34 yil kutilgan mo‘jiza: Shotlandiya orolida chaqaloq tug‘ildi

34 yil kutilgan mo‘jiza: Shotlandiya orolida chaqaloq tug‘ildi

Shotlandiyaning olis Shimoliy Ronaldey orolida 34 yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor chaqaloq dunyoga keldi. Qizig‘i, bolaning Kosta-Rikada tug‘ilishi rejalashtirilgan edi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Chaqaloqning ota-onasi — Elis Treyl Ford va Xorxe Suares yilning bir qismini Shimoliy Ronaldeyda, qolgan vaqtini esa Kosta-Rikada o‘tkazadi. Oila sentyabr oyi o‘rtalarda orolga kelganida Elisning kutilmaganda to‘lg‘og‘i boshlangan.

Natijada 15 sentyabr kuni olis orolda yangi hayot dunyoga keldi.

Elis Treyl Fordning oilasi Shimoliy Ronaldey bilan uzoq tarixiy bog‘liqlikka ega. Uning ajdodlari orolni 1727 yilda sotib olgan. Elis esa bolaligidan buyon har yili mazkur hududga tashrif buyurib kelgan.

Ayolning ta’kidlashicha, orol uning hayotida alohida o‘rin tutadi va u o‘zini bu yerga juda yaqin his qiladi.

Shimoliy Ronaldey aholisi juda kam bo‘lgan hududlardan biri hisoblanadi. 2024 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, orolda 72 kishi istiqomat qilgan bo‘lsa, hozir doimiy aholi soni 51 nafarni tashkil etmoqda.

Orolning uzunligi qariyb 4,8 kilometr, eni esa 3,2 kilometr atrofida.

Bunday uzoq tanaffusning asosiy sabablaridan biri — orolda tibbiy infratuzilmaning deyarli mavjud emasligi. Bu yerda shifoxona yoki shifokorlar yo‘q, doimiy yashaydigan tibbiyot xodimi esa atigi bir nafar hamshiradan iborat.

Shu bois 34 yildan keyin orolda chaqaloq tug‘ilishi mahalliy aholi uchun ham noodatiy va esda qolarli voqeaga aylandi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar