Ona va qizining peshonasida bir xil oq soch tutami: noyob o‘xshashlik barchani hayratga soldi

Nigeriyalik teleboshlovchi Elma Godvin va uning ikkinchi qizi o‘ziga xos genetik xususiyat bilan tug‘ilgan. Ularning ikkalasining ham peshonasi o‘rtasida bir xil joyda oq soch tutami mavjud. Ushbu noodatiy o‘xshashlik ijtimoiy tarmoqlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Elmaning aytishicha, u tug‘ilganidan beri peshonasida oq soch tutami bilan yashaydi. Bu xususiyat sochning muayyan qismida pigment yetishmasligi bilan bog‘liq bo‘lib, polioz deb ataladi. Teleboshlovchi 24 yoshigacha o‘ziga o‘xshash boshqa insonni uchratmagan. Faqat ijtimoiy tarmoqlarda shunday xususiyatga ega odamlarni ko‘rgach, bu holatda yolg‘iz emasligini anglagan.
Biroq uning hayotidagi eng hayratlanarli voqea ikkinchi farzandi dunyoga kelganida yuz berdi. Elma chaqaloqning kindigi hali kesilmasidan uning sochlariga e’tibor qaratgan. Qizaloq ham xuddi onasidek, peshonasining aynan bir joyida oq soch tutami bilan tug‘ilgan.
Elmaning to‘ng‘ich qizida bunday belgi bo‘lmagani sababli, chaqaloqning o‘ziga xos ko‘rinishi tug‘ruqda ishtirok etgan tibbiyot xodimlarini ham hayratga solgan.
Ushbu voqeadan so‘ng teleboshlovchi o‘zi kabi tashqi ko‘rinish xususiyatiga ega insonlarga murojaat qilib, o‘ziga xoslikdan uyalmaslikka va uni yashirmaslikka chaqirdi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham bu hikoyaga befarq qolmadi. Ayrimlar voqea ularni chuqur ta’sirlantirganini yozgan bo‘lsa, boshqalar qizaloq ulg‘ayganida o‘zini yolg‘iz his qilmasligi, chunki uning yonida xuddi shunday xususiyatga ega onasi borligini ta’kidlashgan.































Izohlar 0
…