
Dunyodagi eng keksa yuguruvchi — hindistonlik Fauja Singx afsuski, hayotdan ko‘z yumdi. U 114 yoshda edi. Marafon yugurishlari orqali dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lgan “salladagi tornado” avtohalokat qurboniga aylandi.
Hindustan Times nashri yozishicha, Singx o‘zining tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ida yo‘lni kesib o‘tayotgan paytda noma’lum haydovchi tomonidan urib ketilgan. Aybdor shaxs hodisa joyidan qochib ketgan va hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uni izlashmoqda. Jabrlanuvchini shifoxonaga yetkazishgan, ammo shifokorlar uning hayotini saqlab qololmagan.
Fauja Singx 1911 yil 1 aprelda tug‘ilgan. Bolaligida yurishda qiynalgan bo‘lsa-da, ulg‘aygach, sportni o‘z hayotining ajralmas qismiga aylantirdi. U 89 yoshda Angliyada marafon yugurishlarini jiddiy boshlagan va turli xalqaro musobaqalarda qatnashib, keksa avlod uchun ilhom manbai bo‘lgan.
2013 yilda — 101 yoshida u 10 kilometr masofani 1 soat 32 daqiqa 28 soniyada bosib o‘tgan. Keyinroq, 2016 yilda Mumbay marafonida qatnashgan. So‘nggi yillarda esa yugurishdan tanaffus olib, musobaqalarni muxlis sifatida kuzatib borgan.
Uning hayoti sport, sabr-toqat va ruhiy kuch namunasi bo‘lib qoladi. Minglab insonlar uchun ilhom bo‘lgan Fauja Singxning xotirasi u bilan tanish bo‘lganlar qalbida abadiy saqlanadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar