date

Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalar nazoratini o‘z qo‘liga olmoqchi

Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalar nazoratini o‘z qo‘liga olmoqchi
Rossiyaga qarshi joriy qilingan iqtisodiy cheklovlar va ularning taqdiri xalqaro maydonda katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Amerikalik siyosatchilar va Oq uy o‘rtasida sanksiyalar masalasida yangi tortishuv boshlandi, deb xabar berdi politico.com.

Ma’lum bo‘lishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp agar unga Rossiya nefti va uranini sotib oluvchi davlatlar uchun belgilangan bojlar va cheklovlarni bekor qilish huquqi to‘liq beriladigan bo‘lsa, Moskvaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlashga rozi. Ya’ni, prezident ushbu jarayonni shaxsan o‘z nazoratida ushlashni istaydi.

Politico nashri ma’lumotiga ko‘ra, yangi tashabbus loyihasi prezidentga Rossiya nefti va uranini import qiluvchi mamlakatlardan 500 foizlik bojlarni 180 kunga to‘xtatib turish imkonini beradi. Shu bilan birga, bu muddatni yana uzaytirish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Biroq keyinchalik barcha qarorlar Kongress nazorati ostida bo‘ladi. Oq uy esa bunday cheklovlarni prezident vakolati bilan mustaqil boshqarishga intilayapti.

Oq uyning yuqori martabali rasmiylari so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasiga ushbu cheklovlardan ozod qilish bo‘yicha barcha vakolatlarni prezidentga beruvchi modda kiritilishi zarur. Ma’muriyat ushbu mexanizm orqali tashqi siyosatda manyovr qilish imkoniyatini oshirishga intilayapti.

Aytish joizki, sanksiyalar masalasi Amerikada siyosiy bahslarni yanada avj oldirmoqda. Ayrim qonunchilar Kongress nazoratini kuchaytirishga, boshqalar esa ma’muriyatga kengroq imkoniyat berishga harakat qilmoqda. Bu esa qonun loyihasi atrofida jiddiy tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda.

Tahlilchilar fikricha, agar prezident ushbu vakolatni qo‘lga kiritsa, sanksiyalarning taqdiri ko‘proq ijro hokimiyatiga bog‘liq bo‘ladi. Biroq, bu orqali tashqi siyosatda keskin o‘zgarishlar ro‘y berishi ham mumkin.

Voqealar rivoji qanday bo‘lishi hozircha noaniq. Ammo bir narsa ravshan: sanksiyalarning bekor qilinishi yoki saqlab qolinishi AQSHning tashqi siyosatida muhim rol o‘ynaydi va xalqaro munosabatlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Barcha diqqat endi qonun loyihasi va prezidentning keyingi qadamlariga qaratilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalar nazoratini o‘z qo‘liga olmoqchi