Ispaniyaning Los-Palasios-i-Villafranka shahrida erkak mijoz mayonez olib kelmagani uchun restoran xodimlaridan g‘azablanib, muassasa binosiga o‘t qo‘ydi. Bu haqda Pravilamag xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea o‘tgan chorshanba kuni sodir bo‘lgan. Yoshi 50 da bo‘lgan va shaxsi ochiqlanmagan erkak o‘g‘li bilan mahalliy ovqatlanish muassasasiga kirib, ikki dona sendvich buyurtma qilgan. Kuzatuv kameralarida aks etgan holatga ko‘ra, u ofitsantdan qo‘shimcha mayonez so‘ragan, ammo oshxonada sous zaxirasi tugagani uchun xodim uning istagini bajara olmagan. Shundan so‘ng mijoz boshqa ofitsiantdan ham mayonez so‘ragan, lekin javob yana salbiy bo‘lgan.
Bir muddatdan keyin erkak o‘rnidan turib, joyni tark etgan va orqasidan qo‘lida benzin to‘ldirilgan kanistr bilan qayta kelgan. U yana sous haqida so‘ragan, ammo rad javob olgach, yoqilg‘ini bar stoykasiga to‘kib, yong‘in keltirib chiqargan.
Hodisa paytida kafe odamlarga to‘la bo‘lgan, ammo mijozlar olovni ko‘rib tezda tashqariga chiqishgan. Xodimlar esa o‘t o‘chirgich vositalari yordamida yong‘inni nazoratga olgan. Natijada hech kim jarohat olmagan, moddiy zarar esa taxminan 9,5 ming dollarga baholangan.
Voqeadan keyin erkak joydan qochishga uringan, ammo politsiya uni qisqa vaqt ichida qo‘lga olgan. Ma’lum bo‘lishicha, u yong‘in paytida chap qo‘lini jiddiy shikastlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!