
Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp 4 iyun kuni xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 12 davlat fuqarolariga mamlakatga kirishni qat’iy taqiqlovchi qarorni qabul qildi. Bu haqda Reuters agentligi rasmiy manbalariga tayanib xabar berdi.
Tramp ma’muriyatining bayonotida ushbu cheklovlar “xorijiy terrorchilar va boshqa xavfli kuchlardan mamlakatni muhofaza qilish” maqsadida amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Qat’iy taqiq qo‘yilgan davlatlar ro‘yxatiga quyidagilar kiradi:
• Afg‘oniston
• Myanma
• Chad
• Kongo
• Ekvatorial Gvineya
• Eritreya
• Gaiti
• Eron
• Liviya
• Somali
• Sudan
• Yaman
Bundan tashqari, yana 7 davlat fuqarolari uchun qisman cheklovlar joriy qilindi. Ular: Burundi, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo, Turkmaniston va Venesuela.
“Biz AQSHga zarar yetkazish niyatidagi kimsalarni hech qachon hududimizga qo‘ymaymiz”, — dedi Donald Tramp matbuot anjumani chog‘ida.
Qaror qachon kuchga kiradi?
Ma’lum qilinishicha, ushbu taqiq 2025 yil 9 iyundan boshlab amalga kiritiladi. Bu sanagacha beriladigan vizalar bekor qilinmasligi qayd etilgan. Shuningdek, Tramp ro‘yxatni vaqti-vaqti bilan qayta ko‘rib chiqishini va yangi davlatlar ham qo‘shilishi mumkinligini bildirgan.
Prezident Tramp Koloradoda sodir bo‘lgan hujumni misol keltirdi
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1 iyun kuni Kolorado shtatidagi Boulder shahrida sodir bo‘lgan voqea ushbu qaror qabul qilinishida muhim omil bo‘lgan. O‘sha kuni bir kishi isroilparast namoyishchilar to‘dasiga benzinli bomba uloqtirgan. Hujumda ayblangan shaxs — Misr fuqarosi Muhammad Sabri Soliman bo‘lib, u vizasi muddati tugagan holda AQSHda yashab kelgan va ishlashga ruxsatnomasi ham yangilanmagan ekani aniqlangan.
Bu avval ham kuzatilgan harakatmi?
Tramp prezidentlikdagi ilk muddatida ham shunga o‘xshash cheklovlar kiritgan edi. U 2017 yili 7 ta asosan musulmon aholiga ega davlat fuqarolariga sayohat taqiqini joriy etgan. Bu cheklov 2021 yili Jo Bayden tomonidan bekor qilingan va u bunday qarorni “milliy vijdonga dog‘” deb atagan edi.
2023 yildayoq Tramp yangi cheklovlar haqida ogohlantirgandi
Tramp 2023 yil oktyabrida qilgan chiqishida G‘azo sektori, Liviya, Suriya, Somali, Yaman va xavf tug‘diradigan boshqa mamlakatlar fuqarolarining kirishini taqiqlash niyati borligini ma’lum qilgandi.
Trampning navbatdagi qat’iy migratsiya siyosati AQSH siyosatchilar, huquq faollari va jahon jamoatchiligi orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Uning xavfsizlikni asosiy sabab sifatida ko‘rsatishi bir tomondan tushunarli bo‘lsa-da, bu qarorning inson huquqlari va xalqaro munosabatlarga qanday ta’sir qilishi katta qiziqish bilan kuzatilmoqda.
Navbatda AQSHga kelmoqchi bo‘lgan minglab insonlarning taqdiri qanday bo‘ladi — vaqt ko‘rsatadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar