
G‘azoda urush deyarli ikki yildan buyon davom etayotgan bo‘lsa-da, Hamas har oy minglab fuqarolik xodimlariga maosh to‘lashni yashirin tizim orqali davom ettirmoqda. Ushbu tizim xavfli, murakkab va mutlaqo naqd pulga asoslangan.
Hamas har 10 haftada o‘zining 30 mingga yaqin fuqarolik xodimiga jami 7 million dollar atrofida maosh to‘lamoqda. Har bir xodimga to‘lanadigan summa urushdan oldingi maoshning atigi 20 foizini tashkil etadi. Odatda bu 300 dollarga yaqin bo‘lib, u ham ko‘pincha yaroqsiz yoki ishlatib bo‘lmaydigan holatda yetkaziladi.
Bank tizimi ishdan chiqqani sababli, xodimlar pulni sirli manzillarda qabul qilmoqda. Maosh oluvchi shaxslarga telefonlar orqali maxfiy xabar yuboriladi: “Do‘st bilan choy ichishga bor”. Belgilangan joyda esa, noma’lum shaxs konvert ichida pulni topshiradi va darhol ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Hamas diniy ishlari vazirligining bir xodimi bergan intervyusida har safar maosh olishga ketayotganda oilasi bilan xayrlashishini aytdi. “Bu safar qaytib kelmasligim mumkin,” deydi u.
Isroil ushbu to‘lov tizimiga ham zarba berishga urinmoqda. Maosh tarqatuvchilar muntazam nishonga olinadi. Shu sababli har bir to‘lov operatsiyasi hayot uchun xavfli bo‘lib bormoqda. Maoshlar bilan birga, Hamas o‘z tarafdorlariga oziq-ovqat yordamlarini ham tarqatmoqda. Ammo bu yordamlar faqat Hamasga yaqin oilalarga berilayotgani bois, xalq orasida norozilik kuchaymoqda.
Urush davomida Hamas moliyaviy barqarorlikni asosan urushdan avval yerosti tunnel tizimlarida yashirincha saqlab qo‘yilgan 700 million dollar miqdoridagi zaxiralar orqali saqlab qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar