date

Qirg‘izistonda uch egizak tuqqan ayolga yangi uy topshirildi

Qirg‘izistonda uch egizak tuqqan ayolga yangi uy topshirildi

Qirg‘izistonda ko‘pchilikni quvontirgan voqea qayd etildi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev O‘sh viloyatining Oloy tumanida yashovchi 26 yoshli Nurjamol Botirbek qiziga uch nafar farzand dunyoga keltirgani uchun uch xonali uy sovg‘a qildi, deb yozdi 24.kg.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yosh onaga tegishli shaxsiy uy bo‘lmagan va u shart-sharoitdan qiyin ahvolda yashab kelayotgan. Shuni inobatga olgan Qamchibek Tashiyev Nurjamolga O‘sh shahri markazidan uy ajratishga qaror qilgan. U kalitlarni shaxsan topshirib, oilaning moddiy va ma’naviy quvonchini baham ko‘rdi.

“Parlament deputati Janar Akayev menga bu oilani qo‘llab-quvvatlash haqida murojaat yo‘lladi. Ular doimiy yashash uchun uysiz ekan. Akayevning so‘zini yerda qoldirmasdan, men bu onamizga bolalari uchun uy berishga qaror qildim”, — dedi Tashiyev marosimda.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari ayollarga ko‘proq farzand dunyoga keltirishni tavsiya qilib, mamlakat aholisini oshirish muhim vazifa ekanini ta’kidladi.

Ushbu sovg‘a nafaqat yosh oilaning hayotida katta o‘zgarish yaratib, balki jamiyatda ham ijobiy kayfiyat uyg‘otdi. Jamoatchilik mazkur hodisani oilalarni qo‘llab-quvvatlash va demografik taraqqiyotga xizmat qiladigan muhim tashabbus sifatida baholamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘izistonda uch egizak tuqqan ayolga yangi uy topshirildi