date

Tramp ishtirokida Ozarboyjon va Armaniston tinchlikka qo‘l cho‘zdi (video)

Tramp ishtirokida Ozarboyjon va Armaniston tinchlikka qo‘l cho‘zdi (video)

Jahon siyosati maydonida kutilmagan, biroq tarixiy ahamiyatga ega voqea yuz berdi. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev hamda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, AQSH prezidenti Donald Tramp ishtirokida, uzoq yillik harbiy mojarolarni to‘xtatish haqidagi kelishuvga imzo chekdi. Mazkur marosim 8 avgust, juma kuni, yetakchilar sammiti o‘tgan Oq uyda o‘tkazildi. Bu voqea ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davrni boshlab berishi mumkin.

Tramp marosim davomida o‘zining katta qoniqishini bildirib, “35 yil davom etgan urush endi yakun topdi — endi ular do‘st. Va bu do‘stlik uzoq yillar davom etadi”, — deya ta’kidladi. Shu bilan birga, u “Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi bunday tarixiy ahamiyatga ega tinchlik sammiti uchun barchani Oq uyda qabul qilish men uchun katta sharaf”, deb qo‘shimcha qildi.

Imzolangan kelishuvga muvofiq, ikki davlat harbiy harakatlarni mutlaqo to‘xtatish, o‘zaro savdo va turizm sohasini yo‘lga qo‘yish, diplomatik aloqalarni qayta tiklash hamda bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini to‘liq hurmat qilish majburiyatini oldi. Shuningdek, AQSH rahbarligi Ozarboyjon bilan harbiy hamkorlikka qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishini ham e’lon qildi.

Tramp ushbu hujjatni tinchlik yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholab, uni Nobel mukofotiga loyiq tashabbuslar ro‘yxatiga kiritish mumkinligini ta’kidladi. “Ko‘plab siyosiy yetakchilar urushni tugatish uchun harakat qildi, ammo “TRAMP” sahnaga chiqmagunicha, hech biri muvaffaqiyatga erisha olmadi”, — deya yozdi u Truth Social platformasida.

Aliyev esa kelgusida Pashinyan bilan birgalikda Nobel qo‘mitasiga murojaat yo‘llash ehtimolini bildirib, “Balki biz bosh vazir Pashinyan bilan birgalikda prezident Trampni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga tavsiya qilish so‘rovi bilan chiqarmiz”, — dedi.

Pashinyan bu taklifni qo‘llab-quvvatlab, “Men prezident Trampni tinchlik yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun Nobel mukofotiga munosib deb hisoblayman. Biz bu fikrni himoya qilamiz va ilgari surishda davom etamiz”, — deya ta’kidladi.

Tarixdagi katta mojarolardan biriga nuqta qo‘yishga qaratilgan bu kelishuv, nafaqat Kavkaz mintaqasi, balki butun jahon uchun muhim bir voqelik sifatida baholanmoqda. Mutaxassislar fikricha, agar kelishuv to‘liq amalga oshirilsa, mintaqa iqtisodiy hamda ijtimoiy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp ishtirokida Ozarboyjon va Armaniston tinchlikka qo‘l cho‘zdi (video)