
AQSH va Ukraina delegatsiyalari 11 mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida muzokaralar o‘tkazdi. Vashington vakillari 30 kunlik vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etishni taklif qildi, Ukraina bunga rozi bo‘ldi. AQSH muzokaralar yakunida Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish va razvedka ma’lumotlarini almashish qayta tiklanishini e’lon qildi. AQSH prezidenti Donald Tramp yaqin vaqtlar ichida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot qilmoqchi. Quyida Amerika-Ukraina muzokaralari natijalariga dunyo bo‘ylab qanday munosabat bildirilgani haqida.
Jahon
Donald Tramp
AQSH prezidenti
Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish. Biz shu soatlarda shunga kelishdik. Endi biz Rossiyaga borishimiz va prezident Putin bunga ham rozi bo‘lishiga umid qilishimiz kerak. Va biz davom etishimiz mumkin. Biz har hafta ikki-uch ming, ba’zan ikki-uch-to‘rt ming askar halok bo‘ladigan bu dahshatli urushni to‘xtatishimiz mumkin. Men hisobotlarni olyapman... Biz bu urushga chek qo‘ymoqchimiz. Shuning uchun, menimcha, bu va siz Oval kabinetda ko‘rgan oxirgi tashrif o‘rtasidagi juda katta farq bor. Demak, gap agar ular rozi bo‘lsa, Ukrainada o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish haqida ketmoqda. Va umid qilamanki, Rossiya rozi bo‘ladi. Biz ular bilan bugun yoki ertaga uchrashmoqchimiz. Umid qilamanki, biz kelisha olamiz. Lekin o‘ylashimcha, o‘t ochishni to‘xtatish juda muhim. Agar biz Rossiyani bunga majbur qila olsak, ajoyib bo‘ladi. Agar yo‘q bo‘lsa, biz shunchaki davom etamiz va odamlar halok bo‘ladi. Juda ko‘p odam.
Marko Rubio
AQSH davlat kotibi, u Ukraina bilan muzokaralarda Amerika delegatsiyasiga rahbarlik qildi
Bugun tinchlik uchun yaxshi kun bo‘ldi. AQSH prezidenti Donald Trampning yetakchiligi va valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmonning mehmondo‘stligi tufayli biz Ukrainada mustahkam tinchlikni tiklashga bir qadam yaqinlashdik. Endi to‘p Rossiya tomonida.
Kir Starmer
Buyuk Britaniya bosh vaziri
Men bugun Jiddada erishilgan kelishuvni iliq qarshilayman va prezident Tramp va prezident Zelenskiyni ushbu ajoyib yutuq bilan tabriklayman. Bu Ukrainadagi tinchlik uchun muhim palla va hozir barchamiz imkon qadar tezroq mustahkam va xavfsiz tinchlikka erishish uchun sa’y-harakatlarimizni ikki baravar oshirishimiz kerak. Amerika va Ukraina delegatsiyalari ma’lum qilganidek, to‘p endi Rossiya tomonida. Rossiya o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy harakatlarni to‘xtatishga rozi bo‘lishi kerak.
Emmanuel Makron
Fransiya prezidenti
Men bugun Jiddada Amerika Qo‘shma Shtatlari va Ukraina o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda erishilgan yutuqlarni, ayniqsa, ehtimoliy 30 kunlik sulh g‘oyasini olqishlayman. Endi to‘p shubhasiz Rossiya tomonida. Fransiya va uning hamkorlari Ukraina uchun ishonchli xavfsizlik kafolatlari bilan mustahkam va uzoq muddatli tinchlikka erishish tarafdori.
Ursula fon der Lyayen
Yevropa komissiyasi rahbari
Biz o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv hamda AQSH tomonidan razvedka ma’lumotlari almashinuvi va xavfsizlik yordamini qayta tiklash taklifini o‘z ichiga oluvchi AQSH va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar bo‘yicha Jiddadan kelgan yangiliklarni olqishlaymiz. Bu Ukrainada keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlik sari qo‘yilgan qadam bo‘lishi mumkin bo‘lgan ijobiy voqeadir. Endi to‘p Rossiya tomonida. Yevropa Ittifoqi o‘z hamkorlari bilan birgalikda bo‘lajak tinchlik muzokaralarida to‘liq ishtirok etishga tayyor.
Donald Tusk
Polsha bosh vaziri
Aftidan, amerikaliklar va ukrainlar tinchlik sari muhim qadam tashladi. Yevropa ham adolatli va mustahkam tinchlikka erishishda yordam ko‘rsatishga tayyor.
Lindsi Grem
Janubiy Karolinadan senator, Respublikachilar partiyasi a’zosi
Ukraina Qo‘shma Shtatlarning 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi bo‘lganini eshitganimdan juda xursandman. Trampning jamoasi ajoyib. Umid qilamanki, Rossiya ham unga amal qiladi. Agar Rossiya rad etsa, biz unga qarshi sanksiyalar qo‘llashimiz kerak... Rossiya allaqachon Ukrainaga shafqatsiz bosqini uchun katta iqtisodiy og‘riqni his qilish vaqti keldi. Men prezident Donald Trampni bu varvarlarcha urushni tezroq to‘xtatish borasidagi sa’y-harakatlari uchun olqishlayman.
Edgar Rinkevich
Latviya prezidenti
Men AQSH-Ukraina muzokaralarining ijobiy natijalarini hamda xavfsizlik va Ukraina bilan razvedka ma’lumotlarini almashish sohasida Amerika yordami qayta tiklanishini olqishlayman. Ukraina adolatli va mustahkam tinchlikka chinakam tayyorligini namoyish etdi. Darhaqiqat, endi to‘p Rossiya tomonida.
Gitanas Nauseda
Litva prezidenti
Litva AQSH va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning dastlabki ijobiy natijalarini olqishlaydi. Ukraina adolatli va mustahkam tinchlikka erishishga tayyorligini yana bir bor namoyish etdi. Endi Rossiya bunga javob berishi kerak. Kelajakda tinchlik va xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash asosiy ustuvor vazifa bo‘ladi.
Kaya Kallas
Yevropa diplomatiyasi rahbari
Men Jiddada AQSH va Ukraina o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarni, xususan, o‘t ochishni to‘xtatish va razvedka va xavfsizlik, shuningdek, gumanitar sohada Ukrainaga Amerika yordamini qayta tiklash bo‘yicha muzokaralarni olqishlayman. To‘p har doimgidek Rossiya tomonida. Yevropa Ittifoqi adolatli va mustahkam tinchlikka erishish uchun imkon doirasidagi barcha ishni qiladi.
Annalena Berbok
Germaniya TIV rahbari
Ukraina va AQSH o‘rtasidagi bugungi muzokaralar natijalari Ukrainaning mustahkam tinchlik va xavfsizlikka intilishida muhim burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Germaniya hamkorlarimiz bilan birga Ukraina xalqini bu yo‘lda qo‘llab-quvvatlaydi. Endi Rossiya tajovuzkor urushini to‘xtatishi kerak.
Mayk Li
Yutadan senator, Respublikachilar partiyasi a’zosi
Ukrainada muzokaralar yo‘li bilan erishilgan tinchlik sari katta qadam. Ofarin.
Kris Myorfi
Konnektikutdan senator, Demokratik partiya a’zosi
Keling, nima bo‘lganini aniqlab olaylik. Tramp Zelenskiyni mohiyatan Rossiya tomonidan ishlab chiqilgan, Rossiyaning qandaydir yon berishlarisiz Ukrainaning katta hududlarini Rossiyaga tortiq qilishni ko‘zda tutuvchi «sulh»ni qo‘llab-quvvatlashga majbur qilish uchun qurol-yarog‘ va razvedka ma’lumotlari almashinuvini to‘xtatib, Ukrainani mag‘lubiyat yoqasiga olib keldi.
Ukraina
Volodimir Zelenskiy
Ukraina prezidenti
Amerika tomoni bizning dalillarimizni tushunadi, takliflarimizni qabul qiladi, men prezident Trampga jamoalarimizning konstruktiv suhbati uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bugun suhbatda Amerika tomonining birinchi qadamni qo‘yish taklifi bor edi — 30 kun davomida nafaqat Qora dengizda, balki butun front chizig‘ida raketalar, dronlar va bombalarni butunlay to‘xtatishga harakat qilish. Ukraina bu taklifni qabul qilmoqda, biz buni ijobiy deb hisoblaymiz, biz bunday qadamni tashlashga tayyormiz. Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiyani bunga ishontirishi kerak. Ya’ni agar «ruslar» rozi bo‘lsa, biz ham rozi bo‘lamiz — ana shunda osoyishtalik hukm suradi.
Andrey Yermak
Ukraina prezidenti ofisi rahbari, u AQSH bilan muzokaralarda ukrainlar delegatsiyasiga rahbarlik qildi
Biz prezident Trampning yetakchiligini juda qadrlaymiz. Biz AQSH — bugungi kunda adolatli tinchlik bo‘lishi uchun hamma ishni qila oladigan mamlakat, deb hisoblaymiz. Ularda mana shu richaglar bor. Bugun hamkorlardan ular kelgusida ishlashga tayyor ekanliklarini eshitdik. Bu oson ish emas. Bu ishni yana kim uddalay olishini bilmayman. Lekin muhimi, ular biz bilan bo‘lishga, ishlashga tayyor, bu ular uchun muhim. Qo‘shma bayonot natijasi shundan iboratki, biz birgalikda va bir xil tushunamiz, barcha ukrainlar kutayotgan adolatli tinchlikka asosiy strategik hamkorimiz — AQSH yordamida birdek harakat qilamiz. Qo‘shma bayonotda ko‘rdingizki, bu jarayonda albatta yevropalik hamkorlarimiz ham ishtirok etadi. Ushbu uchrashuvdan so‘ng, bugun kalit aynan Rossiya tomonida. Kim tinchlikni istayotganini, kim istamayotganini va faqat quruq gap aytayotganini butun dunyo ko‘radi.
Rustem Umerov
Ukraina mudofaa vaziri, AQSH bilan muzokaralar ishtirokchisi
Bugun Jiddada amerikalik hamkorlarimiz bilan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Asosiy natijalar:
- Xavfsizlik sohasidagi yordamni, shu jumladan razvedka ma’lumotlarini almashishni qayta tiklash — Ukraina mudofaa qobiliyati uchun muhim qadamdir;
- O‘t ochishni 30 kunga vaqtincha to‘xtatish. Muhim: faqat Rossiyaning o‘zaro roziligi bilan. Gap mojaroni muzlatish haqida emas, balki adolatli tinchlik sari yo‘lni boshlash haqida ketmoqda.
- Asirlar, tinch aholini ozod qilish va ukrainalik bolalarni qaytarish — Ukraina tomonining eng muhim pozitsiyasidir.
- Muzokaralarda Yevropaning roli — hamkorlarimiz jarayonning bir qismi bo‘lishi kerak.
- Mineral resurslar to‘g‘risidagi bitim — Ukraina va AQSH o‘rtasida xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlaydigan uzoq muddatli hamkorlik uchun ijobiy signaldir.
Pavel Palisa
Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari, AQSH bilan muzokaralar ishtirokchisi
AQSHdan xavfsizlik bo‘yicha yordam tiklanganini tasdiqlayman. Kelishuvlar bajarilishi boshlandi. Kurash davom etmoqda!
Rossiya
Mariya Zaxarova
RF TIV rasmiy vakili
Biz uchun asosiy yangiliklar shu yerdan chiqadi. Rossiya Federatsiyasi pozitsiyasi shakllanishi chet elda qandaydir kelishuvlar yoki tomonlarning sa’y-harakatlari tufayli sodir bo‘lmaydi. Rossiya Federatsiyasi pozitsiyasi shakllanishi Rossiya Federatsiyasi ichida ro‘y beradi.
Konstantin Kosachev
RF Federatsiya Kengashi spikeri o‘rinbosari
Shartlar — amerikacha, ukraincha emas. Ukrainaliklar ularga aytilgan gaplarga rozi bo‘lishmoqda. Shu bilan birga, ular ta’zim qilishadi va xushomad qilishadi — «Vashingtonga qulay bo‘lganida resurslar bo‘yicha kelishuv imzolaymiz» degan yagona formulada. Rossiya hujum qilmoqda, shuning uchun Rossiya bilan boshqacha bo‘ladi. Har qanday kelishuvlar (murosa zarurligini hamma tushunsa-da) — bizning shartlarimiz bilan, Amerika shartlari bilan emas. Va bu oliftalik emas, balki haqiqiy kelishuvlar hali ham u yerda, frontda yozilayotganini tushunishdir. Buni Vashingtondagilar ham tushunishi kerak.
Mixail Sheremet
Anneksiya qilingan Qrimdan Davlat dumasi deputati
Rossiya G‘arb tomonidan qo‘zg‘atilgan qonli mojaro davom etishidan manfaatdor emas, ammo o‘zini aldashlariga ham yo‘l qo‘ymaydi. Biz Ukraina tomoni tinchlik tashabbuslari muhokamasi boshlanishidan sanoqli soatlar oldin Rossiyaning tinch shaharlariga dronlar yordamida eng yirik hujumini uyushtirganini, fuqarolarimizni xavf ostiga qo‘yib, ularning hayotiga zomin bo‘lganini tahlil qilamiz va o‘zimizga hisob beramiz. Tashqaridan bu ommaviy terrorchilik havo hujumi va muzokaralarning o‘zi esa mamlakatimizni shantaj qilish va qo‘rqitishga urinish bo‘yicha bir zanjirning halqalari bo‘lib ko‘rinadi.
Vladimir Konstantinov
Anneksiya qilingan Qrim parlamenti rahbari
Rossiya ishonchli xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘lgandagina tinchlik o‘rnatiladi. Va AQSH prezidenti Tramp buni qanchalik tez tushunsa, tez orada tinchlik o‘rnatilishi haqidagi va’dasini bajarishga shunchalik yaqin bo‘ladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar