Zamonaviy hayotda bolalarning gadjet va ekranlar bilan o‘tkazadigan vaqti ko‘plab ota-onalarni xavotirga solmoqda. Internet, ijtimoiy tarmoqlar va mobil qurilmalar bilan bog‘liq muammolar – depressiya, uyqusizlik, xulqdagi o‘zgarishlar – ko‘p tilga olinadi. Biroq olimlar bu boradagi xavotirlar doim ham ishonchli ilmiy dalillarga asoslanmaganini ta’kidlashmoqda.
Amerika Psixologiya Assotsiatsiyasi tomonidan 2021-yilda o‘tkazilgan tadqiqot ekranlar bilan bog‘liq xavotirlar ortiqcha bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan. Unda 2015–2019 yillar oralig‘ida chop etilgan 33 ta ilmiy ish tahlil qilingan va ekran vaqti ruhiy muammolarga “juda kam darajada” ta’sir qilishi aniqlangan.
Ekran vaqti umumiy tushuncha bo‘lib, uning o‘zi ham turlicha ta’sirga ega: bolalar video o‘yin o‘ynayaptimi yoki foydali ma’lumot o‘qiyaptimi – bular farqli jarayonlardir. Shuningdek, ekran oldida yolg‘izmi yoki do‘stlari bilan muloqotdami – bu ham ruhiy holatga turlicha ta’sir etadi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ba’zan muammo ekranning o‘zida emas, balki yolg‘izlik va ijtimoiy ajralganlikda. Masalan, ruhiy tushkunlikdan aziyat chekayotganlar orasida ekran oldida ko‘p vaqt o‘tkazadiganlar ko‘proq yolg‘iz qoladiganlar bo‘lgan.
2016–2018 yillarda 11 500 nafar 9–12 yoshli bolalar ishtirokida o‘tkazilgan yirik tadqiqotda esa ekran va miyadagi bog‘lanish o‘zgarishlari o‘rganilgan. Ammo olimlar ekran vaqti ruhiy salomatlik yoki kognitiv muammolarga sabab bo‘lishini tasdiqlovchi dalil topishmagan.
Ushbu natijalarni inobatga olgan holda, olimlar va ruhshunoslar ota-onalarni farzandlarining ekran bilan munosabatiga ehtiyotkorlik bilan yondashishga chaqirishmoqda. Foydali va zararli kontentni farqlash, bolalarga ishonchli va sog‘lom muhit yaratish muhim.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!