
Rossiyada mehnat qilish yoki doimiy yashashni istagan migrantlar uchun rus tili bo‘yicha qo‘yiladigan talablar yanada qat’iylashmoqda. Ta’lim sohasida nazorat olib boradigan federal xizmat — “Rosobrnadzor” tomonidan ma’lum qilinishicha, 2025 yil 10 iyuldan boshlab patent yoki yashash uchun ruxsatnoma (VNJ) olishni xohlovchi xorijliklar rus tili imtihonida yangi, murakkablashtirilgan tartibda sinov topshirishlari kerak bo‘ladi.
Endi tinglab tushunish bo‘limidagi topshiriqlar soni ikkitadan to‘rttagacha oshiriladi. Shu bilan birga, har bir bo‘lim uchun minimal o‘tish balli belgilanmoqda. Bu faqatgina til bilish darajasini emas, balki gapirish va tushunish qobiliyatini ham adolatli baholash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Mazkur o‘zgarishlar nafaqat vaqtinchalik yoki doimiy yashashga ruxsatnoma olishni niyat qilganlar, balki Rossiyada patent orqali ishlashni rejalashtirayotgan barcha mehnat muhojirlari uchun ham tatbiq etiladi.
Shuningdek, 2025 yil 23 iyundan boshlab imtihonlar uchun savollar banki ikki baravarga ko‘paytiriladi. “Rosobrnadzor” ushbu yangilik rus tilini bilish darajasini yanada aniqroq baholash va chet elliklar orasida tilni puxta o‘zlashtirishga rag‘batni oshirish maqsadida kiritilayotganini ma’lum qilgan.
Qo‘shimcha ravishda, 2026 yil 1 yanvardan boshlab rus tili (chet tili sifatida), Rossiya tarixi va qonunchilik asoslari bo‘yicha barcha imtihonlar faqat kompyuter texnologiyalari va masofaviy formatda o‘tkaziladi. Bu haqda Rossiya fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Konstantin Mogilevskiy ilgari xabar qilgan edi.
Yangi tizim Rossiya hududida yashashni rejalashtirayotganlar uchun jiddiy sinov va mas’uliyatli tayyorgarlikni talab etadi. Migrantlar endi tilni puxta o‘rganishga ko‘proq e’tibor qaratishlari va yangi talablarga moslashishlari shart bo‘ladi. Zero, imtihonlar nafaqat bilimni, balki kelgusida Rossiyada muvaffaqiyatli integratsiyalash imkoniyatini ham belgilovchi mezonga aylanmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar