Xitoy Xalq Respublikasi tug‘ilish ko‘rsatkichining izchil pasayib borishi fonida aholini ko‘paytirishga qaratilgan yangi va jiddiy choralarni amaliyotga tatbiq etmoqda. Yangi qarorga muvofiq, mamlakat hududida uch yoshgacha bo‘lgan har bir bola uchun ota-onalarga yiliga 3600 yuan miqdorida (taxminan 500 dollar) moliyaviy yordam ko‘rsatiladi. Bu haqda «Sinxua» agentligi rasman ma’lum qildi.
Ushbu tashabbus tarixda birinchi marta Xitoyda umummilliy miqyosda amalga oshirilayotgan bolalar nafaqasi sifatida qayd etilmoqda. Bunda asosiy maqsad — bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash va tug‘ilish darajasini ko‘tarishdan iborat. Tahlillarga ko‘ra, har yili 20 millionga yaqin oila ushbu nafaqadan bahramand bo‘ladi.
Mamlakat rahbariyati tug‘ilish ko‘rsatkichini oshirishga ilk bor harakat qilayotgani yo‘q. Eslatib o‘tamiz, 1970-yillarda amalga kiritilgan va 2015 yilgacha amal qilgan “bir oila — bir bola” siyosati tufayli mamlakatda demografik muvozanat jiddiy o‘zgarishlarga uchragandi. Ushbu siyosat bekor qilinganidan so‘ng Xitoy tug‘ilishni rag‘batlantirish yo‘lida turli tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Bundan tashqari, hukumat faqat moddiy yordamlar bilan cheklanib qolmayapti. Mafkuraviy va ijtimoiy kampaniyalar orqali ham fuqarolarning turmush qurish va farzand ko‘rish borasidagi yondashuvlarini o‘zgartirishga urinishmoqda. Masalan, partiya yig‘ilishlari doirasida “uylanish va farzandli bo‘lish” g‘oyasini targ‘ib qilish, yolg‘iz shaxslarni oila qurishga va oilalarni ko‘proq farzand ko‘rishga undash kabi faoliyatlar amalga oshirilmoqda.
Shunga qaramay, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil yakunlari bo‘yicha Xitoyda tug‘ilish darajasi ketma-ket uchinchi yil pasaygan holda qayd etildi. Bu esa davlatning aholisi qarish tendensiyasiga qarshi kurashishini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Ekspertlar fikricha, tug‘ilishni rag‘batlantirishning barqaror natija berishi uchun nafaqat moddiy yordamlar, balki ijtimoiy infratuzilmalar — bog‘chalar, maktablar, tibbiy xizmat sifati va ayollarni ish va oila o‘rtasida muvozanat saqlashda qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Zamin.uz tahririyati Xitoyning demografik siyosatdagi yangi qadamlarini diqqat bilan kuzatmoqda va dunyo miqyosidagi bunday o‘zgarishlar O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarga qanday ta’sir ko‘rsatishini tahlil qilishda davom etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!