Eronda milliy valyutada katta o‘zgarishlar kutilmoqda. Mamlakat moliyaviy tizimidagi murakkabliklarni bartaraf etish, hisob-kitoblarni soddalashtirish va iqtisodiy tizimni yanada samarali qilish maqsadida davlat rahbariyati valyuta islohotiga qadam tashlamoqda. Bu haqda Financial Times nashri xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, Eron parlamentining iqtisodiyot qo‘mitasi yangi qonun loyihasi asosiy bandlarini ma’qullab, milliy valyuta — riyolni saqlab qolgan holda, undagi to‘rtta nolni qisqartirish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan. Unga ko‘ra, 1 ta yangi riyol — 10 000 ta eski riyolga tenglashtiriladi.
Bu islohot nafaqat qog‘oz pullar ishlab chiqarish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishi, balki mamlakatdagi iqtisodiy hisob-kitob jarayonlarini ham ancha yengillashtirishi kutilmoqda. Shuningdek, yangi pul birligini joriy etish orqali aholining pulga nisbatan ishonchi va munosabatini yaxshilash, narxlar barqarorligini ta’minlash rejalashtirilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, Eronda yangi mayda tangalar — gironlar ham muomalaga kiritiladi. 1 yangi riyol 100 gironga bo‘linadi. Bu orqali chakana savdo sohasida ham qulayliklar yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Aytish joizki, bundan besh yil avval ham Eron parlamenti milliy pul birligini o‘zgartirish masalasini ko‘targan va o‘shanda riyol o‘rniga tuman atamasi joriy etilishi kutilgan edi. O‘shanda 1 tuman 10 000 riyolga teng bo‘lishi belgilangandi. Biroq bu tashabbus amaliyotga to‘liq joriy etilmasdan qolgan.
Yangi reja amalga oshsa, Eron iqtisodiyotida yangi davr boshlanishi mumkin. Ayniqsa, inflyatsiya darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar uchun bunday denominatsiya amaliyotlari samarali natijalar berishi mumkinligi xalqaro tajribada ham o‘z isbotini topgan.
Hozirda parlamentda ushbu qonun loyihasi atrofida muhokamalar davom etmoqda. Qaror tasdiqlansa, Eronning pul siyosatida sezilarli burilish yuz beradi. Bu esa mamlakatning moliyaviy barqarorligi va xalqaro iqtisodiy munosabatlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Eron riyolining to‘rt nulini olib tashlash rejasi muhokamada
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar