
Kiyev hukumati AQSH bilan olib borilayotgan muzokaralarda eng yomon ehtimoliy ssenariy — Vashingtonning yordami to‘xtashiga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapti. Bu haqda Ukraina hukumatidan o‘z manbasiga asoslanib Bild nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Ukraina rasmiylari AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp taklif etayotgan tinchlik shartlarini qabul qilib bo‘lmas, deb hisoblamoqda va bu holat ularni chuqur tashvishlantirmoqda.
«Bizga taqdim etilayotgan va muzokaralarda ko‘tarilayotgan takliflar mutlaqo qabul qilib bo‘lmas shartlardir. Ukraina bunday osonlikcha taslim bo‘lmaydi. Hukumat buni istasa ham, istamasa ham, xalq bu shartlarni qabul qilmaydi», deb bildirgan nashr manbasi.
Bild ta’kidlashicha, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 26 aprel kuni Rim papasi Fransisk bilan xayrlashuv marosimi vaqtida Donald Tramp bilan shaxsan uchrashishi mumkin.
Ukraina diplomatlari Tramp taklif etayotgan shartlarni «muzokara taktikasi» sifatida baholashmoqda, lekin AQSH rahbariyatining Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yetarli darajada bosim o‘tkazmayotganidan ham norozi bo‘lishmoqda.
AQSH Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi kelishuv doirasida Kremldan Ukrainaning o‘z armiyasi va mudofaa sanoatiga ega bo‘lish huquqini tan olishni talab qilmoqda. Anonim manbalarning xabar berishicha, AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bu masalani Vladimir Putin bilan bo‘lajak uchrashuvida muhokama qiladi.
Biroq, bu talabga rozi bo‘lish Putinning Ukrainaga nisbatan ilgari surgan «demilitarizatsiya» talabi bo‘yicha ortga chekinishini anglatadi. AQSH muzokaralarning samarali bo‘lishi uchun ham Ukraina, ham Rossiyaning ma’lum darajada yon berishini talab etmoqda.
Bloomberg ta’kidlaganidek, ayrim kuzatuvchilar AQSHning takliflarini Rossiya manfaatlariga xizmat qiluvchi shartlar sifatida baholamoqda. Xususan, Ukraina NATO alyansiga qo‘shilish istagidan voz kechishi kerakligi haqidagi talab ham shular qatorida tilga olinmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar