Mushuklar olamidagi noyob kashfiyotlardan biri — Karakat zoti bugun dunyo bo‘ylab qiziqish uyg‘otmoqda. Ushbu gibrid jonzot uy mushugi va yovvoyi karakaldan yaratilgan bo‘lib, uning asosiy muallifi Vipleo kompaniyasi asoschisi va seleksioneri Ganna Kuzmina hisoblanadi.
Kuzmina o‘z suhbatlaridan birida:
“Biz dunyodagi birinchi rasmiy Karakat zotini yetishtirganmiz. Bu ishimizning asosiy maqsadi genetik jihatdan barqaror, inson bilan aloqa qila oladigan, salomatligi mustahkam va xulqiy jihatdan mutanosib gibrid yaratish edi”, – deya ta’kidlaydi.
Uning sohadagi ilk qadamlari 2010-yildan, Ukrainada serval, otselot va karakallar bilan ishlashdan boshlangan. Bir yil o‘tib, Vipleo rasmiy ravishda tashkil etildi va shundan beri jahonda Karakat zotini seleksiya qilishda yetakchi brend sifatida tanila boshladi.
Karakatning o‘ziga xos xususiyatlari
Karakatlar tashqi ko‘rinishi bilan alohida ajralib turadi: karakalga xos quloqlari, yirtqichlarni eslatuvchi qiyofasi va noodatiy ranglari ularni ekzotik qiladi. Biroq bu zotning eng katta farqi — ijtimoiylik va inson bilan yaqin munosabat o‘rnata olish qobiliyatidir. Ular suvni yoqtiradi, sayrga chiqishga tez moslashadi, hatto zanjirband holda ham olib yurish mumkin.
Ganna Kuzmina ta’kidlaydiki, bu yo‘nalishdagi asosiy maqsad — Karakatlarning genetik barqarorligini ta’minlash. Yillar davomida amalga oshirilgan seleksion ishlar orqali ular nafaqat ekzotik tashqi ko‘rinishga, balki sog‘lom organizm va muvozanatli xulqqa ega bo‘lib bordi.
O‘zbekistondagi ilk namoyish
Kuzmina 2018-yil aprel oyida Toshkentda o‘tkazilgan “Kashmir-2018” xalqaro ko‘rgazmasiga VIP-mehmon sifatida taklif etilgan edi. Shu yerda O‘zbekistonda Karakatning ilk taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu ko‘rgazmada seleksioner mehmonlarga Karakatlarning xulq-atvori, parvarishi va xavfsiz saqlash uslublari haqida ma’lumot berdi.
Kuzmina aytishicha, mahalliy mutaxassislar va mehmonlar katta qiziqish bilan savollar bergan va bu uning uchun unutilmas professional tajriba bo‘lgan. Shu kuni “Dunyo bo‘ylab” telekanali uning faoliyati haqida maxsus reportaj tayyorlab, Karakatlarning inson bilan munosabati va parvarishiga oid qiziqarli lavhalarni ko‘rsatgan.
Xalqaro yutuqlar
Bugungi kunga kelib, Vipleo brendi dunyo miqyosida tanilgan. 2020-yilda kompaniya birinchi bo‘lib ko‘k rangli Karakatlarni yaratdi. 2021-yilda esa Karakat×Karakat naslchiligiga erishildi, bu seleksion yo‘nalishda katta qadam bo‘ldi. 2022-yilda esa urush sababli kompaniya Ukrainadan AQSHning Florida shtatiga ko‘chirildi va faoliyat yanada rivojlantirildi.
Ganna aytishicha, bugun dunyodagi eng noyob Karakatlar ularning qo‘lida tug‘ilib, parvarish qilinmoqda. “Har bir yutuq mening ishimga bo‘lgan muhabbatimni yanada kuchaytiradi”, – deydi u.
Kelgusi rejalar
Kuzmina faqat seleksionerlik bilan cheklanib qolmay, ilmiy-ekspert sifatida ham turli veterinariya klinikalari va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. U gibrid mushuklarning sog‘lig‘i, xulqi, oziqlanishi, xavfsizligi va qonunchilik masalalari bo‘yicha maslahatlar berib kelmoqda.
Kelajakdagi asosiy maqsad — Karakatlarni genetik jihatdan yanada barqaror va ijtimoiy moslashuvchan zot sifatida takomillashtirish. Shuningdek, u xalqaro miqyosda, jumladan, Markaziy Osiyo va xususan, O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish niyatida.
“O‘zbekistonda o‘tkazilgan ko‘rgazma men uchun muhim bosqich bo‘lgan. Shu bois kelgusida ham bu yerdagi hamkasblar bilan hamkorlikni rivojlantirish niyatim bor”, – deydi seleksioner.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!