Tramp va Rim papasi o‘rtasidagi ziddiyat yana-da kuchaymoqda

AQSH prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘i orqali Rim papasi Lev XIV‘ga nisbatan keskin tanqidlar bildirdi. U papani jinoyatchilikka qarshi kurashda sustlikda va tashqi siyosatda samarasizlikda ayblab, uning pozitsiyalarini ochiq tanqid qildi.
Tramp o‘z bayonotida ayrim geosiyosiy masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi. U Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga nisbatan yumshoq qarash bildirgan papani qabul qilmasligini aytdi. Shuningdek, AQSH tomonidan Venesuelaga qarshi ehtimoliy harbiy harakatlarni qoralagan pozitsiyani ham keskin tanqid qildi. Uning fikricha, Rim papasi AQSH rahbariyati faoliyatini baholash o‘rniga, o‘z diniy missiyasiga eʼtibor qaratishi lozim.
Tramp yana bir bahsli fikrni ilgari surib, Lev XIV‘ning papalikka saylanishida uning amerikalik ekani asosiy omil bo‘lganini taʼkidladi. U hatto “agar men Oq uyda bo‘lmaganimda, u Vatikanda bo‘lmas edi” deya keskin bayonot berdi. Shu bilan birga, u papaga “radikal so‘l kuchlarga moyillikni to‘xtatish” va “siyosatchi emas, haqiqiy din rahbari bo‘lish” lozimligini uqtirdi.
Maʼlumot uchun, 2026 yil yanvar oyida Rim papasi Lev XIV Vatikandagi diplomatik korpusga anʼanaviy murojaatida zamonaviy diplomatiya haqida fikr bildirgan edi. Uning taʼkidlashicha, muloqot va kelishuvlarga asoslangan diplomatiya o‘rnini kuch va bosimga asoslangan yondashuvlar egallamoqda. Shuningdek, u qochqinlar, muhojirlar va mahbuslarning huquqlarini hurmat qilishga chaqirgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, AQSH Mudofaa vazirligida ham mazkur masala muhokama qilindi. Siyosiy masalalar bo‘yicha vazir o‘rinbosari Elbrij Kolbi Vatikanning AQSHdagi vakili kardinal Kristof Perni Pentagonga taklif qildi. OAV maʼlumotlariga ko‘ra, uchrashuv davomida papaning AQSH siyosatiga nisbatan tanqidiy chiqishlari yuzasidan noroziliklar bildirilgan.
Yaqin Sharqdagi vaziyatga to‘xtalgan Rim papasi esa barcha davlatlarni tinchlikka chaqirib, urushdan voz kechish va muloqot orqali yechim topish zarurligini taʼkidladi. U odamlarni siyosiy yetakchilar bilan muloqot qilib, tinchlik uchun harakat qilishga undadi.
Shu bilan birga, Lev XIV Tramp tomonidan bildirilgan tanqidlarga javob qaytarishni istamasligini maʼlum qildi. U o‘z missiyasi siyosat emas, balki Injil g‘oyalarini tarqatish ekanini taʼkidlab, hech qanday bosimdan qo‘rqmasligini bildirdi.
“Biz siyosatchi emasmiz. Biz dunyoga tinchlik va yarashish g‘oyalarini yetkazish uchun mavjudmiz”, — dedi u jurnalistlarga bergan intervyusida.
Trampning bayonotlari xalqaro siyosatchilar tomonidan ham eʼtirozlarga sabab bo‘ldi. Jumladan, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni papani himoya qilib, uning tinchlikka chaqirishi tabiiy va to‘g‘ri ekanini taʼkidladi. U Trampning so‘zlarini qabul qilib bo‘lmas deb baholadi.
Italiya bosh vaziri o‘rinbosari Matteo Salvini ham ushbu masalaga munosabat bildirib, papa milliardlab katoliklarning maʼnaviy yetakchisi ekanini eslatdi. Uning fikricha, tinchlikni targ‘ib qilayotgan shaxsga nisbatan hujumlar mantiqqa zid hisoblanadi.
Bu orada yana bir bahsli holat kuzatildi. Donald Tramp 12 aprel kuni o‘zini Iso Masih qiyofasida tasvirlangan sunʼiy intellekt orqali yaratilgan suratni eʼlon qildi. Suratda u bemorni davolayotgan shifokor sifatida aks etgan bo‘lsa-da, jamoatchilik tomonidan bu holat turlicha talqin qilindi.

Bu post xristianlar, jumladan, AQSH prezidenti tarafdorlari tomonidan keskin tanqidga uchradi. Fox News boshlovchisi va konservativ sharhlovchi Rayli Geyns «u bu suratni nega eʼlon qilganini tushuna olmasligi»ni aytdi va Trampga «biroz kamtarroq bo‘lish»ni tavsiya qildi.
Konservativ Daily Wire nashri muallifi Megan Basham Trampning postini “shakkoklik” deb baholagan. O‘ng qanotdagi BlazeTV telekanali boshlovchisi Stiv Dis esa ushbu postga “Yo‘q” so‘zi bilan munosabat bildirgan.
Keyinroq Tramp tanqidga uchragan suratni sahifasiga o‘zi joylashtirganini tasdiqladi. U suratni o‘chirib yuborgan va unda aslida Iso qiyofasida emas, Qizil Xoch qo‘mitasi shifokori qiyofasida tasvirlanganini aytgan. «Faqat feyk yangiliklar aynan shunday talqinni [Iso qiyofasini] o‘ylab topishi mumkin. Men bu haqda hozirgina eshitdim va dedim: „Bu ularning xayoliga qanday keldi?“ U yerda men odamlarga sog‘ayishga yordam beradigan shifokor qiyofasida ekanim nazarda tutilgan», – degan Tramp.
Shu tariqa, Tramp va Rim papasi o‘rtasidagi qarama-qarshilik nafaqat siyosiy, balki maʼnaviy va ijtimoiy muhokamalar markaziga aylandi. Bu ziddiyat qanday davom etishi esa hali nomaʼlum, ammo u jahon jamoatchiligi diqqat markazida qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!