
AQSH davlat kotibi Marko Rubio 21 may kuni Kongressdagi Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mita eshituvlarida jiddiy savollarga yuzma-yuz keldi. U Ukrainadagi urush chog‘ida sodir etilgan ayrim voqealarni “harbiy jinoyatlar” sifatida tan oldi, ammo Rossiya prezidenti Vladimir Putinni to‘g‘ridan to‘g‘ri “harbiy jinoyatchi” deb atashdan bosh tortdi.
“Rossiya bosqinchi — bu aniq”
Eshituv paytida demokrat kongressmen Bill Kiting Rubioga birinchi savolni shunday berdi: “Rossiya Ukrainaga qarshi bosqinchi deb hisoblaysizmi?” Rubioning javobida hech ikkilanish bo‘lmadi: “Ha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi”.
Putin haqida savol – olti marta
Kiting so‘ngra yanada tanqidiyroq nuqtaga o‘tdi: “Vladimir Putinni — biz muzokaralar olib borayotgan insonni — harbiy jinoyatchi deb hisoblaysizmi?” Rubio esa to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berish o‘rniga, “harbiy jinoyatlar albatta sodir etilgan”ini ta’kidladi, ammo “hozirgi asosiy maqsad — urushni to‘xtatish”, dedi.
Davlat kotibining ta’kidlashicha, muzokaralarsiz tinchlikka erishib bo‘lmaydi: “Biz Putin bilan gaplashmay turib, bu urushni yakunlay olmaymiz”. Kiting uni savoldan qochayotganlikda aybladi va savolni jami olti marta takrorladi.
“Javob berish vaqti keladi, lekin hozir emas”
Rubio so‘zlarida davom etar ekan, “harbiy jinoyatlar sodir bo‘lganini” qayta-qayta urg‘uladi. “Buni kim sodir etgani va javobgarlik masalasi kelgusida belgilanadi”, dedi u. “Hozir esa har kuni odamlar halok bo‘layapti, harbiy jinoyatlar ortib borayapti. Biz bunga chek qo‘yish uchun faol harakat qilishimiz kerak.”
Kontekst va Rubioning avvalgi pozitsiyasi
Qizig‘i shundaki, Rubio 2017 yilda o‘zi ham Putinni “harbiy jinoyatchi” deb atashga chaqirgan edi. O‘sha paytdagi davlat kotibi nomzodi Reks Tillerson Putin haqida aniq bayonot berishdan bosh tortganda, Rubio bundan norozi bo‘lib, “umumiy qabul qilingan fikrni aytolmaganingiz meni xafa qildi”, degandi.
Zamin.uz tahririyatidan:
Rubioning bu galgi ikkiyoqlama bayonoti diplomatik ehtiyotkorlikmi yoki geosiyosiy inersiya? AQSH rasmiylari bir tomondan Rossiyani bosqinchi deb atayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan hali ham muzokara eshiklarini ochiq qoldirmoqda. Siz buni qanday baholaysiz? Tinchlik uchun sukut afzalmi yoki aniq pozitsiya? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar