date

Hindistonda sport mashg‘ulotidan so‘ng 11 yoshli qizaloq halok bo‘ldi

Hindistonda sport mashg‘ulotidan so‘ng 11 yoshli qizaloq halok bo‘ldi

Hindistonning Madxya-Pradesh shtatida juda qayg‘uli va keng muhokamalarga sabab bo‘lgan voqea ro‘y berdi. 10 sentyabr, chorshanba kuni Betma shahridagi maktabda 11 yoshli qizaloq jismoniy tarbiya mashg‘uloti paytida to‘satdan halok bo‘ldi, deb yozdi Times of India.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Lakshita ismli oltinchi sinf o‘quvchisi sinfdoshlari bilan birga sport mashqlarini bajarayotgan paytda to‘satdan charchab, yerga o‘tirgan. Guvohlarning so‘zlariga qaraganda, u bir necha soniyadan keyin hushidan ketgan va holi jiddiylashgan.

Darhol yordam chaqirilgan, jismoniy tarbiya o‘qituvchisi qizaloqni mahalliy shifoxonaga olib borgan. Keyinroq u boshqa tibbiyot muassasasiga ko‘chirilgan, ammo shifokorlar ko‘rsatgan barcha jonlantirish choralari natija bermagan.

Sud-med ekspertizasi qizning yuragi mashg‘ulot paytidayoq to‘xtab qolganini aniqladi. Bu esa uning fojiali o‘limiga sabab bo‘lgan.

Qo‘shnilardan biri matbuotga bergan izhoroti orqali qizaloqning salomatligiga oid ba’zi jihatlarni ochiqladi:
“Oilada yurak kasalliklari bilan bog‘liq holatlar bo‘lmagan. Biroq Lakshitaning vazni yoshiga nisbatan g‘ayritabiiy og‘ir edi — 74 kilogramm. Bu omil uning yuragiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, muammolar keltirib chiqargan bo‘lishi mumkin”, — dedi u.

Ushbu holat nafaqat mahalliy jamoatchilikda, balki butun mamlakatda ortiqcha vazn muammosi haqida jiddiy savollarni ko‘tardi. Axir, semizlik masalasi hozirda butun dunyoda global muammoga aylangan.

YUNISЕFning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, tarixda ilk bor ortiqcha vaznga ega bolalar soni ozg‘in bolalar sonidan oshib ketdi. Hujjatda qayd etilishicha, dunyo bo‘ylab 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan har 10 boladan biri — taxminan 188 million bola va o‘smir semizlikdan aziyat chekadi.

Hindistonda sodir bo‘lgan ushbu fojia esa muammoning qay darajada jiddiy ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Bolalarda salomatlikka e’tibor berish, sport mashg‘ulotlarini to‘g‘ri tashkil etish va ortiqcha vaznning oldini olish nafaqat ota-onalar, balki butun jamiyat uchun dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hindistonda sport mashg‘ulotidan so‘ng 11 yoshli qizaloq halok bo‘ldi