date

Isroil G‘azoni bosib olish operatsiyasini rasman boshladi

Isroil G‘azoni bosib olish operatsiyasini rasman boshladi

Kecha, 20 avgust kuni Isroil armiyasi (SAXAL) G‘azo shahriga keng ko‘lamli bostirib kirish operatsiyasini boshlaganini e’lon qildi, deb xabar berdi “The Jerusalem Post”. Bu qaror G‘azo sektoridagi vaziyatning keskinlashishi va ommaviy axborot vositalarida tarqalgan videolardan so‘ng qabul qilindi.

Isroil armiyasining rasmiy vakili, brigada generali Effi Defringa ko‘ra, armiya kuchlari allaqachon G‘azo shahrining chetdagi hududlarini nazorat qilib turibdi. Shuningdek, u bu haftada Isroilliklarga harbiy xizmatga chaqiruv bo‘yicha qariyb 60 mingta xabarnoma yuborilayotganini, shu oy oxirigacha yana 20 mingta xat chiqarilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Defrinning aytishicha, Isroil armiyasi G‘azodagi tinch aholi uchun xavfsiz evakuatsiya va gumanitar hamda tibbiy yordam olish imkoniyatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Operatsiyaga “Gideon aravalari 2” nomi berilgan. Ma’lumot uchun, avvalgi xabarlarda HAMASning garovdagilar haqidagi videosi tarqalganidan so‘ng Isroil butun G‘azo sektorini bosib olish masalasini muhokama qilib, operatsiya rejalarini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar berilgan edi. Videoda garovdagi erkaklardan biri oziq-ovqatsiz qolganini va tik tura olmay, hayot uchun kurashib yotganini aytadi.

Isroil HAMASni garovdagilarni yechishda ayblasa ham, guruh bu da’volarni rad qilar ekan, garovdagilarga askarlar va ochlikdan aziyat chekkan g‘azoliklar bilan bir xil taom berilganini ta’kidladi.

BBC'ning yozishicha, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi hukumat G‘azo sektorini to‘liq okkupatsiya qilish va garovdagilarni harbiy yo‘l bilan ozod qilish rejalarini ko‘rib chiqmoqda. Hukumat operatsiya boshlanish sanasini rasman e’lon qilmagan bo‘lsa-da, mahalliy matbuot armiyaning darhol shaharga kirishi kutilmasligini, avval tinch aholi xavfsiz evakuatsiya qilinishi kerakligini ta’kidlamoqda.

Shu bilan birga, Netanyaxu Isroilning boshqa yo‘li qolmaganini va maqsad – HAMASni butkul tor-mor qilish ekanini, shuning uchun G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni kengaytirish zarurligini ma’lum qildi. Bu qaror mintaqadagi vaziyatni yanada murakkablashtirishi, xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortuvchi yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil G‘azoni bosib olish operatsiyasini rasman boshladi