12-qavatdan divani bilan uchib ketgan erkak: Xitoydagi tornado dahshati

Xitoyning markaziy qismida joylashgan Hubey provinsiyasida yuz bergan kuchli tornado mamlakatni larzaga soldi. Tabiiy ofat ulkan vayronagarchiliklarga sabab bo‘lib, yuzlab odamlar jabr ko‘rdi. Eng hayratlanarli holatlardan biri esa kuchli shamol 12-qavatdagi xonadonda yashagan erkakni divani va boshqa jihozlari bilan birga havoga uchirib ketgani bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar qildi.
Sinxua axborot agentligi ma’lum qilishicha, 6 iyul kuni kechqurun yuz bergan tornado vaqtida shamol tezligi soatiga 260 kilometrgacha yetgan. Tabiiy ofat oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘lgan, 331 nafardan ortiq odam turli darajada jarohatlangan. Shuningdek, minglab uy-joylarga jiddiy zarar yetgan, avtomobillar ag‘darilib ketgan va qishloq xo‘jaligi yerlari katta talafot ko‘rgan.
Hubey provinsiyasi Xitoyning avtomobilsozlik sohasidagi yirik sanoat markazlaridan biri hisoblanadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tornado natijasida 4855 tadan ortiq turar joy shikastlangan. Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri Huangang shahri bo‘ldi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari yozishicha, kuchli shamol 12-qavatdagi kvartirada istiqomat qilgan 30 yoshli erkakni divan, shkaf va boshqa mebellari bilan birga havoga uchirib ketgan. Jabrlanuvchi og‘ir ahvolda shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga joylashtirilgan.

Tabiiy ofatning kuchi shu qadar yuqori bo‘lganki, shaharning boshqa nuqtalarida bir nechta og‘ir yuk mashinalari ham shamol ta’sirida havoga ko‘tarilib, 30 metrgacha masofaga irg‘itilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda tornadoning yaqin atrofdagi Ejou shahrida ham katta vayronagarchiliklar keltirib chiqarganini ko‘rish mumkin. U yerda besh kishi hayotdan ko‘z yumgan. Mahalliy hokimiyat tabiiy ofat yetkazgan zarar juda katta ekanini tasdiqlagan. Qutqaruv ishlariga 3000 nafardan ortiq mutaxassis va qutqaruvchi jalb etilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Hubey provinsiyasida bunday kuchli tornadolar juda kam uchraydi. Oxirgi marta shunga o‘xshash hodisa 2021 yil may oyida qayd etilgan edi. Bu safargi ofat mamlakatda yozgi musson yomg‘irlari va «Maysak» to‘foni ta’siri bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgani vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.
Ayni paytda Xitoyning janubi-g‘arbidagi Guansi mintaqasida kuchli suv toshqinlari davom etmoqda, shimoli-g‘arbdagi Gansu provinsiyasida esa halokatli ko‘chkilar kuzatilgan.
Xitoy raisi Si Szinpin 7 iyul kuni barcha qutqaruv va yordam ishlarini maksimal darajada tezlashtirish, jabrlangan aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish hamda barcha zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi.






























Izohlar 0
…