Xitoyda dahshatli tornado: 12-qavatdan erkak divani bilan uchib ketdi

Xitoyning markaziy qismida kuzatilgan kuchli tornado katta vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi. Tabiiy ofat oqibatida o‘nlab insonlar halok bo‘ldi, yuzlab kishi jarohatlandi. Eng hayratlanarli holat esa 12-qavatdagi xonadondan bir erkakning divani bilan birga shamolga uchib ketganidir.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, 6 iyul kuni Xubey provinsiyasida sodir bo‘lgan tornado vaqtida shamol tezligi soatiga 260 kilometrgacha yetgan. Ofat oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘lgan, 331 nafardan ortiq fuqaro turli darajada jarohat olgan. Minglab uy-joylar va infratuzilma obyektlariga jiddiy zarar yetgan.
Eng og‘ir talafotlar Xuangang shahrida qayd etildi. Mahalliy OAV xabar berishicha, kuchli shamol 12-qavatda yashovchi 30 yoshli erkakni divani va boshqa uy jihozlari bilan birga havoga ko‘tarib ketgan. Jabrlanuvchi og‘ir ahvolda shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Ayrim hududlarda esa tornado og‘ir yuk mashinalarini ham havoga ko‘tarib, o‘nlab metr uzoqlikka irg‘itgan. Ejou shahrida ham tabiiy ofat katta vayronalarni keltirib chiqargan bo‘lib, u yerda besh kishi halok bo‘lgan. Qutqaruv ishlariga 3 mingdan ziyod mutaxassis jalb etilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Xubey provinsiyasida bunday kuchli tornadolar juda kam kuzatiladi. Bu galgi ofat yozgi musson yomg‘irlari va “Maysak” to‘foni ta’siri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, Xitoyning janubiy hududlarida kuchli suv toshqinlari ham kuzatilmoqda. Guansida to‘rt kishi halok bo‘lgan, sakkiz kishi bedarak yo‘qolgan. Hanchjou shahrida esa tarixiy yog‘ingarchilik qayd etildi.
Toshqinlar yana bir xavfli holatni ham keltirib chiqardi. Suv bosgan ilonchilik fermasidan 800 dan ortiq ilon qochib ketgan. Ular orasida kobra kabi o‘ta zaharli turlar ham borligi aytilmoqda. Mahalliy aholi maxsus guruhlar bilan ilonlarni qidirish ishlarini davom ettirmoqda.
Xitoy rahbari Si Szinpin barcha qutqaruv xizmatlariga jabrlanganlarga tezkor yordam ko‘rsatish va xavfli hududlardagi aholini zudlik bilan evakuatsiya qilish bo‘yicha topshiriq bergan.






























Izohlar 0
…