date
views 139

Yangi Rim papasi qaysi ismni tanlashi mumkin? Ekspertlar taxminlarni e’lon qildi

Yangi Rim papasi qaysi ismni tanlashi mumkin? Ekspertlar taxminlarni e’lon qildi
Katolik olami uchun muhim bo‘lgan yangi Rim papasini saylash jarayoniga sanoqli kunlar qoldi. Bu tarixiy voqea arafasida yangi saylanadigan pontifik qanday nom qabul qilishi mumkinligi haqida qizg‘in bahs-munozaralar boshlandi. Darem universitetining Katolik tadqiqotlar markazi katolitsizm tarixi kafedrasi dots.nti Liam Templ CNN telekanaliga bu borada o‘z taxminlari bilan o‘rtoqlashdi.

Templning fikriga ko‘ra, yangi saylanadigan Rim papasi o‘zining ruhiy va ijtimoiy qarashlarini aks ettiruvchi ismni tanlashi ehtimoli yuqori. Xususan, mutaxassis kelgusi pontifik uchun Leo yoki Innokentiy nomlari eng munosib tanlov bo‘lishi mumkinligiga ishonmoqda.

Uning tushuntirishicha, «Leo» ismi Papa Lev XIII shaxsiyatiga ishora qiladi. Bu papa ijtimoiy tenglik, inson huquqlari, munosib mehnat sharoitlari va adolatli ish haqi uchun kurashgan, ijtimoiy islohotchi sifatida tarixga kirgan edi. Agar yangi pontifik shunday ijtimoiy dasturlarga katta ahamiyat qaratmoqchi bo‘lsa, bu nom uning qarashlariga to‘la mos kelishi mumkin.

Ikkinchi variant sifatida ko‘rsatilayotgan «Innokentiy» ismi esa Papa Innokentiy XIII bilan bog‘liq bo‘lib, uning korrupsiyaga qarshi qattiq pozitsiyasi, moliyaviy shaffoflikni ta’minlash borasidagi qat’iyati bilan tarixda qolgan. Bu nomning tanlanishi, yangi papaning korrupsiyaga qarshi jiddiy va qat’iy kurash olib borishga tayyor ekanligini ko‘rsatishi mumkin.

Shuningdek, mutaxassis Global Janub, ya’ni Afrika yoki Lotin Amerikasi mamlakatlaridan papa saylanishi holatida Gelasiy, Miltiad yoki Viktor kabi nomlar ham tanlanishi ehtimoli borligini ta’kidladi. Bu nomlarning har biri Afrika qit’asidan bo‘lgan tarixiy papalarga ishora qiladi va yangi pontifikning kelib chiqishini namoyon qilish uchun ayni muddao bo‘ladi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, Rim papalarining saylovdan keyin yangi nom qabul qilishi tarixi juda uzun bo‘lib, bu an’ana X asrdan boshlangan. Fransiya va Germaniyadan kelgan pontifiklar, ayniqsa, o‘zlaridan oldingi italiyalik papalarga taqlid qilish uchun ko‘proq italyancha jaranglaydigan ismlarni tanlaganlari ham ma’lum qilindi.

Yangi papani saylash uchun katolik dunyosining turli mamlakatlaridan 80 yoshgacha bo‘lgan qariyb 135 nafar kardinal 7 may kuni Vatikanda yig‘iladi. Ular ushbu davrda Vatikan hududidagi mashhur Avliyo Marfa uyi mehmonxonasida istiqomat qiladilar.

Saylov jarayoni esa tarixiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan, Mikelanjelo va boshqa Uyg‘onish davri ustalari asarlari bilan bezatilgan Sikstina kapellasida o‘tkaziladi. Bu yerda yig‘ilgan kardinallar tashqi dunyo bilan aloqani butunlay uzgan holda, yopiq eshiklar ortida yangi pontifik nomini belgilaydilar.

Yangi papaning saylanganligi an’anaviy tarzda mo‘ridan chiqadigan tutun rangi orqali e’lon qilinadi. Agar mo‘ridan oq tutun chiqsa, bu yangi pontifik tanlanganini bildiradi. Agar mo‘ridan qora tutun chiqsa, saylov jarayonining hali yakunlanmaganligini anglatadi.

Hozircha katolik dunyosi yangi Rim papasining kim bo‘lishini va u qaysi ismni tanlashini kutishda davom etmoqda. Bu muhim voqea nafaqat diniy, balki ijtimoiy va siyosiy hayotda ham katta ahamiyatga ega bo‘lishi aniq.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yangi Rim papasi qaysi ismni tanlashi mumkin? Ekspertlar taxminlarni e’lon qildi