
O‘zbekiston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston BMT Inson huquqlari kengashining Jenevada bo‘lib o‘tgan 58-sessiyasida qo‘shma bayonot bilan chiqib, natsistlarni ulug‘lashga bo‘lgan urinishlarni keskin qoraladi. Bu bayonot Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligi arafasida qabul qilindi.
Fashizmni oqlashga qarshi qat’iy pozitsiya
Rossiya delegatsiyasi vakili Yevgeniy Ustinov tomonidan o‘qib eshittirilgan bayonotda, fashistlar va ularning sheriklarini ulug‘lash istagi mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligi ta’kidlandi.
«Ikkinchi jahon urushi davomida asosiy natsist jinoyatchilarning harakatlari Nyurnberg tribunali tomonidan jinoyat deb topilgan. Bu fashistlar tomonidan tinch aholini ommaviy qirg‘in qilish, xalqlarni qul qilib ishlatish va shovinistik mafkurani yoyish harakatlari rasmiy ravishda ayblanganidan dalolat beradi. Biz bu dahshatli jinoyatlarning Sovet Ittifoqi xalqlariga qarshi genotsid sifatida baholanishi kerak deb hisoblaymiz», — deyiladi bayonotda.
Tarixni buzib ko‘rsatishga qarshi murojaat
Qoralovchi bayonotda, shuningdek, Ikkinchi jahon urushi uchun javobgarlikni Sovet Ittifoqi va fashistlar Germaniyasi o‘rtasida teng taqsimlashga bo‘lgan urinishlar qattiq tanqid qilindi. Bu pozitsiya urushda halok bo‘lgan millionlab odamlarning xotirasiga nisbatan behurmatlik sifatida baholandi.
«Bizning muqaddas burchimiz — natsizm ustidan qozonilgan umumiy G‘alaba haqidagi haqiqatni himoya qilish, fashizm va millatchilik asosida qurilgan mafkuraning qayta tiklanishining oldini olishdir», — deyiladi qo‘shma bayonotda.
Millatchilik va kamsitishga qarshi birgalikdagi kurash
Delegatsiyalar, shuningdek, BMT doirasida millatchilik, irqiy va diniy kamsitishlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishni davom ettirish zarurligini ta’kidlashdi. Bayonotda aytilishicha, insoniyat tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun bu kabi xavflarga qarshi birgalikda harakat qilishi lozim.
BMT Inson huquqlari kengashining mazkur sessiyasi tarixiy xotirani saqlash va fashizmni oqlashga yo‘l qo‘ymaslik borasida muhim qadamlardan biri bo‘ldi. O‘zbekiston va ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan beshta davlat kelgusida ham ushbu yo‘nalishda faol ishlashini ma’lum qildi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar