va Liman hududlarida, shuningdek, Xarkiv yaqinida, Kupyansk shahri ostonalarida janglar davom etmoqda.

Rossiya kuchlarini Dnipropetrovsk oblasti ma'muriy chegaralaridan bir necha kilometr ajratib turibdi.

Biroq, harbiy sharhlovchilar qayd etishicha, hududiy yoʻqotishlarga qaramay, Sirskiy davrida ukrain fronti «parchalanib ketmagan»: dushman oʻnlab kilometr masofaga yorib kira olmagan, Rossiya armiyasining har qanday oldinga siljishi katta yoʻqotishlar berish evaziga kechgan.

2025 yil fevral oyiga kelib rossiyaliklarning koʻp oylik yurishi sekinlasha boshlagan.

Kursk operatsiyasi

Donbassdagi chekinishga qaramay, Oleksandr Sirskiy Ukraina qurolli kuchlari rahbarligida frontning boshqa bir uchastkasida Xarkiv atrofidagi 2022 yilgi yurish bilan birgalikda zamonaviy harbiy tarixga kiradigan yana bir yurish amalga oshirishga muvaffaq boʻldi.

6 fevral kuni Rossiyadagi telegram-kanallar ukrain armiyasi Kursk oblastida qarshi hujumga oʻtgani haqida xabar bera boshladi
2024 yil avgust oyi boshida ukrain destanchilarining shturmchi guruhlari Kursk oblastida Rossiya bilan chegaradan oʻtdi va bir necha kun ichida Sudja rayoni markazini egalladi. Ukraina oʻsha kunlarda Rossiyaning 1 000 km kv hududini oʻz nazoratiga olgandi.

Kursk operatsiyasi birinchi bosqichidagi muvaffaqiyat bir necha omillar bilan izohlanadi. Birinchidan, Ukraina qurolli kuchlari chegarada sezdirmasdan zarbdor guruh toʻplay olgandi, hozirgi sun'iy yoʻldoshlar imkoniyatlaridan foydalanadigan razvedka sharoitida esa bu muhim va juda murakkab vazifadir.

Ikkinchidan, yurishda eng tajribali va jangovar boʻlinmalar, masalan, Ukraina qurolli kuchlarining 95- va 80-desant-shturm brigadalari ham qatnashdi.

Uchinchidan, rossiyaliklar chegarada ishonchli mudofaa chizigʻi hosil qila olmagandi: ukrain shturmchilariga koʻp hollarda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yosh askarlar roʻpara keldi.

«Tanlov yoʻq edi, men bu amaliyotni oʻtkazishim kerak edi. Bir vaqtning oʻzida Xarkivga hujumni toʻxtatish, butun front boʻylab bosimni yengillashtirish hamda Sumida yangi front ochilishiga yoʻl qoʻymaslik kerak edi. Shu tufayli men dushman zaifroq boʻlgan, chegarani qoʻriqlash uchun kam askar qoldirgan joyda yurish boshlashga qaror qildim», — degan izohlagandi keyinroq Oleksandr Sirskiy Le Monde uchun intervyusida.

Moskva bilan tinchlik muzokaralariga harakat faollashgan bir vaqtda Kursk plasdarmini ushlab turishning siyosiy jihati ham yaqqol yuzaga chiqmoqda.

Sentyabrda rossiyaliklar Kursk oblastida qarshi hujumga oʻtdi va keyingi oylar davomida hududning bir qismini qaytarib oldi.

Ammo hamon Kursk oblastining 500 km kv hududi, jumladan Sudja ham Ukraina nazorati ostida qolmoqda.

6 fevral kuni ukrain kuchlari Kursk yaqinida, Ulanok va Cherkassi Konopelka qishloqlari hududida lokal qarshi hujum boshlagani ma'lum boʻldi. Shunday ekan, bu hududda vaziyat ancha dinamikligicha qolmoqda.

Shu bilan birga, Kursk operatsiyasi uchun Oleksandr Sirskiyni tanqid ham qilishadi — frontning ushbu uchastkasiga jalb etilgan harbiylar bilan Donesk oblastini yaxshiroq mudofaa qilish mumkin edi. Shuningdek, Kursk amaliyoti tufayli endi Sumi oblasti shimolida rossiyaliklarning katta guruhi toʻplandi.

Oʻz navbatida, rossiyaliklar ham oʻz hududini himoya qilish uchun Ukraina frontidan katta kuchlarni olib ketishiga toʻgʻri keldi (va hatto KXDR qoʻshini yordamga chaqirildi).

Sirskiy haqida nimalar deyishadi?

Bosh qoʻmondon lavozimida Sirskiy «qonli mudofaasi» va goʻyoki qurshov xavfi ostida qolgan boʻlinmalarni olib ketishdan bosh tortishda, shuningdek «harbiy mikromenejment»da qoralanadi.

Masalan, harbiy muxbir va «Tsenzor.Net» bosh muharriri Yuriy Butusov Oleksandr Sirskiyni toʻgʻridan toʻgʻri voqea joyida boʻlgan brigada va batalyonlarni aylanib oʻtgan holda operativ darajadagi buyruqlar berishda ayblagan.

U, shuningdek, tuzilishi bilan jangovar layoqatga ega boʻlmagani haqida gapirila boshlangan 155-brigada bilan yuzaga kelgan vaziyatda bosh qoʻmondon «vazifalarni qoʻl rejimida qoʻygani va zaxiralarni tashkil etish, tayyorlash va qoʻllashning rejalashtirilgan jarayonini tashkil etishga qodir boʻlmagani»ni aytgandi.

Shu bilan birga, boshqa sharhlovchilar Oleksandr Sirskiy Rossiya armiyasining resurslar bobidagi ustunligi va Ukrainadagi safarbarlik bilan bogʻliq muammolar sharoitida harakat qilishiga toʻgʻri kelayotganini qayd etishgan.

«Chunki Sirskiyda, bosh qoʻmondonda, aslida hech qanday resurs yoʻq: uning qoʻlida na pul, na ehtiyot kuchlar, na zaxiralar bor. Kimdir unga bu resurslarni yaratib berishi kerak. Bu inson resurslari, moliyaviy resurslar, iqtisodiy omillar va ijtimoiy elementlar boʻlib, uning ishini bajarishi uchun zarur», — degandi BBC uchun intervyusida general-mayor Viktor Nazarov.

Uning soʻzlariga koʻra, Ukraina resurslar yetishmovchiligiga qaramay, dosh berib turibdi: «Kimdir frontda „katta fojia“ sodir boʻlayotganini aytadi. Ha, albatta, biz chekinyapmiz, bu haqiqat, va men buning sabablarini sizga tushuntirdim… Lekin vaziyat yanada yomon boʻlishi mumkin edi».

«Hatto agar bugun Oleksandr Stanislavovich [Sirskiy] oʻrnida NATOdagi eng tajribali, mashhur va yuqori saviyali generallardan biri turgan taqdirda ham, men sizni ishontirib aytamanki, vaziyat yaxshilanmasdi, balki yanada yomonlashgan boʻlar edi», — deya ishonchi komil Nazarovning.

Sirskiy oliy bosh qoʻmondon, prezident Volodimir Zelenskiyga oʻta sodiq ekani aytiladi
Ukraina qurolli kuchlarining Petro Poroshenko zamonidagi bosh qoʻmondoni Viktor Mujenko esa Sirskiy va Zalujniyni shunday solishtirgan: «Fikrimcha, [birinchidan], Sirskiy professional jihatdan Zalujniyga qaraganda yaxshiroq tayyorlangan. Ikkinchidan, Sirskiyning harbiy boshqaruv, jarayonlarni tashkillashtirish va rejalashtirish boʻyicha tajribasi Zalujniynikidan kattaroq. Uchinchidan, Sirskiy oʻz rejalari va harakatlari uchun mas'uliyatni oʻz zimmasiga ola oladi».

Avvalroq Mujenko Sirskiyni lavozimlarga printsip boʻyicha tayinlash odatini tanqid qilgandi: «agar itoatkor boʻlsa — demak oʻzimizniki». Sobiq bosh qoʻmondon fikricha, bu turli darajadagi kadrlar samaradorligiga ta'sir qiladi va tajribali komandirlar yoʻqotilishiga olib keladi.

Shu kunlarda Oleksandr Sirskiy Ukraina qurolli kuchlari armiya korpuslarini shakllantirishni nazarda tutuvchi yangi tuzilmaga oʻtganini e'lon qildi.

Bu strategik islohot boʻlib, u qoʻshinlarning frontdagi harakatlarini tashkil etishni yaxshilashi va brigadalarning kelishilmagan harakatlari, layoqatsiz boʻlinmalarni murakkab hududlarga yuborish yoki brigadalarga biriktirilgan boʻlinmalarning katta yoʻqotishlari tufayli yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishi (yoki hech boʻlmaganda kamaytirishi) mumkin.

Bu islohotning samaradorligi koʻp jihatdan aynan Oleksandr Sirskiyning harakatlari va qarorlariga bogʻliq boʻladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo