
Ukrainaning poytaxti Kiyev shahrida 10 iyul kuni ertalab otib o‘ldirilgan SBU polkovnigi Ivan Voronichning qotillari yo‘q qilindi. Bu haqda Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Malyuk rasmiy bayonot berdi.
Malyuk ma’lum qilishicha, Voronichni nishonga olgan shaxslar Rossiya FSBsining maxsus tayyorgarlik ko‘rgan agentlari bo‘lgan. Ularning guruhi ayol va erkakdan iborat bo‘lib, Ukrainaga oldindan jo‘natilgan va Kiyevda bir necha kun davomida polkovnikning kun tartibi va harakat yo‘nalishlarini kuzatgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular qotillik arafasida FSB kuratopidan to‘pponcha yashirilgan joyning koordinatalarini olgan va so‘ng otishni amalga oshirgan. Voronich uyidan chiqib ketayotganida, unga yaqin kelgan qotil besh marta o‘q uzgan va sodir etilgan jinoyatdan so‘ng hujumchilar Kiyev viloyatida yashirinishga uringan.
«Qidiruv va kontrrazvedka harakatlari natijasida dushmanning joylashgan manzili aniqlandi. Ular qo‘lga olinish vaqtida qarshilik ko‘rsatdi va o‘t ochildi. Shundan so‘ng, ular yo‘q qilindi», — deya bayonot berdi SBU rahbari Malyuk.
Uning so‘zlariga ko‘ra, maxsus operatsiya paytida hujumchilar yashiringan manzil aniqlanib, u yerda to‘qnashuv yuz bergan. Bayonot chog‘ida tarqatilgan videokadrlarda Malyukning orqasida hodisa joyi va avtomashinalar, shuningdek, yerda yotgan jasadlar ham aks etgan.
Eslatib o‘tamiz, 50 yoshli Ivan Voronich 10 iyul kuni taxminan soat 09:00 da uyidan chiqib ketayotgan paytda to‘pponcha bilan otib o‘ldirilgan edi. Ukraina ommaviy axborot vositalari yozishicha, otishdan keyin qotil hodisa joyidan qochib ketgan. Polkovnik olingan og‘ir jarohatlar oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Bu voqea Ukrainada xavfsizlik tizimiga qarshi tashqi tahdidlar keskinlik kasb etayotganini yana bir bor isbotladi. Maxsus xizmatlar tomonidan tezkor chora ko‘rilgani esa mamlakat ichidagi xavfsizlikni ta’minlashda jiddiy yondashuv mavjudligini ko‘rsatdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar